
"Andijon" klubi rahbariyati Otabek G‘ulomxo‘jaevni nega lavozimidan ozod etdi? Murabbiy iste’fosining sabablari
Biroz oldin "Andijon" jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaevni iste’fosi haqida xabar bergan edik. Mutaxassis iste’fosi yuzasidan klub vitse prezidenti Doniyorbek Mullajonov klub matbuot xizmatiga G‘ulomxo‘jaev nega lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.
- «Andijon» jamoamiz o‘z oldiga juda katta maqsadlarni qo‘ygan. Shu yo‘lda barcha tinim bilmay mehnat qilmoqda.
«Andijon» birgina bizning emas, balkim xalqning ham jamoasi hisoblanadi. Jamoa natijasi hech kimni befarq qoldirmaydi. Muxlislarimiz jamoamizdan faqat g‘alaba talab qiladi. Biz Otabek G‘ulomxo‘jaevga vaqt va imkon berdik. Chempionat boshida jamoani shakllantirib olish uchun ham sharoit yaratdik. Ammo jamoaning natijasi yuqorida aytib o‘tganimdek barcha uchun muhim hisoblanadi. Kubok bahslari ham biz uchun ahamiyatli edi. Afsuski, kubokni tark etdik.
Jamoamizdagi futbolchilar barchasi kuchli va yaxshi darajadagi o‘yinchilar hisoblanadi. Otabek G‘ulomxo‘jaev ham yaxshi darajadagi murabbiy. Bosh murabbiyda futbolchilarga nisbatan qattiq qo‘llik etishmadi, deb o‘ylayman. Balkim, Otabek G‘ulomxo‘jaev ko‘proq yosh futbolchilar bilan ishlaganligi sababli yigitlarga qattiq qo‘llik qilmagandir.
Gap natija bo‘lmasa bosh murabbiy almashtiraverishda emas, biz ko‘p imkon berdik. Bosh murabbiyning asosan yoshlar bilan ishlagani jamoamiz o‘yinida sezilib qoldi. Natija muhim, chunki butun Andijon xalqi sevimli jamoasidan faqatgina g‘alaba kutadi.
Shu o‘rinda Otabek G‘ulomxo‘jaevga jamoamiz uchun qilgan xizmatiga minnatdorchilik bildiraman. Keyingi faoliyatida omad yor bo‘lishini chin dildan tilab qolaman, - dedi klub vitse prezidenti Doniyorbek Mullajonov.
Fikrlar