AGMK ketma-ket uchinchi marta finalga chiqa oladimi? Mirjalol Qosimov bilan hamkorlik yana davom ettiriladimi? Klub bosh direktori javob berdi

  • 9 dekabr, 2020, 19:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

AGMK klubi bu yil bir bosh baland sakradi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. O‘z tarixida ilk bor chempionatda bronza medalini qo‘lga kiritdi va bu jamoa uchun katta yutuq. Hali oldinda esa O‘zbekiston kubogidagi yurishini davom ettiryapti.

Tecno

Bilamizki, oxirgi ikki yildan beri olmaliqliklar finalgacha etib borishyapti. 2018 yili “Paxtakor”ni mag‘lub etib kubokni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan yili o‘sha raqibga yutqazgandi.

Bu yil ham yana bir bor finalga chiqish va kubokni boshi uzra ko‘tarish jamoaning maqsadi bo‘lib turibdi. AGMK klubi bosh direktori Muxtor Qurbonov sports.uz muxbiri bilan muloqotda jamoaning erishayotgan natijalari, kubokdagi ishtirok va bosh murabbiy masalasida o‘zining fikrlarini bildirdi.

- O‘zbekchilikda nasib degan gap bor, bu yil bizga uchinchi o‘rin nasib qildi, - deb gapini boshladi, Qurbonov. - Futbolda hamma yaxshi biladiki, bir jamoani yo‘lga qo‘yish, bosqichma-bosqich yuqoriga intilish, degan tushunchalar bor. Biror narsani qisqa fursatda bitirib, egasiga topshirsa, tezda buzilib ketishi mumkin. O‘tgan yili Mirjalol Qosimov bosh murabbiy bo‘lib keldi. So‘ng jamoani tuzdik, o‘rgandik. O‘shanda 8-o‘rinni oldik, kubokda finalgacha etib bordik. Ammo chempionatda egallagan 8-pog‘ona bizga mos emasdi. Baribir qadamba-qadam intilishda davom etdik. Bu yil ko‘rsatyapmizki, klub asta-sekin shakllanib, o‘z yo‘lini topyapti. Uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganimiz bejiz emas. Bunga munosib bo‘ldik. Tepamizda “Paxtakor” bilan “Nasaf” bor. Masalan, qarshiliklar ham doim shakllangan jamoa sifatida yaxshi taassurot qoldirishadi. Har yili sovrindorlar qatoridan joy olib keladi. “Nasaf” ayniqsa, ikkinchi davrada mazmunli o‘yin ko‘rsatdi.

Umuman olganda, yilning boshida AGMKga sovrindorlar qatoridan joy olish vazifasi qo‘yilgandi va buni uddaladik. Oldimizda esa kubok uchrashuvlari turibdi. Chorak finalga qur’a tashlandi, raqiblar bilindi. AGMK har bir o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarda muvaffaqiyatga erishish uchun astoydil harakat qiladi. Biz uchun mavsum hali tugamadi. Uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganimiz esda qolarli bo‘ldi va shu bilan birga tarixga kirdi. 20 dekabrda Namanganda final bo‘ladi. Biz shunga qarab intilyapmiz. “Lokomotiv”ni 3:0 hisobida yutganimizdan hamma mamnun bo‘ldi. Ammo barchasi hali oldinda, to‘xtab qolmaymiz. Nasib qilsa, 20 dekabr kuni Namangandagi finalda o‘ynamoqchimiz.

Muxtor Qurbonov3_1

Ikki yildan beri finalga chiqyapmiz va buni yana bir bor uddalamoqchimiz. “Lokomotiv”ga Kapadze kelgach, ancha shakllandi. Chempionatda esa bu raqibga yutqazib qo‘yganimizdan keyin deyarli ikkinchi o‘rindan ayrilgandik. Ularga qarshi kubokdagi uchrashuv esa biz uchun revansh bo‘ldi. Yana ikkita o‘yin qoldi va finalga chiqsak bundan ham xursand bo‘lamiz. Ketma-ket uch marotaba finalda ishtirok etish katta baxt. Biz shunga bor kuchimizni sarflaymiz.

Rahbariyat ham, futbolchilar ham Mirjalol Qosimov bilan yana birga ishlash tarafdori. To‘g‘ri, o‘tgan yili o‘zimiz o‘ylagan natijalarga erisha olmagandirmiz, ammo bu yilgi natijalardan hamma qoniqyapti. Hali kubokda ishtirokimizni davom ettiryapmiz. Umid qilamanki, Qosimov bilan hamkorligimiz to‘xtab qolmaydi. Keyingi yilga ham birga ishlaymiz. Hali AGMK jamoasining muvaffaqiyatlari oldinda deb o‘ylayman.

Oldimizga qo‘yilgan birinchi vazifani bajardik, ikkinchisi kubokni yutish. Ushbu musobaqadan keyin rahbariyat va murabbiylar shtabi barchamiz yana bir bor rejalar haqida gaplashib olamiz. Agar Osiyo Chempionlar ligasiga chiqsak, tarkibda albatta o‘zgarishlar bo‘ladi va yanada kuchliroq futbolchilarni jalb qilamiz. Jamoani bundan-da kuchaytirishimiz talab etiladi, - deya munosabat bildirdi, Qurbonov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!