
Endi Messi va Ronaldu yo‘q. Gol urish Levandovskiga qoldi
“Barselona” hujumchisi Robert Levandovski Evropa Chempionlar ligasining guruh bosqich birinchi turida “Antverpen” jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi.
Bu polshalik to‘purar uchun Evrokuboklardagi 100-gol bo‘ldi. Levandovski gollaridan 92 tasini Chempionlar ligasida va 8 tasini Evropa Ligasi doirasidagi o‘yinlarda kiritgan.
Bu natijaga erishish uchun Levandovskiga 139 ta uchrashuv kifoya qildi.
Robert Evropa maydonlarida “Lex” tarkibida 16 ta o‘yinda oltita gol urgan. “Borussiya Dortmund”da 36 ta bahsda 18 ta, “Bavariya”da 79 ta bellashuvda 69 ta va “Barselona”da sakkizta uchrashuvda ettita to‘p kiritgan.
Levandovski Evrokuboklardagi gollari sonini 100 ta etkazgan uchinchi futbolchi bo‘ldi. Bungacha bu ishni Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu uddalagan. Evropa futbolini tark etgan bu yulduzlardan Messi 129 ta, Ronaldu 145 ta gol muallifi bo‘lgan.
Fikrlar