
Janubiy Koreyaning 2016 yilgi o‘yinlariga nazar
O‘zbekiston terma jamoasi ertaga, 15 noyabr kuni JCh-2018 saralash bosqichi 4-bosqichining 5-turida mehmonda Janubiy Koreya termasiga qarshi bahs olib boradi. Shu bois, biz raqibimizning bu yil o‘tkazgan o‘yinlari haqida malumot berib o‘tishni joiz deb topdik.
1. 24.03.2016
Janubiy Koreya - Livan 1:0
Koreyaliklar bu yilgi ilk o‘yinini jahon chempionati saralash bosqichida Livanga qarshi o‘tkazishdi. Ansan shahrida 30 mingdan ortiq muxlislar ko‘z o‘ngida mezbonlar Li Jeong-Xyop tomonidan 90+3 daqiqada kiritilgan yagona gol evaziga g‘alaba qozonishdi.
2. 27.03.2016
Tailand - Janubiy Koreya 0:1
Oradan 3 kun o‘tgach Koreyaliklar Tailandda o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi. O‘yinning 4-daqiqasida Suk Xyun-Jun tomonidan urilgan yagona gol evaziga, yana minimal hisobda zafar quchishdi.
3. 01.06.2016
Ispaniya - Janubiy Koreya 6:1
Yozning ilk kunida janubliklar Zaltsburgda Ispaniya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkillashtirishdi. O‘yin ispanlarning to‘liq ustinligida o‘tdi. Jahon va 3 karra Evropa chempionlarining 6 ta goliga koreyslar tarkibida Ju Se-Jong bitta gol bilan javob qaytara oldi.
4. 05.06.2016
Chexiya - Janubiy Koreya 1:2
4 kundan so‘ng Koreyaliklar Pragada Chexiya termasi bilan ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishdi. Bu safar Uli Shtilike shogirdlari Yun Bit Garam va Suk Xyun Jun tomonidan urilgan gollar evaziga g‘alaba qozonishdi.
5. 01.09.2016
Janubiy Koreya - Xitoy 3:2
JCh-2018 saralashining 4-bosqichdagi ilk o‘yinida Janubiy Koreya o‘z maydonida Xitoyni qabul qildi. Jeng Jining avtogoli, Li Chang Yong va Ku Ja Cholning gollari evaziga 3:0 hisobida oldinga chiqib olgan mezbonlar, biroz xotirjamlikka berilishdi. Natijada o‘yin oxirida 2 ta gol o‘tkazib yuborib, qiyin g‘alabaga erishishdi.
6. 06.09.2016
Suriya - Janubiy Koreya 0:0
5 kundan keyin JCh saralashining 2-turida Seremban shahrida Suriya bilan to‘qnash kelgan Shtilike shogirdlari kutilmaganda 2 ochko yo‘qotishdi. Suriyaliklar o‘ziga xos jasorat ko‘rsatib Koreyaliklardan ochko olishdi.
7. 06.10.2016
Janubiy Koreya - Qatar 3:2
Saralashning 3-turida Qatarni qabul qilgan Koreyaliklar Ki Sung Yongning 11-daqiqada kiritgan golidan keyin oldinga chiqib olishgan edi. Biroq taym oxiriga qadar Qatarliklar 2 ta gol urishdi. Shtilike shogirdlari ikkinchi bo‘limda tashabbusni qo‘lga olib 2 daqiqada 2 ta gol urib, g‘alabani o‘zlariniki qilib olishdi.
8. 11.10.2016
Eron - Janubiy Koreya 1:0
Janubiy Koreya termasining ushbu yildagi eng yomon o‘yini Eronga qarshi bahsga to‘g‘ri keldi. Butun 90 daqiqa davomida atigi 1 ta noaniq zarba yo‘llagan jamoa, Sardor Azmunning yagona goli evaziga mag‘lubiyat alamini chekib ko‘rishga majbur bo‘ldi.
9. 11.11.2016
Janubiy Koreya - Kanada 2:0
Roppa-rosa 1 oydan so‘ng Koreyaliklar o‘z uyida Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi. Kim Bo Kyung va Li Jong Xyop tomonidan kiritilgan gollar evaziga mezbonlar 2:0 hisobida zafar quchishdi.
Statistikalar
1. Janubiy Koreya terma jamoasi 2016 yilda 9 ta o‘yin o‘tkazib, 6 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etishgan. To‘plar nisbati 13:12
2. Koreyaliklar 5 ta rasmiy o‘yinda 3 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etishgan. To‘plar nisbati 7:5
3. Koreyslar o‘z maydonidagi 4 ta bellashuvning barchasida g‘alaba nashidasini surishgan. To‘plar nisbati 9:4
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar