
"Andijon" bosh direktori: "Legionerlarning barchasi o‘zlari ketishdi, birortasini haydaganimiz yo‘q"
OChL- 2 da sanoqli kunlardan keyin o‘z yurishini boshlaydigan "Andijon", Superliganing 2-davrasida ancha yaxshi start olgandi. "Qo‘qon-1912"ni yirik hisobda engishib, safarda "Nasaf" bilan durang o‘ynashgandi. Ammo "Paxtakor" bilan o‘z maydonida va safarda "Mash’al"ga qarshi omadsiz bellashuvlardan keyin jamoa manzili tomon salbiy fikrlar bildirildi.
Xalqaro maydonda munosib ishtirok eta olmasliklari haqidagi xavotirlar bildirila boshlandi. Hattoki, klubda moliyaviy inqiroz yuzaga kelganligi haqidagi gaplar paydo bo‘ldi. Biroq "Andijon" hozirgi kunda moliyaviy barqaror faoliyat yuritayotgan klublar qatorida.
Shunday bo‘lsa-da, ayrim masalalarga oydinlik kiritish maqsadida "Futbol Ekspress" nashri klub bosh direktori Elbek Samatovga murojaat qildi.
- "Andijon" klubida moliyaviy tomondan umuman muammo yo‘qligini aytib, muxlislarni tinchlantirmoqchiman. Bir oylik maoshlari qolgan va u ham yaqin kunlar ichida to‘lanadi. Mukofot pullaridan ham umuman qarzdorlik qolmagan. Bu haqda bemalol futbolchilardan so‘rab, oydinlashtirib olishingiz mumkin. Yozgi selektsiya jarayonida bosh murabbiyimiz o‘zi tanigan, bilgan va "Paxtakor"da birga ishlagan futbolchilarga ishonishini bildirdi va Shatskixning talabidan kelib chiqib ish tutdik. Klubda tashkiliy yo‘nalishda hech qanday muammo mavjud emas. Keyingi ikki uchrashuvdagi omadsiz ishtirokimiz tufayli salbiy fikrlar bildirilayotganligini tushunib turibmiz. Barcha e’tiborimiz hozirda OChL-2 musobaqasiga qaratilgan. "Dinamo"ga qarshi bahsning qoldirilishi ham foydamizga ishlashidan umidvormiz va munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘shimcha vaqt yuzaga keldi.
OChL-2 bahslarining o‘z stadionimizda o‘tadigan o‘yinlari uchun chiptalar narxini qancha qilib belgilash haqida aniq bir qarorga kelinmadi. Taxminan ham ayta olmayman. Avval Ashxaboddagi dastlabki turni o‘tkazib olaylik, keyin aniqlashtiramiz. Rahbariyat bilan mazkur masalada maslahatlashib olishimiz darkor. Qolaversa OFKning bu borada talay talablariga amal qilishimiz kerakligi inobatga olinadi. Qaysidir sektorlarga umuman chipta sotilmasligi belgilanadi.
Safimizni tark etgan legionerlarning barchasi o‘zlari ketishni ixtiyor etishdi. Birortasini haydaganimiz yo‘q. Qanchalik saviyali futbolchi bo‘lishmasin, jamoada to‘p tepish ishtiyoqi qolmasa, ushlab o‘tirishdan foyda yo‘q. Altin Kruzeu ham 1-davradan keyin jamoadan ketish istagini bildirgandi. Yordami tegishini o‘ylab, amallab qoldirishga erishdik. Baribir ruhiyati ijobiy tomonga o‘zgarmay, o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etavermagach, xayrlashishga qaror qildik. Barcha ketgan xorijliklar bilan shartnoma ikkala tomonning o‘zaro kelishuviga binoan bekor qilindi.
"Andijon" bilan tuzgan shartnomalari yakuniga etgan Vladimir Bubanya, Levan Arveladze va Ildar Mamatkazinning yil boshida jamoani tark etishlari - bosh murabbiyning qarori edi. Xomyakovning oldiga jiddiy vazifalar qo‘yilgandi va yillik byudjet shunga qarab ko‘tarilgandi. Tabiiyki, Aleksandr Andreevich malakali, yosh va shijoatli ijrochilar hisobiga tarkibni shakllantirishni istadi. So‘ragan futbolchilarini olib berganmiz. Keyinchalik, ayrim qarorlari xato bo‘lganligi ko‘zga tashlandi".
Fikrlar