"AGMK "Surxon"ni unutishimga katta yordam berdi" - Husniddin G‘ofurov nima uchun klubini almashtirayotganini aytdi

  • 2 yanvar, 2022, 15:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bu yil 28 yoshni qarshilaydigan Husniddin G‘ofurov AGMKdagi faoliyatiga yakun yasagani to‘g‘risida yaqinda Sports.uz orqali xabar berganmiz.

Yarim himoyachi endi boshqa klub sharafini himoya qiladi. Unga ham qator takliflar bor. Ammo G‘ofurov bir qarorga kelgani yo‘q. Sports.uz muxbiri futbolchiga bir qator savollar bilan murojaat qildi. Husinddin avvalo AGMK bilan o‘tgan yilgi chempionatdagi natijasi haqida gapirdi.  

- Xudoga shukr, yaxshi. Lekin bundan ham zo‘r bo‘lishi mumkin edi. Omadimiz keldi desa ham bo‘ladi. Chunki biz 3-o‘rinni qo‘lga kirita olmasligimiz ham hech gap emasdi. Shu sababdan menimcha, yaxshi bo‘ldi deb o‘ylayman.

- Sizni AGMK bilan xayrlashganingizni eshitdik va “Navbahor”ga o‘tishingiz mumkinligi haqida ham ma’lumotlar bor. Bu masalaga oydinlik kiritsangiz...

- Ha, mening AGMK jamoasidan ketganim rost. Lekin “Navbahor” yoki boshqa jamoaga qo‘shilganim yo‘q. Hozircha uydaman, oldimda turgan variantlarni ko‘rib chiqyapman. O‘ylashimcha, yaqin kunlarda bir qarorga kelaman.

gofurov

- Xizmatingizga “Navbahor”dan qiziqish bo‘lgani rostmi?

- Menga “Navbahor”dan hech kim telefon qilgani yo‘q. Bu gap qaerdan chiqdi, bilmayman.

- AGMKni tark etishingiz nima bilan bog‘liq? Nimadandir ko‘nglingiz to‘lmadimi?

- Klub safida 1,5 yil o‘ynadim. Albatta, bu ko‘p o‘ynadi, degani emas. Shunchaki, muhitni o‘zgartirgim keldi va shuning uchun ketdim.

gofurov2

- 1,5 yil mobaynida AGMK safida to‘p surib yangi darajaga chiqdim, deb ayta olasizmi?

- “Lokomotiv” va “Paxtakor”dan keyin “Surxon”ga borganim xato bo‘ldi, deb o‘ylayman. AGMK esa “Surxon”ni unutishimga juda katta yordam berdi. AGMKdan keyin balki oldinga, balki orqaga ketish bo‘lar. Hammasi Allohdan.

- O‘sha paytda biz ham biroz ajablangandik. Aslida qanday qilib “Surxon”ga borib qolgandingiz?

- Kimlarnidir gapiga kirib xato qilib qo‘ygandim. Bu ham bir yaxshilikka bo‘lgandir.

gofurov3

- AGMK sizga yangi shartnoma taklif qilmadimi?

- Yangi shartnoma berishgandi. Lekin men ketishga qaror qabul qilib bo‘lgandim. Shuning uchun ular bilan do‘stona xayrlashdim.

- Sizni yana Superligada ko‘ramizmi yoki legioner sifatida chetga ketish haqida o‘ylayapsizmi?

- Tashqaridan ham, o‘zimizdan ham takliflar bor. Boya aytdim, tez orada bir qarorga kelaman. Hammasini o‘ylab chiqqan holda o‘zim hamda oilam uchun ma’qul bo‘lgan variantni tanlamoqchiman.

- Aynan qaysi klublarning takliflari sizni o‘ziga jalb etyapti?

- Bilasizmi, o‘zimizdan 2-3 ta yaxshi variantlar chiqyapti. Ammo nomlarini aytmaganim yaxshi.

gofurov1

- Chetdan tushayotgan takliflar qaerdan?

- Hozircha Osiyodan. Rosti, 2022 yilni chetda o‘tkazamanmi yoki Superligada qolamanmi, hali aniq emas. Bu borada bir narsa deyishim qiyin.

- 2022 yilda shaxsiy oldingizga qo‘ygan vazifangiz qanday?

- Qaerga borishimdan qat’iy nazar muxlislar uchun o‘ynamoqchiman. Ularni hamisha xursand qilmoqchiman. Ishqibozlar quvonishsa, biz ham quvonamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!