
Eldor Shomurodovga Frantsiya klubidan ham taklif bor
Bugun Italiya A seriyasida yangi mavsum start oladi. Biroq O‘zbekiston terma jamoasi va “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodovning kelajagi hamon noma’lumligicha qolmoqda.
Rimliklar futbolchi bilan xayrlashishga tayyor va uni ijaraga berish yoki to‘liq transfer qilish bo‘yicha bir qancha klublar bilan muzokara olib bormoqda. Qolaversa, “Roma” Andrea Belotti bilan shartnoma bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan, ammo “bo‘rilar” Eldorni sotmasdan turib, italiyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib ololmaydi. Shu sabab rahbariyat Shomurodov transferini ertaroq yopmoqchi.
Avvalroq, legionerimizga “Bolonya” qiziqish bildirgani va uni ijaraga olishga tayyor ekanligi borasida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, Turkiya nashrlarida “Galatasaray” hujumchi uchun “Roma”ga taklif jo‘natgani haqida xabarlar tarqaldi. Poytaxt jamoasi o‘zbekistonlik futbolchining ijarasi uchun 1 million evro to‘lashga tayyor ekanligi aytildi.
Insayder Nikolo Skiraning xabar berishicha, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisiga Frantsiya chempionatidan ham taklif bor. Shomurodovga “Nitstsa” qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda klub futbolchi borasida Rim klubi bilan muzokara olib bormoqda. Biroq kelishuv qanday amalga oshirilishi noma’lum: ijara yoki to‘liq transfer.
Ma’lumot o‘rnida, Eldor o‘tgan mavsum Italiya A seriyasi doirasidagi 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 4 ta assist muallifiga aylangan.
Fikrlar