Davron Fayziev: "Agar rahbariyat..."

  • 8 oktabr, 2022, 20:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” jamoasi hamon g‘alabasiz seriyasini davom ettiryapti. Bu safar “Lokomotiv”ni qabul qilgan qo‘qonliklar 0:0 hisobida durang natijani qayd etdi. Uchrashuvdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Davron Fayziev matbuot anjumanilda qatnashdi.

Tecno

- Bunday asabiy o‘yindan keyin bir nima deyish ham qiyin. Gol urmasang futbolda yutmaysan, bu aniq. Jamoamiz uchun oxirgi turlar juda og‘ir o‘tyapti. Maydonda hatto darvozabonni ham aldab o‘tib to‘p kirmaslik, bilmadim...Izoh berolmayman. Yigitlar o‘ynashdi, harakat qilishdi. Hozir biz “Lokomotiv” va “Surxon” pastki o‘rinlarda yonma-yon turibmiz. 3 ochko juda zarur edi. Ammo yana murosa ko‘chasini tanladik. O‘yinni takroran ko‘rib chiqib, keyin biror nima deyishim mumkin. Hozir esa nimadir deb ayta olmayman. O‘yin davomida ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovurish har qanday jamoani og‘ir ahvolga tushirib qo‘yadi. Ikkinchi davra boshlanganidan beri va bugungi o‘yinni ham qo‘shib hisoblasak kamida 15-20 ta golli vaziyatlarni yaratyapmiz. Bundan boshqa biror narsa deyishga ojizman.

- Ketma-ket g‘alabasiz seriyalarni bir so‘z bilan qanday ifodalagan bo‘lardingiz?

- Qanday ifodalashim mumkin? Hozir bu savolingizga javob bersam bahona bo‘lishi mumkin. Agar javob bermasdan ochiq qoldiraman desam bu ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Shu narsa murabbiy sifatida peshonamga yozilgan ekan. Futbolchilarni aybdor qilishga haqqim yo‘q. Chunki ular harakat qilishyapti. E’tibor bersangiz, ikkinchi davrada jamoa bilan 6 ta durang va 2 ta mag‘lubiyatga uchradik. Bizga har qanday vaziyatda ham oxirgi 5 ta o‘yinda kamida 3 ta g‘alaba kerak. Ishlashda davom etamiz. Agar rahbariyat qandaydir qaror qabul qiladigan bo‘lsa, buni ham to‘g‘ri qabul qilishga tayyorman. Chunki har bir murabbiyni peshonasida bor. Jamoa o‘ynamaganida yoki vaziyatlarni yarata olmaganida unda murabbiy aybdorlikni 100 foiz bo‘yniga olishi mumkin. Baribir rahbarlar har bir murabbiyning ishini tahlil qilishadi. Ular qanday qaror qabul qilishsa ham bunga hech qanaqa e’tiroz bildirmayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!