Bu yog‘i "anjancha"siga...

  • 25 aprel, 2023, 08:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 7-turidagi eng yirik hisob Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida qayd etildi. Nominal mezbon sifatida mazkur arenadan vaqtincha foydalanib kelayotgan “Andijon” bu turda Bekobodning “Metallurg”ini qabul qildi.

Tecno

O‘tgan turda Bekobodda OKMK ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan “metallurg”chilarning bu safar ham hech bo‘lmasa bir ochko bilan qaytishini kutganlar bo‘ldi. Chunki o‘shanda bekobodliklar yaxshi taassurot qoldirgandi va ayniqsa, yangi kelgan chernogoriyalik bosh murabbiy Vesko Steshevichning jamoa o‘yinida imzosi ko‘rina boshlagani haqida eshitdik. Lekin uchrashuv oldidan bildirilgan barcha-barcha taxminlarni “Burgutlar” yo‘qqa chiqardi.

and met1

O‘yinga “olov” bo‘lib, ko‘zi yonib tushgan “Andijon” futbolchilari ilk daqiqalardanoq raqibini “eb” qo‘yishni boshladi. Ayniqsa, albaniyalik hujumchi Rubin Xebayga bu o‘yin ataldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hali O‘zbekiston chempionatida gollari hisobini ochmagan legioner “Metallurg”ga qarshi uchrashuvda nafaqat debyut golini urdi, balki xet-trigini nishonladi. Tabloda 15-daqiqadan so‘ng 3:0 hisobi porlab turardi. Xebay dastlabki 10 daqiqadayoq o‘z dublini rasmiylashtirib bo‘lgandi. Keyingi gol yana bir legioner – Levan Arveladzening hisobiga yozildi. Qizig‘i, ushbu ikki legioner chempionatning 2-turida “Surxon”ga qarshi bellashuvda qizil kartochka bilan maydondan chetlatilgandi. Bu safar esa ular qahramonlarga aylandilar. Arveladze ushbu uchrashuvda maydonda katta hajmdagi ishni bajarganini alohida e’tirof etish kerak. “Metallurg” futbolchilari maydonda deyarli zararsizlantirilgandi. Bu holat tanaffusdan keyin ham yuz berdi. Golga to‘ymagan “Burgutlar” yana Akmal Ortiqov darvozasi oldida xavfli hujumlarni sodir etishda davom etaverdilar. Muhammadkarim Toirov va Rubin Xebayning zarbalari to‘singa tegib qaytdi. Baribir tinib-tinchimagan Xebay uchrashuv oxirlaridagi shturmdan keyin o‘zining uchinchi golini urdi va oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas zaxiradan maydonga tushgan Suhrob Berdiev ham nomini qaydnomaga yozdirib qo‘ydi. Gollardan “nokaut” holatiga tushib qolgan bekobodliklar raqibning pressing qilishiga, hujumlariga dosh berolmadi va natijada himoyachining darvozabonga to‘pni uzatish chog‘ida Berdiev chaqqonlik bilan egallab bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi.

and met2

Uchrashuvga bosh hakam 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Ana shu vaqtda ham mezbonlar yana hujum uyushtirishdi. Ammo to‘p uchun kurashda “Metallurg” darvozaboni Akmal Ortiqov bilan jamoadoshi Vladislav Kasminin jiddiy to‘qnashib ketdilar. Oqibatda Kasminan jamoadoshidan jiddiy zarba qabul qilib, erga quladi. Darhol maydonga shifokorlar chiqdi, “Andijon” shifokorlari ham bu vaziyatga jim qarab turmasdan yordamga oshiqdilar. O‘sha qo‘shib berilgan vaqt Kasmininni o‘ziga keltirish bilan o‘tib ketdi. Natijada  uni tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib ketdilar. O‘yindan keyin legioner o‘yinchi haqida so‘raganimizda ahvoli yaxshiligini aytishdi.

Shunday qilib, “Andijon” juda ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Albatta, bunda darvozabon Igor Litovkaning ham hissasi bo‘lganini unutmaslik kerak. Ayniqsa, 1:0 paytida u raqib futbolchisining yakkama-yakka vaziyatda yo‘llagan zarbasini qaytardi. Aks holda 5:0 hisobi kuzatilmagan bo‘lardi. Darvoqe, bu yil Superligadagi eng yirik hisob hozircha "Andijon"ga tegishli. Bu yog‘iga "anjancha"siga...

and met3

“Andijon” – “Metallurg” – 5:0 (3:0).

24 aprel. Farg‘ona. “Istiqlol” stadioni. 1051 tomoshabin.

Hakamlar: Husan Muzaffarov, Alisher Usmonov, Sanjar Shoyusupov.

VAR hakami: Ibrohim Ismoilov

AVAR: Rishat Nugmonov

Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev

Komissar: Alisher Fayziev

“Andijon”: Igor Litovka, Dilshod Komilov, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov, Abdurahmon Komilov, Farhod Bekmurotov, Sardor Azimov (Nodari Kavtaradze, 60), Levan Arveladze, Muhammadkarim Toirov (Ilhom Abdug‘aniev, 81), Farhod Sohibjonov (Suhrob Berdiev, 81), Rubin Xebay (Bobur Farhodov, 86).

“Metallurg”: Akmal Ortiqov, Vladislav Kasminin, Ivan Yosovich, Muhammadali Aliqulov (Filip Stamenkovich, 46), Xudoyshukur Sattorov (Abdujalil Manazarov, 46), Bektemir Abdumannonov (Ergash Ismoilov, 75), Abror Toshqo‘ziev (Diyor Toirov, 88), Shaxzod G‘ofurbekov, Ibrohim Ibragimov, Zabihillo O‘rinboev, Marko Obradovich (Damir Temirov, 65).

Gollar: Rubin Xebay, 2 – 1:0. Rubin Xebay, 9 – 2:0. Levan Arveladze, 15 – 3:0. Rubin Xebay, 83 – 4:0. Suhrob Berdiev, 84 – 5:0.

Ogohlantirishlar: Sardor Azimov, 57 – Xudoyshukur Sattorov, 4. Zabihillo O‘rinboev, 45+2.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
25/04/2023 12:12
Галабалар бардавом булсин.