
«Barselona» ichki nizolar girdobida. Bosh aybdorlar: Bartomeudan Messigacha
«Barsa»ning kiyim almashtirish xonasidagi gaplarning tashqarida bolalashi yolg‘iz Abidalning aybi bilan yuz bergan, deb bo‘lmaydi. Jamoada anchadan beri saqlanib kelayotgan norozi kayfiyat oxir-oqibat, ichki nizolarga, dahanaki janglarga aylanib ketdi. Keling, bu voqeadagi asosiy figuralar va ular «olov»ga qalagan «o‘tin» haqida birma-bir so‘z yuritamiz.
Xosep Mariya Bartomeu
Ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lishi mumkin, ammo Bartomeu 1974 yildan buyon «Barselona» bilan aloqalarni davom ettirib keladi. 2003-2005 yillarda qisqa muddat Joan Laporta qo‘l ostidagi direktorlar kengashida ishlaydi. 2010 yilgi saylovlarda uning do‘sti Sandro Rossel g‘alaba qozonadi va Bartomeu «ko‘k-anor ranglilar» sport direktori vazifasida faoliyatini boshlaydi. Neymar transferi borasidagi tovlamachiliklarda ayblangan Rossel qamoqqa olinadi. Shunday qilib, 2014 yil yanvarda Xosep Mariya «Barselona» prezidentligiga o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonadi.
U to‘liq prezidentlik vazifasini bajargan ilk mavsum, ya’ni 2015/16 yillari «Barselona» o‘z tarixida ikkinchi bor «trebl» qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Bir qarashda, barchasi risoladagidek ketayotgandi. Ammo Neymarning PSJga transfer qilinishi munosabati bilan «janob prezident»ning futbolchilar va «Barsa» muxlislari bilan munosabatlari yomonlasha boshladi. Ayniqsa, so‘nggi bir yilda ahvol yanada og‘irlashdi. Bunga bir nechta sabablar mavjud:
- Sobiq bosh murabbiy Ernesto Valverde noo‘rin iste’foga chiqarildi. Ha, uning ketishini xohlovchilar ko‘p edi. Ammo Seten kelishini bilishganida ular ham Ernestoning jamoada qolishini ma’qul ko‘rgan bo‘lishar edi. Bartomeu reja bo‘yicha Valverdening o‘rniga Ronald Kuman yoki Xavini olib kelishi kerak edi. Biroq unday bo‘lmadi.
- Qishki transferlar vaqtida jarohat olgan Suaresga munosib o‘rinbosar topilmadi. Martin Breytueyt esa «Barsa»da shunchaki tinchlantiruvchi rolida paydo bo‘ldi. Lekin dekabrda va’dalar boshqacha edi: Lautaro, Obameyang…
- Bir qator manbalarning ma’lumot berishicha, Bartomeu klubning ijtimoiy tarmoqdan keladigan daromadini ko‘paytirish maqsadida xakerlik kompaniyalarining xizmatlaridan foydalangan. Ular hatto Messining akkauntlariga ham daxl qilishga urinishgan.
- Koronavirus krizisi sababli futbolchilarning maoshlari qisqartirib tashlandi. «Barselona» inqirozda ekanligi aytilmoqda. Vaholanki, o‘tgan mavsum hisob-kitoblariga ko‘ra, kataloniyaliklar dunyoning eng ko‘p daromad topgan jamoasiga aylandi va hattoki, bu borada rekord ham o‘rnatildi. Shuncha pul qaerga ketdi? Nega Neymarni yoki Lautaroni sotib olishga «Barsa»da etarli mablag‘ yo‘qligi so‘ralmoqda.
Navbatdagi saylovlar 2021 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 2015 yilda bir marta qayta saylanib ulgurgan Bartomeu endi saylovga nomzodini qo‘ya olmaydi. Ammo uning ixtiyorida barselonaliklarda yaxshi taassurot qoldirishga erishish uchun yana bir yil bor.
Bir muddat avval, «blaugranas» rahbariyatidan 6 kishi klub bilan qaytadan shartnoma imzoladi: Emili Ruso, Enrike Tambos, Mariya Teishidor, Silvio Elias, Xosep Pont va Xordi Kansamilya. Bulardan ikkitasi bizning «qora ro‘yxat»imizdan o‘rin olgan.
Emili Ruso
Yanvarda vitse-prezident qilib tayinlanishi va Bartomeuning unga bo‘lgan cheksiz ishonchi sabab OAVda Emilini «Barselona»ning yangi prezidenti qilib qo‘yishga ulgurishgandi. Bu esa muxlislarga yoqmadi. Ijtimoiy tarmoq mashmashasida katta ishni bajargan Rusoga muxlislar u qadar xayrixoh emas. Uning «Kamp Nou»da korruptsiyani avj oldirishidan cho‘chishmoqda.
Mariya Teishidor
Bu nom Bartomeuning «Barsa»da amalga oshirgan ikkinchi buyuk xizmati bilan bog‘liq. Kataloniyaliklarning ayollar jamoasi aynan uning prezidentlik davrida gullab-yashnaganining bosh omillaridan biri Mariya hisoblanadi. U shundoq ham «Barselona» tarixidagi birinchi ayol kotib sanalardi. Hozirgi kunda Teishidor birinchi ayol prezident lavozimi uchun kurashmoqda. Muammo shundaki, muxlislar uni Bartomeuning sherigi, deb hisoblashadi.
Joan Laporta
Laporta nomi ko‘pchilikka «Barselona»ning superparvozini o‘z prezidentlik davrida boshlab bergan insonni eslatadi. Ha, balki u «Barsa» tarixidagi eng aqlli qarorlarni qabul qilgan prezident sifatida tarixga kirar. Ronaldino transferi va Pep Gvardiolaning murabbiy sifatida kataloniyaliklar jamoasiga qaytishida Laporta asosiy rolni o‘ynagan.
Laporta 2015 yilgi qayta saylovda Bartomeudan keyin ikkinchi bo‘lgan edi. 2021 yilda ham u o‘z nomzodini saylovda ilgari surishi mumkin. Aynan mana shu jihat klubdagi notinchliklarga hissa qo‘shyapti. Bartomeu Joanning prezidentlikni egallashini xohlamaydi.
Sandro Rossel
Sandro «Barsa»ga Laporta jamoasi vakili sifatida tashrif buyurgandi. 2005 yilda u sport direktori lavozimini egalladi. O‘tgan yil Rossel o‘z kitobini bosmadan chiqardi. Ushbu kitobda u sobiq do‘sti Laportaning faoliyatini jiddiy tanqid ostiga oldi. O‘z kitobida qayd etishicha, Rossel faqat belgilangan reja bo‘yicha harakat qilgan. Laporta va Bartomeu esa uni qurbon qilgan holda suvdan quruq chiqishgan.
Neymar transferida tovlamachilik uyushtirishda ayblanib qamoqqa olingan Sandro ikki yil o‘tib butkul aybsiz, deb topildi. Xo‘sh, muammo nimada? Rossel 2010 yilgi saylovda 60 foizdan ortiqroq ovoz to‘plagan. Uning amalga oshirayotgan ishlari ayni muxlislar xohlagandek edi. O‘tgan ish o‘tib ketdi, deyishimiz mumkin. Ammo muxlislar o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan insonning prezidentlikdan olinishi va uning o‘rniga kelgan shaxsning bu qadar nomaqbul ishlari ortidan g‘azab otiga minishgan.
Xordi Kardoner
Bu nom sizga tanish emasmi? Biz ham u haqida ko‘proq ma’lumot topa bilmadik. Xordining aybi Bartomeuning ishongan do‘sti ekanligida. Prezidentning yaxshi ishlarda ham yomon ishlarda ham ishga soladigan «qo‘li» aynan Kardoner hisoblanadi.
David Belver
Bu shaxsni hikoyamizning mutlaq ijobiy personajlaridan biri, desak bo‘ladi. Xo‘sh, unda uning nizo kelib chiqishiga nima aloqasi bor? Gap shundaki, David katta kompaniya egasi. «Barselona»ga yaxshigina sarmoya kirita oladi. Muammo uning yanvardagina jamoaga olib kelingani. Shunday foydali kelishuvni Bartomeu nega ortga surgan, deb o‘ylaysiz? Chunki Belver Sandro Rosselning qalin do‘sti. Hamma gap shunda.
Xordi Mestre
«Neymar 200 foiz «Barsa»da qoladi», degan so‘zlari bilan muxlislarning yodida qolgan Xordi o‘tgan yil vitse-prezident lavozimidan bo‘shatildi. Sabab, u sport direktori Pep Segurani ishdan bo‘shatishda Bartomeuning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ldi.
Bu haqida Mestrening o‘zi: «Jamoa rahbariyati ichida menga qarshi harakatlarni seza boshlaganim hamonoq, o‘zim ketishga qaror berdim. Bitta tizim ichida juda ko‘plab guruhlar tashkil qilib yuborilgan edi. Biz ortiq bir joyda ishlay olmasdik. Tizimda sizning shaffof ishlashingizga halaqit beruvchi omillar bor edi. Ruso bilan aloqalarimiz tobora yomonlashib borardi. Chunki u ichki muammolarni tashqariga bolalatishdan tap tortmas edi. Mana, nima uchun «Barsa»dan ketdim?!», - deydi sobiq vitse-prezident.
Xaver Faus
2013 yildan beri «Barsa»da ishlab keladigan Fausga eng zo‘r ta’rifni Messi berib bo‘lgan. U o‘sha yili klub bilan shartnomani uzaytirish masalalari bo‘yicha aynan u bilan ish olib borgan. O‘shanda Leo uning futbol haqida umuman tasavvurga ega emasligini aytgan edi.
Xaverni kataloniyaliklarga bog‘laydigan asosiy narsa qatarlik sarmoyadorlar bilan shartnoma tuzishda o‘rtada turganligi. «QatarSportsInvestment» kompaniyasining prezidenti Augusti Benedito yordami bilan Bartomeu Rosselning o‘rnini egallagan dastlabki davrda u vitse-prezidentlik vazifasini bajargan. Uni hamon hech qanday taassurotsiz eslashadi. U faoliyati davomida hech qanday ish qilmagani bunga sabab.
Syuzana Monxe
Birinchi ayol «g‘aznachi» hisoblangan Syuzana «Barselona»da ikki yillik faoliyatidan so‘ng Xaver Fausga o‘xshab, shaxsiy sabablarga ko‘ra, degan bahona bilan iste’foga chiqdi. U ketgandan keyin u qilgan ishlarning «misi» ham chiqdi. Monxe xonim «Barselona»da xarajat masalasiga qattiq qaragan. Bartomeuga esa bu tabiiyki yoqmagan. Shu tariqa, Syuzana Monxe «o‘z ixtiyoriga ko‘ra» ishdan bo‘shatildi.
Karles Vilarrubi
Klubning institutsional aloqalar bo‘limi sobiq rahbari 2017 yilda iste’foga chiqarilgan. Bunga sabab, «Las Palmas»ga qarshi o‘yindan so‘ng barselonaliklar uyushtirgan namoyish va uning politsiya tomonidan arang to‘xtatilishi bo‘ldi. Darhaqiqat, mana shu voqeadan so‘ng, ayniqsa kataloniyaliklarning ozodlik uchun kurashlari avj olib ketdi. «Barselona» La Ligadan chiqib ketishiga bir bahya qolgandi.
Xordi Roxe
Bartomeu Rusoni o‘z davomchisi sifatida ko‘rayotgan bir paytda, Roxening «oshga tushishi» uning bu hikoyadagi eng birinchi «aybi». Ikkinchi «qusur» uning Rossel bilan juda qalin aloqada ekanligida. Bundan tashqari, Xordi kelgusi saylovda ishtirok etuvchi rasmiy da’vogar hisoblanadi.
Viktor Font
Xuddi Roxe singari Font ham Xosep Mariya Bartomeuning g‘ashini keltiradiganlardan biri. Sababi, u nomzodi rasman tasdiqlangan hozircha yagona inson. Viktor etarlicha favorit bo‘lmaganda, «janob prezident» shunchalik havotirga tusharmidi. U Kroyf, Gvardiola va Xavi kabi «Barselona» seviklilari bilan juda yaqin aloqalarga ega.
Lionel Messi
Har holda aniq, «Barsa» tarixidagi eng kuchli futbolchi Bartomeu uchun eng katta bosh og‘riq. U jamoa kiyim almashtirish xonasidagi siyosatda etakchi o‘rin tutadi. Messining talabi oddiy. Yaxshi prezident, yaxshi murabbiy, yaxshi futbolchilar. U sovrinlar yutishni istaydi.
Xerard Pike
«Barselona»ning bo‘lg‘usi prezidenti bu masalada rostdan ham jiddiy gapiradi. U «Garvard» universitetini tamomlagan, bugungi kunda o‘z biznes imperiyasiga ega, «Devis kubogi»ni yangi formatda o‘tkazish ishlariga bosh qo‘shgan. Ammo uning hozirdanoq o‘zini klub rasmiysidek tutishi rahbariyatga yoqmaydi.
Ha, «blaugranas»ga yangi havo kerak. Biz 2021 yilgi saylovlarda munosib nomzod g‘alaba qozonishini xohlaymiz va «Kamp Nou»ga muxlislar sog‘ingan beg‘ubor futbolni qaytarishlariga tilakdoshmiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi.
Fikrlar