
“Mourino – Vudvord jumbog‘i”: munosabatlar qanchalik jiddiy?
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi bosh murabbiyi ushbu yozda jamoatchilik oldida o‘zini ancha tajovuzkor tutmoqda. U va klubning ijrochi direktori o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik jiddiy va klubga qanday ta’siri bo‘ladi? Quyida shu haqida muhokama qilamiz.
Joze Mourino ushbu yozda unga kim kerak, kim kerak emasligini bilishini aytishdan charchamayapti.
“Liverpul”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 4-1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin portugaliyalik murabbiy o‘zi bilan AQSh turnesiga olib borgan klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari uning rejalariga umuman kirmasligini aytdi.
“Bu mening jamoam emas. Yarim tarkib yo‘q, bugun yo‘q bo‘lganlarni hammasi 9-avgustgacha klubda bo‘lmaydi” – deydi “o‘zgacha” murabbiy.
U shuningdek farzandi tug‘ilgani sabab klubni vaqtinchalik tark etgan Antoni Marsyalga ham ishonch bildirmasligini ta’kidladi.
“U farzandli bo‘ldi, xudoga shukur sog‘lom, chiroyli bo‘lib tug‘ildi, biroq u bu erda bo‘lishi kerak. U esa haliyam yo‘q” – deya shogirdini tanqid qildi.
Hammasidan ham ko‘ra uning Ed Vudvord bilan transfer bozoridagi maqsadlari mushtarak emasligi klub muxlislarini havotirlantirmoqda.
“Siz mendan futbolchi sotib olishimni, tarkibga qo‘shishimni so‘raysiz. Men yana ikki futbolchiga ehtiyoj sezayapman. O‘ylaymanki bu ikki futbolchi menda bo‘lmasa kerak.”
“Fikrimcha kamida bittasiga ega bo‘lishimiz mumkin. Buning iloji bor. Men klub mutasaddilariga bir necha oy oldin beshta ismni berganman. Men shu futbolchilardan hech bo‘lmaganda bittasiga ega bo‘lishni kutyapman.”
Mourino ikki yil oldin “Old Trafford”ga kelganidan beri klubning transfer bozoridagi siyosatidan bunchalik qoniqmaslikni namoyish qilmagan. Ayniqsa Ed Vudvordga nisbatan.
“MYu”ning ko‘plab muxlislari klub ijrochi direktorining ishidan jiddiy havotir olmoqda. Garchi so‘nggi ikki yilda Vudvord Mourinoning ko‘plab istaklarini amalga oshirib kelgan.
Birgalikda ishlay boshlagan yilda “MYu” portugaliyalik murabbiyning to‘rtta transfer nishonini olib kelgan. 2017-yilda faqatgina Ivan Perishich klub “o‘ljasi” bo‘la olmadi.
Mourino o‘tgan yozgi transfer bozorida uning 75 % orzusi amalga oshirilganidan ko‘ngli hotirjamligini aytgan edi.
“Men janob Vudvordga rejalarimda to‘rt kishi borligini aytdim. Qo‘shimcha tarzda, “Xotirjam bo‘l, men bosim o‘tkazmayman, klub uchun eng yaxshi deb o‘ylayotganingni bajar” dedim” – degandi.
Biroq bu yozda bosh murabbiy uning ro‘yxatini amalga oshirishda klubni ayblash uchun barcha frontlardan “hujum qilmoqda”.
Dastlab u Jahon Chempionati vaqtida RT ga Ivan Perishich transferi amalga oshmay qolgani haqida berilgan savolga o‘ziga xos tarzda javob qaytargandi. Keyin esa AQShdagi turne davomida matbuot anjumanlarida klub transfer siyosatiga “tosh ota boshladi”.
Uning ommaviy chiqishlari klub atrofida mish-mishlarni yanada kuchaytirmoqda. Klub Mourino va Vudvord o‘rtasidagi munosabatlar taranglashib ketishidan qo‘rqmoqda. Ammo Mourino Vudvord u istagan futbolchilarni olishga harakat qilayotganini tan olmoqda. Biroq u klub mutasaddisini kelishuvni amalga oshirishda qat’iyatlik ko‘rsata olmayotganidan norozi.
Mourino ushbu yozgi transfer bozorini umuman unutmasa kerak.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar