
Bir uchrashuvda Xoland rekord, Husanov antirekord o‘rnatdi!
Angliya Premer-ligasining 29-turida kelasi mavsum uchun Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun kurashayotgan ikki jamoa – “Manchester Siti” va “Brayton” o‘zaro kuch sinashdi.
“Shaharliklar” bu turgacha 47 ochko bilan beshinchi pog‘onada borayotgan edi. “Brayton” esa, manchesterliklardan bir ochko kmm jamg‘argan holda qit’aning eng nufuzli musobaqasini ko‘zlab o‘ynayapti.
Ayni paytda “Chelsi” kuchli to‘rtlikni yakunlab turgan bo‘lsa, uning joyiga “Manchester Siti” va “Brayton”dan tashqari “Nyukasl”, “Aston Villa” va hato “Bornmut” ham da’vogarlik qilmoqda.
“Etixad” arenasidagi uchrashuv mezbonlar uchun omadli boshlanib, hisob 11-daqiqadayov ochildi. Umar Marmush ishlagan penaltini Erling Xoland aniq bajardi.
Bu gol Erling Xoland nomini Angliya Premer-ligasi tarixiga yozdi. Norvegiyalik charm to‘p ustasi musobaqa tarixida 100 ta samarali harakatni eng tez amalga oshirgan o‘yinchi sifatida rekord o‘rnatdi.
Xoland Angliya Premer-ligasida gol+pas tizimi bo‘yicha 100 ballni yuztadan kam uchrashuvda to‘plagan birinchi va hozircha yagona futbolchiga aylandi. 24 yoshli forvard bu natijaga erishishi uchun 94 ta uchrashuv kifoya qildi. 100 ta samarali harakatdan 84 tasi gol va 16 tasi assist sifatida qayd etilgan.
Umumiy reytingni quyidagi jadvalda ko‘rishingiz mumkin:
Joriy mavsumning o‘zini inobatga olganda, Xoland barcha turnirlarda 38 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 28 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatgan. Shulardan 20 ta gol va uchta assist Premer-liganing 27 ta uchrashuviga to‘g‘ri keladi.
“Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2034 yilning yarmigacha davom etadigan to‘purar Transfermarkt portali tomonidan 200 million evroga baholanayotgani bejiz emas albatta.
O‘yin muvaffaqiyatli boshlanganiga qaramay, Xosep Gvardiola shogirdlari baribir uch ochkoga ega chiqolmadi. Xolandning goliga Estupinyan o‘n daqiqa ichida javob berdi. Uning jarimadan yo‘llagan zarbasi ustunga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi.
Birinchi bo‘limning o‘zida Umar Marmush “shaharliklar”ni oldinga olib chiqdi.
O‘yinning ikkinchi yarmida katta sahnaga Abduqodir Husanov chiqdi. O‘yinning 48-daqiqasida raqib yo‘llagan zarbani qaytarishga chog‘langan legionerimiz to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.
Ushbu avtogol Xosep Gvardiolaga antirekord olib keldi. Bu “Manchester Siti” joriy mavsumda o‘tkazgan 40-gol bo‘ldi. Xosep Gvardiola “shaharliklar”ni 2016 yildan beri boshqarayotgan bo‘lsa, jamoa hali birorta mavsumda o‘z darvozasidan buncha ko‘p to‘p olib chiqagan. Faqatgina ispaniyalik mutaxassis shogirdlari uning debyut mavsumi – 2016-2017 yilgi chempionatda 39 ta gol o‘tkazgan edi.
Xullas, Xosep Gvardiola eng yoqtirgan o‘yinchilardan biri – Abduqodir Husanov o‘z ustozining nomini Angliya Premer-ligasi tarixiga yana bir ko‘rsatkich bo‘yicha “mixlab” qo‘ydi.
Ta’kidlash joizki, 21 yoshli markaziy himoyachimiz tufayli “shaharliklar” g‘alabani qo‘ldan chiqargan bo‘lsa-da, Husanov shu kuni ham har doimgidek ancha faol o‘ynadi.
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasidagi keyingi uchrashuvini 2 aprel kuni o‘z maydonida “Lester”ga qarshi o‘tkazadi. Ungacha Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qirg‘iziston va Eronga qarshi bo‘ladigan jahon chempionatining rasmiy saralash o‘yinlarida ishtirok etadi.
Premer-liga antirekordchisi Husanovga qanday baho berdi?
Fikrlar