
"C" guruhidagi rekord va paradokslar!
"Evro-2024" "C" guruh uchrashuvlari yakuniga etdi. Ha, bu guruhdagi bellashuvlar yakunlangach, hisob-kitoblar qilishni boshlab yubordik. Guruhda birinchi o‘rinni Angliya 5 ochko bilan qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin masalasi esa ancha boshni qotirdi.
3 ochkodan to‘plagan Daniya va Sloveniyaning qo‘shimcha ko‘rsatkichlari ham bir xil (2 tadan urilgan gollar, 2 tadan o‘tkazib yuborilgan gollar, o‘zaro o‘yinda ham durang 1-1)
Mazkur holatda Sloveniya uchinchi o‘rinda qoldi. Sababi, sariq kartochkalar faktori inobatga olinyapti.
Qiziq tomoni shundaki, bu ikki termaning sariq kartochkalari ham bir xil - 6 tani tashkil etardi. Statistik ma’lumotlarni taqdim etuvchi platformalardan buni ko‘rish mumkin. Biroq jamoa texni direktori Milivoe Novakovichning olgan sariq kartochkasi bellashuvlarning onlayn protokollarida ko‘rsatilmagan.
Yana bir ma’lumot. Sloveniya ham guruhdan chiqib bo‘ldi. Ular 3-o‘rinni egallagan jamoalar poygasida Xorvatiya hamda Vengriyadan oldinda. Sababi, xorvatlarda 2 ochko bor, Vengriya esa Sloveniya bilan bir xil uch ochkoga ega. Biroq ularda to‘plar nisbati - 2-5, ya’ni -3.
Bundan tashqari, "C" guruhidagi jami 6 ta o‘yinda umumiy 7 ta gol urildi. Shuningdek, 6 uchrashuvning 5 tasida durang natija qayd etildi. Bu turnirning rekordi hisoblanadi.
Angliya Evropa chempionatlari tarixidagi ettinchi nursiz durangiga imzo chekdi. Faqatgina Italiyada ulardan ko‘proq nolli duranglar mavjud (8ta). Bundan tashqari, inglizlar Sloveniyaga qarshi bellashuvda 74 foiz to‘p nazoratini o‘rnatdi. Katta turnirlarda inglizlar ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha hech qachon bu qadar katta ustunlikka ega bo‘lmagan. Shunga qaramay, jamoa g‘alaba qozona olmadi.
Qayd etish lozim, Daniya hamda Sloveniya guruhdagi barcha o‘yinlarda durang natija qayd etdi. Bunday holat faqatgina 2016 yilda Portugaliya bilan sodir bo‘lgandi.
Fikrlar