Chiroyli o‘yin va chiroyli g‘alaba

  • 10 iyun, 2019, 22:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

9 iyun. Andijon. «Sog‘lom avlod» stadioni.

Tecno

O‘zbekiston OTJ - Misr OTJ - 2:0 (1:0) 

Gollar: Bobir Abdixoliqov, 32 - 1:0. Aziz G‘aniev, 90+2 - 2:0.

Hakamlar: T.To‘xtasinov, A.Marajabov, Z.Abdurahmonov.

O‘zbekiston: Umid Ergashev, Islom Qobilov, Abdulla Abdullaev, Dilshod Saitov, Nurillo To‘xtasinov (Oybek Bozorov, 85), Bobir Abduholiqov (Sharof Muhitdinov, 74), Mirjahon Mirahmadov (Shohruh Abdurahmonov, 90+1), Oybek Rustamov (Aziz G‘aniev, 62), Ilhom Alijonov, Husniddin G‘ofurov, Sanjar Qodirqulov (Asad Sobirjonov, 90+3)

Misr: Salah Omar, Jalal Osama (Reda Sherif, 46), Abdul Salom Muhammad, Sobir Mahmud, Mohir Nosir (Hamdi Ahmad, 68), Muhammad Mustafo (Mansi Nosir, 77), Tavfiq Akrom, Ramazon Ahmad, Sobir Muhammad (Ayman Ahmad, 82), Hamdi Ammar (Xolid Omar, 90+1), Ashur Imom (Yosir Ahmad, 46).

Ogohlantirishlar: Ilhom Alijonov 70, Mirjahon Mirahmadov 88. Abdul Salom Muhammad, 88. Hamdi Ahmad, 90+2. Shohruh Abdurahmonov, 90+3.

Oldindan kutilganidek, 9 iyun kuni Andijonda yana katta futbol bayrami uyushtirildi. Chunki muxlislar O‘zbekiston va Misr olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvini katta qiziqish bilan kutayotgandilar. O‘tgan yilning mart oyida ham olimpiya terma jamoamiz Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionida Keniya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazgandi va o‘shanda ham mahalliy muxlislar uchun chinakam bayramga aylanib ketgandi. Shu sababli navbatdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuviga bo‘lgan qiziqish ham muxlislar orasida katta bo‘ldi. Kutilganidek, «Sog‘lom avlod» stadionida muxlislar tomonidan ajoyib muhit yaratildi. O‘yin ham shunga yarasha qiziqarli kurashlar ostida kechdi.

Misrlik futbolchilar jismonan baquvvat ekanligi bilan ajralib turishgan bo‘lsa, bizning yigitlar taktik tomondan yaxshi taassurot qoldirishdi. Uchrashuvda dastlabki kiritilgan gol ham aynan taktik tomondan juda yaxshi ishlandi deyish mumkin. Boisi raqiblar darvozamiz oldida xavfli hujum uyushtirishdi va buni himoyachilarimiz bartaraf etilgani zahoti vakillarimiz tezkor qarshi hujumga o‘tib ketishdi. Natijada qanotdang uzatilgan to‘p Bobur Abduholiqovga kelib tushgan holda «Nasaf» hujumchisi jarima maydoni ichida osonlik bilan gol urib hisobni ochdi. Misr terma jamoasi ikkinchi bo‘limda yanada faol harakat qildi. Tan olish kerakki, darvozamiz oldida xavli vaziyatlarni ko‘proq sodir etdi. Ammo darvozabonimiz Umid Ergashev mahoratini ko‘rsatib, bir necha bor muqarrar gollardan saqlab qoldi. Mehmonlar hisobni tenglashtirish uchun butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tib ketishdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa vakillarimiz yana tezkor qarshi hujumga o‘tishdi. Lekin jarima maydoni ichida qo‘pollik ishlatilgach, zaxiradan maydonga tushgan Aziz G‘aniev standartdan ajoyib gol urib o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu o‘yinga chiroyli o‘yin va chiroyli g‘alaba deya ta’rif berish mumkin.

Uchrashuvdan keyin tashkilotchilar har ikkala jamoa murabbiylariga esdalik sovg‘alarini topshirishdi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi esa o‘z g‘alabasini muxlislar bilan birga nishonladi. Endi ushbu jamoalarning ikkinchi o‘yini 11 iyun kuni Namanganda bo‘lib o‘tadi.

Shavqiy G‘arib: «Raqib darvozaboni ajoyib o‘yin ko‘rsatdi»

Uchrashuvdan keyin matbuot anjumani o‘tkazildi va unda dastlab memhonlar ishtirok etishdi. Misr olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Shavqiy G‘aribga Misr futbol federatsiyasining boshqaruv kengashi raisi Karam Kurdiy Abdul Fattoh hamrohlik qildi.

- Dastlab uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Biz bugungi uchrashuvdan juda xursandmiz. Ushbu o‘yinni o‘tkazish uchun tayyorgarlik ham boshqacha ko‘rilgan. Stadionga to‘plangan minglab muxlislarning ajoyib muhitni yaratishganidan qoyil qoldim. Ayniqsa, ular nafaqat O‘zbekiston, balki Misr terma jamoasiga ham hurmat ko‘rsatishdi. Ularning bunday yuksak madaniyatini qadrlaymiz. O‘yindan keyin esa bizga tashkilotchilar ajoyib sovg‘alarni berishgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ikkala taymlarda ham jamoalar yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, biz 2:0 hisobida yutqazdik. Ammo muxlislar chiroyli o‘yinga guvoh bo‘lishdi. Biz bundan keyin ham O‘zbekistonga qarshi o‘ynashga tayyormiz.

- O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi sizda qanday taassurot qoldirdi? O‘yingacha qanday fikrda edingiz va endi fikringiz o‘zgardimi?

- Bungacha ham O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi haqida iliq fikrda edim va hozir ham. Ayniqsa, bugungi uchrashuvda raqib jamoaning darvozaboni ajoyib o‘yin namoyish etdi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston terma jamoasiga qoyil qoldim. Biz yaxshi bilamizki, bu jamoa Osiyo chempioni bo‘lgan. Shunday ekan, bunday jamoa haqida faqat iliq fikrlarni aytishim mumkin.

Karam Kurdiy Abdul Fattoh: «Kuper O‘zbekistonni mundialga olib chiqishga qodir»

- Misr futboli deganda baribir «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh ko‘z oldimizga keladi. Olimpiya terma jamoasida Saloh kabi bo‘lajak yulduz futbolchilarni ko‘rishimiz mumkinmi?

- Muhammad Saloh misrlik va bizning futbolchimiz bo‘lganidan juda faxrlanamiz. U o‘z mehnatlariga yarasha bugungi kunda Evropaning kuchli klublaridan birida to‘p suryapti. Albatta, futbolimizni rivojlantirishda davom etyapmiz va bundan keyin ham Muhammad Saloh kabi o‘yinchilarni etishtirishga harakat qilamiz. Bu borada bizda iqtidorli futbolchilar ko‘p.

- Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlayotgan Ektor Kuper Misr futboli tarixidan joy olgan. U misrliklarni uzoq yillik tanaffusdan keyin jahon chempionatiga olib chiqa olgan. Ayting-chi, Kuper haqida fikringiz qanday? Uning boshchiligida O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga ishonasizmi?

- Janob Kuper dunyodagi top-murabbiylar qatorida turadi. Bizni bu murabbiyni juda hurmat qilamiz. Ektor Kuper Misrda ishlab futbol darajasini ancha kuchaytirdi. Albatta, u O‘zbekistonda ham futbol darajasini ko‘tarishga qodir. Men bunga ishonaman. Qolaversa, Kuper Misrda ishlaganila Salohning yuksalishiga ham katta turtki bergan. Uning yaxshi mutaxassis ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. O‘zbekiston terma jamoasini 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqishga qurbi etadi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, murabbiyning o‘ylagan rejalarini amalga oshishi uchun vaqt kerak. Ayniqsa, yaxshi o‘yinchilarni tanlab, ular bilan kerak bo‘lsa 24 soat shug‘ullanishi lozim. Faqat katta maqsadlarga erishish asta-sekinlik bilan bo‘ladi. Buning uchun esa sabr qilish kerak. Ektor Kuper Misrda ham darhol natija ko‘rsatmagan. Bizda ham o‘ylagan rejalarini asta-sekinlik bilan amalga oshira olgan.

- O‘zbekiston hamda Misr olimpiya terma jamoalari ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvining o‘tkazilishini ijobiy baholaymiz. Ayting-chi, yaqin kelajakda O‘zbekiston bilan Misr milliy terma jamoalari o‘rtasida ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi borasidagi imkoniyatlarni qanday baholaysiz?

- Bu o‘yin bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston bilan Misr bu masalada o‘zaro kelishib o‘yin tashkil qilsa bo‘ladi.

Lyubinko Drulovich: «Futbolchilarimning taktik tomondan ko‘rsatgan o‘yini menga yoqdi»

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ustozi Lyubinko Drulovich ishtirok etdi.

- Bugun biz taktik tomondan juda yaxshi o‘ynadik, - deya gap boshladi, Drulovich. - Bunga qadar Misr terma jamoasining o‘yinini sinchiklab o‘rganib chiqqandik. O‘ylaymanki, shu ham uchrashuvni foydamizga hal qilishda qo‘l keldi. Futbolchilarimiz himoyadan hujumga juda yaxshi o‘tishdi. Biz buni mashg‘ulotda iloji boricha yaxshiroq o‘zlashtirishga harakat qilganmiz. Bugungi o‘yinni foydamizga hal qilishda andijonlik ishqibozlarning daldasi katta yordam berganligini alohida ta’kidlashim kerak. Barcha ishqibozlarga va jurnalistlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bugungi yutuq barchamizniki.

- Bugungi uchrashuvda sizga nima yoqdi va nima yoqmadi?

- Tarkibimizda jarohatlangan futbolchilar borligini his etgan holda uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rdik. Shu sababli futbolchilarni bellashuvga tayyorlashda biroz qiyin vaziyat yuzaga keldi. Ayniqsa, anchadan beri o‘yin amaliyotisiz qolgan Aziz G‘anievni aytishim mumkin. Yana shuni aytishim kerakki, jamoani qayta oyoqqa turg‘azish oson bo‘lmaydi. Chunki oradan hech qancha vaqt o‘tmay ushbu raqibga qarshi navbatdagi o‘yinni o‘tkazamiz. Asosiysi, bugun futbolchilarimiz yaxshi o‘ynashdi. Xususan, darvozabonimiz Umid Ergashevni alohida ko‘rsatishim o‘tishim kerak. Futbolchilarimizning taktik tomondan yaxshi o‘yin ko‘rsatishgani menga yoqdi. Zaxiradan maydonga tushganlar ham o‘yinga yaxshi qo‘shila oldilar.

- Bugungi o‘yindan kelib chiqqan holda Namangandagi uchrashuvda qanday o‘zgarishlarga qo‘l urmoqchisiz?

- Shak-shubhasiz navbatdagi uchrashuv uchun tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi. Chunki qisqa fursat oralig‘ida futbolchilardagi charchoqni bartaraf etishning iloji yo‘q. Tarkibimizda o‘zgarish bo‘lishi aniq. Kim yaxshiroq holatda bo‘lsa, navbatdagi o‘yinda maydonga tushadi.

Aziz G‘aniev: «O‘yindan oldin murabbiyimiz gol urishimni aytgandi»

Shuningdek, uchrashuvda ikkinchi gol muallifiga aylangan Aziz G‘aniev ham o‘yin haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Azizbek, g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yindan qanday taassurotlar oldingiz?

- Biz bu uchrashuvga jamoamiz bilan juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘yindan oldin Misr terma jamoasining o‘yinlarini ko‘rib, tahlil qilgan holda raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqqandik. Natijada murabbiyimizning ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qildik. Bugun jamoaviy o‘yin evaziga g‘alaba qozondik deb o‘ylayman.

- Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdingiz va o‘yin oxirlarida jarima zarbasidan gol urdingiz. O‘sha vaziyatda gol urishingizni sezganmidingiz?

- Albatta, gol bo‘lishiga ishonchim komil edi. O‘yindan bir kun oldingi mashg‘ulotlarimizda ham shunga o‘xshash standart vaziyatlardan gollar urgandim. O‘shanda murabbiyimiz ham menga, «sen ertaga gol urasan», deb aytgandi. Qisqasi, menda gol urish uchun ishonch bor edi.

- Misr sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Raqibimiz ajoyib jamoa ekan. Albatta, bugun ularg qarshi qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Ikkinchi uchrashuvda ham ularga qarshi yanada yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Stadiondagi muhit haqida nima deysiz?

- Hammasi ajoyib ko‘rinishda bo‘ldi. Muxlislarga bizni boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bizni yaxshi kutib olib, yaxshi sharoitlarni yaratib bergani uchun tashkilotchilarga ham rahmat aytaman.

- Siz og‘ir jarohat tufayli ancha vaqt futbol o‘ynay olmadingiz. O‘sha paytlarda tushkunlikka berilmadingizmi?

- Albatta, jarohat tufayli maydondan tashqarida bo‘lib qoldim. Lekin jarohat ham futbolning bir qismi. Lekin mana shunday paytda menga yordam berib, qo‘llab-quvvatlagan barcha katta rahmat aytmoqchiman. Xudoga shukrki, jarohatdan hech qanday asorat qolmadi. Bundan buyog‘iga faqat oldinga harakat qilamiz.

- Jarohat tufayli ko‘p narsa yo‘qotdim deb o‘ylamaysizmi? Boisi, o‘sha paytlarda sizda legioner maqomiga aylanish uchun oldingizda yaxshi imkoniyatlar bor edi…

- Hali yoshman va hammasi men uchun oldinda. Hech nima yo‘qotmadim deb o‘ylayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
10/06/2019 22:10
Ганиев миллий термада хам йуколиб кетмаса керак. Купер шу футболчига эътибор ва имкон бериши керак.