
“Ayaks” – “Yuve” o‘yini g‘olib va mag‘lublari kim? (Erkin G‘aybullaev blogi)
“Ayaks” va “Yuventus” kecha Chempionlar Ligasining chorak finali dastlabki uchrashuvida 1-1 hisobida durangga imzo qo‘yishdi va o‘yin taqdirini kelasi hafta Turinda hal qiladigan bo‘lishdi.
O‘yin esa amsterdamliklarning bir qator xavfli vaziyatlari bilan boshlandi. Biroq ularning zarbalariga aniqlik etishmadi va birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Krishtianu Ronaldu katta sahnaga chiqdi. Uning boshi bilan ajoyib tarzda gol urishi jamoasini hisobda oldinga chiqib olishiga sabab bo‘ldi. Ammo “Ayaks” ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Joao Kaseluning xatosini jazoladi va oradagi farqni yo‘qqa chiqardi.
Xo‘sh, o‘yin g‘olib va mag‘lublari kim? Quyida tahlil qilib ko‘ramiz.
G‘olib: Krishtianu Ronaldu
Ronaldu birinchi bo‘limni Veltman soyasida tinchgina o‘tkazdi. Himoyachi portugaliyalik yulduzni munosib tarzda qo‘riqlay oldi. Natijada, turinliklar hujumni tashkil qilishda o‘ng qanotda Bernardeskining yordami bilan tashkillashtirishga urinishdi. Mezbonlar ko‘p hollarda yaxshi himoyalanishdi.
Ammo Ronaldu yana bir marta to‘g‘ri paytda to‘g‘ri joyda bo‘lish qobiliyatini namoyon qildi va raqibni jazoladi.
Amsterdamliklarning hujumga berilib ketishi natijasida mehmonlar qarshi hujumdan unumli foydalanishdi. Portugaliyalik himoyachi Kanselu hamyurtini to‘p bilan chiroyli tarzda ta’minlay oldi.
Bu Ronalduning EChLdagi 125 goli bo‘ldi. Gol Ronalduning chorak finallardagi 24-goliga ham aylandi. Eng yaqin ta’qibchisidan 14 taga ko‘p degani.
Portugaliyalik super yulduz kichik jarohatlar sabab “Atletiko” ustidan qozonilgan g‘alabadan beri jamoasiga yordam bera olmay kelayotgandi.
Mag‘lub: Mario Mandjukich
Ronaldu tarixni yangilashga urinayotgan bir paytda, uning hujumdagi sherigi Mandjukich o‘yinda yo‘qolib qoldi.
Kellini yo‘qligida jamoaga sardorlik qilgan xorvatiyalik futbolchi Matteys De Ligt boshchiligidagi yosh himoya chizig‘ini imtixondan o‘tkaza olmadi.
U zaxiraga olingunga qadar, to‘pga atigi 21 marta oyog‘i tegdi. Bu zaxiraga olinayotgan paytdagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
21 marta to‘pga teggan futbolchidan raqib darvozasi tomon taxdid solishni kutish mantiqsiz.
60-daqiqada o‘z joyini bo‘shatib bergan paytda unda 21 marta to‘p bilan muomala, 0 zarba, 47 % aniqlik, 17 imkoniyatdan atigi 8 tasi muvaffaqiyatli chiqqanligi haqidagi statistika bor edi. Xorvatiyalik futbolchi bu o‘yinni tezroq unutishi kerak.
G‘olib: David Neres
“Ayaks” birinchi bo‘limni ancha mazmunli o‘tkazdi. Ammo uni yakunlashda nimadir etishmadi. Xakim Ziesh Shesnini 4 zarbasi bilan sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Shundan atigi ikkitasi ancha xavfli ko‘rinish oldi.
Ammo tanaffusda o‘sha nimadir o‘zgardi va David Neres sahnaga chiqdi. Ikkinchi taym boshlanganiga atigi 25 soniya o‘tganida Neres Kanseluning qo‘pol xatosidan unumli foydalandi va jamoasi uchun gol urdi.
Bu Neresning barcha musobaqalardagi 12-goli bo‘ldi. Shundan 7 tasini u so‘nggi 8 o‘yin ichida urishga muvaffaq bo‘ldi.
Mag‘lub: Hakim Ziesh
Ziesh ajoyib futbolchi emasligini hech kim inkor qilmayapti, biroq u “Yuventus”ga qarshi undan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadi.
“Ayaks” o‘yinning ma’lum qismida “keksa sinora” ustidan hukmronlik qildi. Hatto ikkinchi yoki uchinchi golini ham urishi mumkin edi.
Marokashlik futbolchi tanaffusgacha bir qator vaziyatlarni ko‘kka sovurdi. Amsterdamliklarning 17 zarbasidan naq ettitasini yo‘lladi. Ammo ularning birortasi darvoza to‘riga borib tushmadi.
Ammo u EChLning eng ko‘p zarba yo‘llagan futbolchisiga aylandi. 45 ta zarbasidan atigi 18 tasi aniq chiqqan.
Fikrlar