
Bahrom Haydarov: "Bunday bo‘lishini o‘ylamagandik"
Superliganing 8-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912” bellashuvi ko‘pchilikning yodida qoladigan bo‘ldi.
O‘yindan avval mezbonlarning imkoniyati yuqori baholangandi. O‘yin ham taxminlarni oqlayotgandi va “Bunyodkor” 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandi. Lekin 84-daqiqada mehmonlar VAR orqali belgilangan penaltidan hisobni tenglashtirishdi. Uchrashuv 1:1 natijasi bilan deyarli tugab qolgan bir vaziyatda kutilmaganda “Bunyodkor” darvozaboni juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bundan “Qo‘qon-1912” futbolchisi unumli foydalanib jamoasi uchun qimmatli golni urdi va mehmonlar 6 ochkoga teng g‘alabani ilib ketdilar.
O‘yindan so‘ng “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi, deb o‘ylayman. Boshlanishida futbolchilarimizga ozgina ishonch etishmadi. Oldinga o‘tib o‘ynashga qo‘rquv bo‘ldimi, deyman, oxir-oqibat o‘z xatoimiz bilan golga olib keldi. O‘yin davomida hamma ko‘rgan bo‘lsa, goldan keyin o‘yinchilarimiz ruhiy tarafdan o‘zlarini bosib oldilar. Tayyorgarlik qilgan rejamiz bo‘yicha o‘yin davom etdi. Albatta, ko‘p emotsiyalar chiqib ketdi. Haqli g‘alabaga erishdik, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, “Bunyodkor” ham kuchli jamoa. Imkoniyatlari bo‘ldi. Lekin yutqazayotganimizda ham rejamizdan qochmadik. Qarshi hujumdan foydalandik va yutuqqa olib keldi.
- G‘alabani omadga qiyoslasa bo‘ladimi?
- Darvozabonni xatosini oladigan bo‘lsak, bu ham omadli vaziyat. Bunday bo‘lishini o‘ylamagandik. Rejalashtirilgan narsa emasdi. Lekin, o‘ylaymanki, hamma ko‘rdi: jamoa birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha kurashdi. Avvalambor, hammasi Xudodan. Omadimizni berdi. Bunga haqli ravishda erishdik. Ba’zilar butun uchrashuv davomida himoyalanib oxirida gol urib ketadi. Ammo bunday o‘yin bo‘lmadi. Albatta, uchrashuvni ko‘rib chiqamiz va xulosaga kelamiz.
- Qo‘l ostingizdagi tarkib bilan butun mavsum davomida barqaror o‘yin ko‘rsatishga va kerakli natijaga erishishga ko‘zingiz etadimi?
- Qo‘ldan kelganicha teng kuchli, raqobatdosh futbolchilardan iborat ikkita tarkib yig‘ishga harakat qildik. Pro ligada qatnashgan yigitlar kundan-kunga o‘sishga erishishyapti. Mavsum davomida barqaror o‘yin ko‘rsatishi bu murabbiylar shtabiga ham bog‘liq narsa. Jismoniy holati va ruhiy jihatlarini bir maromda ushlasak, futbolchilar rivojlanib boraveradilar. Ularni oldida Superligani ko‘rgan 5-6 nafar tajribali o‘yinchilarimiz ham bor. O‘ylaymanki, hozirda rejalarimiz amalga oshyapti.
Fikrlar