Avstriyadagi to‘qnashuv tarixi yoxud ikki bokschimiz nega o‘zaro jang qilishga majbur bo‘lishgandi?

  • 8 may, 2020, 18:32
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boksda mag‘lub bo‘lmasdan o‘z faoliyatini yakunlagan yurtdoshimiz G‘ayrat Ahmedov hamda havaskor boksda Osiyo o‘yinlari chempioni, Osiyo chempionati g‘olibi va kumush medal sohibi Ikrom Berdiev haqida eshitganingiz bordir. Bejizga biz bu ikki charmqo‘lqop ustasi haqida to‘xtalib o‘tayotganimiz yo‘q. Sababi, ushbu bokschilarimiz bir-biri bilan professional boksda to‘qnash kelishgan edi. Bu oddiy holatku, qanday taajjubli tomoni bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy... Lekin shoshilmang! O‘zbek professional bokschilari yurtimizda yoki Rossiya, Qozog‘iston, umuman olganda MDH mamlakatlarida tashkil qilingan boks oqshomlarida  o‘zaro ko‘p bora to‘qnash kelishgan. Biroq uzoq Evropa mamlakatida va nufuzli jang kechasida bir-biriga ro‘baro‘ kelgan deb ayta olmaymiz. Shu nuqtai nazardan, yuqoridagi ikki bokschimiz ishtirokidagi jangning o‘z ahamiyati bor. Chunki, ular bir-birlariga qarshi Avstriyada tashkil etilgan boks oqshomida ringga ko‘tarilishgan edi. Ushbu jang 2004 yil 31 iyulda  Avstriyaning Zilts shahri “Crazy-Eddy ” arenasida bo‘lib o‘tadi. Yarim og‘ir vazn toifasidagi (79,379 kg) 6 raundlik jangda G‘ayrat Ahmedov ochkolar hisobiga g‘alaba qozonadi. Bunga qadar Ahmedov professional ringda 3 ta jang o‘tkazib, bir bor nokaut, yana bir raqibini texnik nokaut va bir marta ochkolar evaziga g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan edi. Ikrom Berdiev esa, bitta jangda ringga ko‘tarilib, chexiyalik Pyotr Rikalani mag‘lub etgandi. Aslida, gap ularning Avstriyada o‘zaro jang o‘tkazganida ham emas, balki  nima uchun ikki kuchli bokschimiz faoliyatlarining boshidayoq bir-biriga qarshi jang qilganida... Qachonki, chempionlik, kamarlarni birlashtiruvchi to‘qnashuvlar, xullas shunga o‘xshash janglar bo‘lganda ham bunga ajablanmasak bo‘lardi. Mazkur voqeylikka aniqlik kiritish maqsadida biz G‘ayrat Ahmedovga bog‘landik... Quyida uning bu boradagi fikrlarini taqdim etamiz.

Tecno

- Ikrom Berdiev bilan Avstriyadaga boks kechasida o‘zaro jang qilgan ekansizlar?

- Shunday bo‘lgan edi.

- Nega aynan Avstriyada?

- Chunki, ushbu yurt promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgandim.

- Qaysi promouterlik kompaniyasi?

- To‘g‘risi, hozir yodimda yo‘q.

- O‘zaro jang qilishinglarga sabab nima bo‘lgandi?

- Ikkimizdan birimiz Avstriyada qolishimiz kerak edi. Ya’ni, jangda kim g‘alaba qozonsa, o‘sha avstriyaliklar bilan birga faoliyatini davom ettirardi.

- Jang taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashing?

Qisqa qilib aytganda, tomoshabinlar uchun qiziq, biz uchun juda qiyin bo‘lgandi. Ikrom akamni qanday bokschi bo‘lganligini, havaskor boksdagi natijalariga e’tibor qaratsangiz ham tushunib olasiz. Omadim kelib, g‘alaba qozonganman. Biz havaskor yo‘nalishda ham jang qilgan edik. Unda men mag‘lubiyatga uchraganman.

Gayrat aka

Bu borada Ikrom Berdievga ham bir-ikkita savol bilan murojaat qildik:

- Avstriyadagi tarixiy ya’ni G‘ayrat Ahmedov bilan jangni qanday xotiralar bilan eslaysiz?

- Yaxshi jang bo‘lgan. G‘ayrat mendan omadliroq chiqqan edi. 

- Siz ham aynan o‘sha promouterlik kompaniyasi bilan shartnomaga egamidingiz?

- Yo‘q. Shunchaki sinov muddatida edim, desam bo‘ladi.  

- Agar, G‘ayrat Ahmedovni mag‘lub etganingizda shartnoma naqd bo‘larmidi?

- Bu borada bir nima deya olmayman.

- Mazkur jangdan so‘ng, yana bir bora ringga ko‘tarilib, faoliyatingizni yakunlagan ekansiz?

- Sog‘lig‘imda jiddiy muammolarga duch kelganman. Shuning uchun, majbur bo‘lganman yakunlashga. Agar, bunday holat bo‘lmaganida yaxshi natijalar qayd eta olgan bo‘lardim.

Ikrom Berdiev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!