
Baxtiyor Ashurmatov "Paxtakor"dan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatga izoh berdi
O‘zbekiston Kubogi yarim final doirasidagi “Qo‘qon-1912” – “Paxtakor” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov qatnashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Mavsumdagi oxirgi o‘yin bo‘ldi. Mavsumni yuqori saviyada o‘tkazganlari uchun futbolchilarimga, bizga yaxshi sharoitlarni yaratib bergan jamoamiz rahbariyatiga hamda qadrdon muxlislarimizga minnatdorlik bildiraman. Bu mavsum shuni ko‘rsatdiki, bizda umid va ishonch bor. Asosiysi, muxlislarimizda bizga nisbatan ishonch paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, keyingi yilda jamoamiz yanada kuchayadi. Yigitlarimizga qilgan mehnatlari uchun yana bir bor rahmat aytaman.
"Paxtakor" kuchli jamoa, ular haqqoniy g‘alabaga erishdi. Lekin natija o‘yinga mos bo‘lmadi. Futbolchilarimiz 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Futbolchilarimiz borlarini berishdi. Ularga hech qanday e’tirozim yo‘q. Raqib safida yaxshi ijrochilar yig‘ilganligi, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham o‘yinni kuchaytira olgani yakunda o‘z so‘zini aytdi. Uchrashuv oldidan tarkibimizdagi yo‘qotishlar ham o‘yinimizga ta’sir qildi. Zaxiramizda o‘yinni kuchaytirita oladigan futbolchilar qolmaganini ham ta’kidlash joiz. Muxlislar xujumni kuchaytirishni talab qilishdi. Norbekovni tushirdik, afsuski, Shohnazar o‘yinga tayyor emas edi. Endi yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.
Legionerlarimiz 11 oy davomida uylariga borishmagandi. Bilasizlar, Yosovich jarohatlangandi. Baribir u qolgan bahslarda maydonga tusha olmasdi. Shuni ham inobatga olgan holda legionerlarga ruxsat berdik. Ivan yangi mavsumda ham jamoamiz safida o‘ynashi mumkin.
Yil davomida mehnat qilgan murabbiylar shtabiga, shifokorlarimizga va barcha xodimlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Natijalarda barchalararining hissasi katta, - dedi Baxtiyor Ashurmatov.
Fikrlar