Angliyaning 4 grandi bitta o‘yinchini ololmadi
“Yuventus” tarkibida muvaffaqiyatli o‘ynab kelayotgan frantsiyalik markaziy yarim himoyachi Kefren Tyuramning xaridorlari safi tobora kengayib bormoqda.
Taniqli insayder Ekrem Konurning ma’lum qilishicha, yozgi transferlar oynasi davrida Angliya Premer-ligasining to‘rt grandi 24 yoshli o‘yinchini olishga urinib ko‘rgan.
Biroq Turin superklubi rahbariyati “Liverpul”, “Arsenal”, “Chelsi” va “Tottenxem” yuborgan takliflarni qabul qilmasdan, Tyuram jamoa uchun muhim o‘yinchi ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, “Yuventus” mutasaddilari o‘yinchini so‘rab, murojaat qilgan Saudiya Arabistoni klublariga rad javobini bergani aytilmoqda.
Kefren “Monako” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Nitstsa”da ham o‘ynagan. “Yuventus” uni 2024 yilning yozida 20,6 million evroga transfer qildi. Bugungi kunda 40 million evroga baholanayotgan Tyuram turinliklar bilan 2029 yilning 30 iyunigacha davom etadigan shartnomaga ega.



Fikrlar