
"Bunyodkor"da hech qanday qarzdorlik qolmagan, 1-davradan keyin tarkib kuchaytirilishi kutilyapti yoxud Shuhrat Maqsudov nimani ko‘zlayotgani haqida
Toshkentning “Bunyodkor” klubi mavsumga qay tariqa tayyorlanganini ko‘pchilik bilsa kerak-a? Farg‘onada “Hokim Kubogi”ni qo‘lga kiritishdi. Tarkibni bir qator etakchilari tark etdi. O‘rniga boshqa futbolchilar jalb etildi.
Mavsum startiga yaqin Shuhrat Maqsudov bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Hozircha natijalar chakki emas. 5 ta turdan keyin “Bunyodkor” 2 ta g‘alaba, 2 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, 8 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi. Rahbariyat tomonidan Maqsudovga katta ishonch bildirilgan. O‘z o‘rnida bosh murabbiy sports.uz sayti uchun bir qator fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mavsum boshlanishi xususida
- Avvalambor, kirib kelgan Ramazon oyi bilan O‘zbekiston xalqini o‘zim va “Bunyodkor” jamoasi nomidan tabriklayman. Chempionat kutilganidek qizg‘in o‘tyapti. Har bir o‘yin keskin kurashlarga boy tarzda kechyapti. Hech kim uchrashuv natijasini oldindan aytib bera olmayapti. Bu albatta odamni xursand qiladi. Har bir turdagi bahslar mashaqqatli va qiziqarli o‘tsa chempionatimiz o‘sadi. Bu esa milliy terma jamoamizga yaxshi ma’noda ta’sirini o‘tkazadi. “Bunyodkor” klubiga to‘xtalsam, yil boshida jamoamizni olti nafar asosiy tarkib futbolchilari tark etishgan. Hech kimga sir emaski, ikki-uch yil davomida klubda moliyaviy tomondan qiyinchiliklar yuz berdi. Lekin “Bunyodkor” klubi baxtiga “O‘zbekneftegaz” rahbari Mexriddin Razzoqovich Abdullaev jamoa prezidenti etib saylandi. Natijada u kishining sa’yi-harakatlari bilan mavjud qarzdorliklar to‘liq bartaraf etildi. Xudoga shukrki, hozirgi kunga kelib hech qanday qarzdorliklar qolmagan. Klub prezidenti har bir uchrashuvda jamoa bilan birga va doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgani ham futbolchilarga qo‘shimcha kuch beryapti. Buni klubning barcha a’zolari yaxshi his qilib turishibdi.
Moliyaviy tomondan biroz qiyinchiliklar bo‘lgani sababli o‘zimiz istagandek o‘yinchilarni ololmadik. To‘g‘ri, tarkibga yangilarni qo‘shib olganmiz. Xudoga shukrki, mavsum boshlanishiga yaqin boya aytganimdek, klub prezidenti katta e’tibor qaratib kelmoqda. Bu esa futbolchilarning ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir qilyapti. Fursatdan foydalanib, klubimiz nomidan homiyimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Hozircha mavsum boshida taklif qilingan yangi futbolchilar hamda o‘zimizning akademiyamizdan etishib chiqqan yigitlar bilan chempionatda ishtirok etyapmiz. Balki birinchi davradan keyin hammasi ko‘ngildagidek bo‘lib tursa, 3-4 ta pozitsiyaga yangi o‘yinchilarni taklif qilish niyatimiz yo‘q emas. Buni albatta vaqt ko‘rsatadi.
“Bunyodkor” qaysi o‘ringa da’vogar?
- Har bir turda qanday natija bo‘lishini bilib bo‘lmayapti. Ko‘rinib turibdi, hamma jamoa o‘ziga yarasha kuchga ega. Hech kimga sir emas, barcha klublar har bir uchrashuvda muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonish ishtiyoqida bo‘ladi. “Bunyodkor” ham bundan mustasno emas. Chiroyli o‘yin va albatta har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish niyatidamiz. Qanaqa o‘rinda tugatishimizni yilning oxirida ko‘ramiz.
Chempionatimizda ajablanarli holatlar xususida
- Chempionatimizda ajablanarli narsa ko‘rmayapman. Dastlabki 5-6 ta turda kutilmagan natijalar bo‘lib turadi. Ko‘pchilik bir xil holatda. Omad ko‘proq kimga kulib boqsa, o‘sha jamoa yutib ketadi. Yil yarmi yoki yakuniga borib, kimda moliyaviy tomondan yaxshi va zaxira o‘rindig‘i borasida keng bo‘lsa, o‘ylaymanki, aynan o‘sha jamoalar yuqori o‘rinlarga kurashadi.
VAR haqida
- VAR haqida gapirgim kelmayapti. Uni yaxshi emas desam, boshqalarga yoqmasligi mumkin. Yoki bu yaxshi desam, undan jabr ko‘rgan klublarga boshqacha tuyulishi mumkin. “Andijon” bilan uchrashuvda ularning darvozasiga penalti belgilangandi. Keyin VAR ko‘rib chiqqanidan keyin bu qaror bekor qilindi. O‘shanda adolat yuzaga chiqqani yaxshi bo‘lgani haqida aytgandim. “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda jarima maydoni ichida qo‘pollik bo‘lganida hakam 11 metrlik jarima zarbasini belgilamadi. VARdagilar bu haqida xabar berishganidan keyin Tantashev o‘zi ko‘rib chiqqach, penalti belgiladi. Adolat yuzasidan VAR kerak deb o‘ylayman. Faqat o‘yin davomida VAR tufayli qancha vaqt yo‘qotilgan bo‘lsa, uchrashuv oxirida uning o‘rnini qoplash uchun etarli vaqt qo‘shib berilsa yanada yaxshiroq bo‘lardi.
Murabbiyning shaxsiy vazifasi
- Har bir murabbiy o‘zi va jamoasi oldiga faqat jiddiy vazifalarni qo‘yadi. Men ham “Bunyodkor”ni yaxshi niyatlar bilan qabul qilib olganman. Chempionat boshlanishiga besh kun qolganida klub bosh murabbiyi sifatida ishga kirishdim. Undan oldin “Bunyodkor” klubida vaqtincha direktor vazifasida ishlab kelayotgandim. Bir yarim oy davomida shu lavozimda faoliyat ko‘rsatdim. Keyin yana murabbiylik ishimga qaytdim. Ulug‘bek Mirzaev o‘z joyiga qaytganidan so‘ng, men ham yana murabbiylikka qaytdim. Men yangi jamoaga bosh murabbiy bo‘lganim yo‘q. Bu klubda to‘rt yildan beri ishlab kelyapman. Yordamchi murabbiylar ham begona emas. Ular bilan ancha yillardan beri birga ishlab kelyapmiz. Hech nimani o‘zgartirmadik, oldin qanday bo‘lsa, hozir ham shunday holatda ish olib boryapmiz. Ko‘z tegmasin, bizda futbolchilar bilan murabbiylar o‘rtasidagi muhit a’lo darajada. Mehnat qilishda davom etamiz va qaysidir ma’noda omad ham muhim ahamiyatga ega.
“Lokomotiv” bilan o‘yin oldidan
- Har o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rsak, “Lokomotiv” bilan bahsga ham shunday hozirlik ko‘ryapmiz. “Bunyodkor”ga qarshi har bir raqib jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu yangilik emas. Biz ham har bir jamoani hurmat qilgan holda odatdagi mashg‘ulotlarimizni o‘tkazyapmiz. Maydonda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Bu jamoaga unday, bunisiga bunday tayyorlanamiz, degan gap yo‘q.
Darvozabonlar to‘g‘risida
- Bizda darvozabonlar murabbiyi sifatida ancha yillardan beri Abdusattor Rahimov ishlab kelyapti. Katta tajribaga ega. Har o‘yindan oldin bu murabbiy bilan maslahatlashamiz. Ortda qolgan beshta o‘yinda Ravshan Yagudin o‘ylaymanki, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymadi. Bosh murabbiy sifatida darvozabonlarimizdan qoniqish hosil qilyapman. Ishlamagan odamgina xato qilmaydi. Mehnat qilgan odam xato qilishga haqli. Bu – futbol, shuning uchun xato qilishsa, bundan katta fojea yasamaymiz.
Fikrlar