
Belgradga sayohatning 1-kuni yoxud Turkiya hamda nepallik bokschilarning O‘zbekiston terma jamoasi haqidagi fikrlari
Barcha boks ixlosmandlari orziqib kutayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati start olishiga ham bor-yo‘g‘i 2 kun qoldi. Serbiya poytaxti Belgrad shahri mezbonlik qiluvchi ushbu chempionatga bo‘lgan qiziqish anchagina yuqori. To‘g‘ri, havaskor boks olamida nom qozongan ba’zi bokschilar bu safar ishtirok etayotganligi yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, joriy qilingan yangi vazn toifalari va mukofot pullarining zalvorli ekanligi, qolaversa, yangi nomlarning porlashi kutilayotganligi ham serb zaminidagi jahon chempionatiga bo‘lgan e’tiborni oshirgani aniq.
Xullas, ushbu boks turnirini keng tarzda yoritish uchun Sports.uz saytidan uch nafar hamkasbim bilan yo‘l oldik. Kecha, Toshkent-Dubay-Belgrad yo‘nalishidagi parvozimiz davomida ba’zi voqeliklar ham ro‘y berdi.
Nepalda hurmat qozongan o‘zbekistonlik murabbiy
Toshkentdan tong saharda Dubayga parvoz qildik va u erdan Belgradga yo‘l olish uchun uch soat vaqt mobaynida aeroportda vaqt o‘tkazdik. O‘sha erda xordiq chiqarib turganimizda nepallik bokschilar bilan tanishib, biroz suhbat qurdik.
Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, oldimizga kelib, boks bo‘yicha jahon chempionatiga borayotganligimizni bevosita xujjatlarimizni bojxona xodimlariga taqdim etayotganligimizda eshitganini va ular ham ushbu turnirda ishtirok etishlarini aytib qoldi.
Suhbatdoshlarimizni Nepal terma jamoasi a’zolari ekanligini bilganimizdan keyin, hamyurtimiz Alisher Rahimov Nepal terma jamoasida murabbiy sifatida ishlaganligini aytdik.
Ochig‘i, Alisher akani ism-sharifini eshitganlaridan so‘ng, ularning bizga bo‘lgan munosabati yanada samimiylashdi.
O‘z vaqtida ajoyib bokschi bo‘lgan, Alisher Rahimov Nepal terma jamoasida ham ma’lum vaqt faoliyat yuritgandi. Ushbu vaqt mobaynida yurtdoshimiz "Jamolungma" cho‘qqisi joylashgan ushbu yurtda juda katta hurmat qozonganligiga amin bo‘ldik.
Ularning ta’biri bilan aytganda, hamyurtimiz Nepalda boksni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shganligini, u boshqargan vaqtda Nepal terma jamoasi Janubiy Osiyo chempionatlarida Hindistonga xaqiqiy boshog‘riq bo‘lganligini va juda ham ko‘p iliq fikrlarni bildirdilar. Qolaversa, o‘zbek boksining jahonda birinchi ekanligini va bu safar ham ular yaqqol favorit bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
Shuningdek, -51 kg vazn toifasida ishtirok etishi kutilayotgan Robin Tapa ushbu vaznda yurtimiz sharafini himoya qiluvchi, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatovni texnikasidan zavq olishini va vakilimiz bilan ringda jang qilish u uchun yuqori natija ekanligini ham alohida aytib o‘tdi.
- 57 kg vazn toifasida nepalliklarning 1-raqamli bokschisi Puran Ray Alisher Rahimov uni yuqori darajaga ko‘tara olganligini va bu vazn toifasida mazkur chempionatda hamyurtimiz Mirazizbek Mirzaxalilovning imkoniyati yuqori ekanligini ma’lum qildi.
-67 kg vazn toifasi vakili Sanil Shahi ham jamoadoshlari kabi samimiy so‘zlarni bildirish barobarida O‘zbekiston terma jamoasida bu vaznda kim ishtirok etishini so‘radi. Biz esa Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev yurtimiz sharafini himoya qilishini aytganimizda, uning javobi bizni yanada xursand qildi. Ya’ni, u Asadxo‘ja haqida eshitmaganligini, biroq O‘zbekistonda oddiy bokschini o‘zi yo‘qligi, barchasi chempion bo‘lishga qodirligi haqida so‘z yuritdi.
Qisqa qilib aytganda, nepallik bokschilar bilan suhbatimiz mazmunli kechdi.
Turkiyalik bokschi va Fanat Qahramonov...
Dubaydan Serbiyaga deyarli 7 soat parvoz qildik va nihoyat, o‘ziga xos shahar Belgradga etib keldik. Aeroportda AIBA vakillari kutib oldi va maxsus avtobusda mehmonxona sari yo‘l oldik.
Bizga biriktirilgan "Mona Plaza" mehmonxonaciga boruvchi yo‘l biroz tirband va tor ekanligi inobatga olinib, bahaybat avtobusni minisiga alishtirishimizga to‘g‘ri keldi. Shu jarayon mobaynida boshqa mehmonxonada biroz kutishimizga to‘g‘ri keldi.
U erda esa, Turkiya terma jamoasi joylashgan ekan. Bizni o‘zbekistonlik ekanligimizni bilishganidan so‘ng, suhbatimiz jonlandi.
Suhbatdoshlarimiz -60 kgda turkiya terma jamoasidan o‘rin olgan Mizan Aykol hamda -75 kgda ringga ko‘tariluvchi Birol Aygun ekan.
Mizan Aykoldan vazn toifangizda O‘zbekiston terma jamoasi safidan kim o‘rin olganligini bilasizmi, deya so‘radik. U Abdumalik Xalakov ekanligini aytish barobarida juda yaxshi tanishini ham aytib o‘tdi. O‘z o‘rnida esa Abdumalikning texnikasi yuqori ekanligini, O‘zbekistonda "Yangibod" ba’zasida Turkiya terma jamoasi safida qo‘shma mashg‘ulotlarda ham ishtirok etganligini aytib o‘tdi.
Birol Aygun ham o‘zbekiston, Gruziya hamda Turkiya terma jamoalarining "Yangiobod" ba’zasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarida ishtirok etganligini va Fanat Qahramonov bilan do‘stligini ma’lum qildi va o‘z o‘rnida Fanatning nega terma jamoa safidan o‘rin olmaganligini so‘radi.
Biz esa, unga etarli imkoniyat berilganligini va bu vazn toifasida juda ko‘p kuchli va iste’dodli yoshlarimiz bor, deya javob berdik. Shu tariqa, ular bilan suhbatimiz yakuniga etdi.
"Mona Plaza" mexmonxonasi
Mini avtobus ham etib keldi va bizga biriktirilgan "Mona Plaza" mehmonxonasi sari yo‘l oldik. Belgradning o‘ziga xos dahasida joylashgan ushbu mehmonxona har jihatdan mukammal va shinamligi bilan bizni xursand qildi. Hozircha, bu erda biz va O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot kotibi Azizbek To‘xtamurodov bo‘lib turibdi. Ammo tez orada safimiz kengayadi. Chunki, ko‘plab hamkasblarimiz kelishi kutilmoqda.
Birinchi kungi taassurotlar va voqeliklar shulardan iborat. Bizni kuzatishda davom eting. Chunki qiziqarli sarguzashtlarimiz hali oldinda.
Fikrlar