
Islom Ahmedov: Bizning rahbarlarga indamasdan, xo‘p deydigan murabbiylar kerak
Ayni paytda Toshkentda murabbiylar uchun OFKning “A” litsenziyasiga o‘quv-kurslar davom ettirilmoqda. Tajribali instruktor Islom Ahmedov boshchilik qilayotgan guruhda 24 nafar bo‘lajak murabbiylar tahsil olishyapti. Jumladan, Sherzod Sharipov, Yuriy Siyanov, Ne’matillo Quttiboev, Alisher Bozorov, Viktor Karpenko, Sobir Xodiev, Vitaliy Lushachev, Anvar Almatov, Xayrulla Karimov, Abbos Abdullaev, Shuhrat Qoraboev, Zokir Xayotov, Asror Aliqulov, Abdumajid Toirov, Durbek Umaraliev, Diyor Mirzaboev, Temur Turdiev, Naufal Boboev, Abdumalik Hakimov, Aleksandr Ejov, Eldor Moyliev, Timur Kapadze, Yuriy Arslonov, Rustam Oripov kabi muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan sobiq futbolchilarni uchratish mumkin. Ko‘pni ko‘rgan va ko‘plab shogirdlar etishtirgan Islom Ahmedov bilan bir qator muhim masalalarda fikr almashdik.
Murabbiylarimizdagi muammo haqida
- Bizda katta muammo bor. Nimagadir rahbarlarimiz o‘zimizning murabbiylarga ishonishmaydi. Nimaga deganda, barcha rahbarlarga indamasdan xo‘p deb ishlaydigan murabbiylar kerak. Vaholanki, xorijdan kelgan murabbiy qanday talablar qo‘ysa, rahbarlar barchasiga xo‘p deyishadi. Vaholanki, xuddi shunday talab va istaklarni o‘zimizning murabbiylarimiz aytishsa, har doim mutasaddilar yo‘q deyish uchun qandaydir sabablar topishadi. Shu bois ular mahalliy murabbiylarni unchalik yoqtirishmaydi. Lekin murabbiylar nima talab qilishsa ham faqat ishlash uchun so‘rashadi-da. Aytaylik, yaxshi maydon, sharoitlar ega bo‘lgan yotoqxona, ovqatlanish, avtobus, xullas, futbolchilar qiynalmasligi uchun hamma sharoitlar bo‘lishi lozim va murabbiyga shular kerak. Bizni murabbiylar shu narsalar haqida so‘rasa, doim rahbarlar hamma narsa bor, faqat ishla deyishadi. Hamma narsaga xo‘p deb ketaveradigan murabbiylarni o‘zingiz tushanasiz. Bunday toifadagilar mutaxassis emas.
O‘quv-kursi xususida
- Bizda hozir ajoyib guruh bor. Kurs boshlanganiga ikki haftadan oshdi, ularga dars o‘tib maza qilyapman. Har doim ham bunday guruh yig‘ilavermaydi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperni ham o‘quv kursimizga taklif qildim. Men buning uchun qo‘l ostimda o‘qiyotgan murabbiylarni tayyorlab qo‘ydim. Kuper o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi va savol-javob qilamiz. Bu guruhimizda o‘z vaqtida tajribali hisoblangan sobiq futbolchilar yig‘ilishgan. Endilikda ular bo‘lajak murabbiylarga aylanishyapti. Ular katta-katta musobaqalarni ko‘rishgan, shu bois dunyoqarashlari ham keng. Futbolni yaxshi tushunishadi. Faqat bir narsadan havotirdaman. Ularda kelajak yo‘q. Hozirda qo‘l ostimdagilarga to‘g‘ri narsalarni o‘rgatyapman va buni o‘quvchilar tushunishyapti. Lekin bizdan olgan bilimlarini keyin qaerda ishlatishadi? Kim mahalliy murabbiyga imkoniyat beradi? Rahbarlarimiz o‘zini yo‘liga yuradigan, xo‘p deydigan murabbiylarni ishga olishadi. Keyin esa gapirishadi, O‘zbekistonda yaxshi murabbiylar yo‘q deb. Lekin bizda aqlli va iste’dodli murabbiylar avlodi etishib chiqishyapti. Shunchaki, ularga imkoniyat yaratib berish darkor. Timur Kapadze ish boshlashga tayyor, uning dunyoqarashi ham keng. Futbolni atroflicha tushunadi. Muomalasi ham joyida. U kelajakda xorijda ham bemalol ishlay oladi deb o‘ylayman. Viktor Karpenko va Xayrulla Karimov masalasida ham shu fikrlarni aytishim mumkin. Ularni “S” litsenziyasidan beri o‘qitib kelyapman. Imkoniyatlarini yaxshi bilaman, o‘sish ko‘zga tashlanib turibdi, bemalol ishlab ketishadi. Bizda murabbiylar etarli.
Ahmedovni o‘ylantirayotgan yana bir muammo
- Bilasizmi, ish yuzasidan ko‘plab mamlakatlarda bo‘laman. Ochig‘i, boshqa yurtdagi futbolchilar bilan o‘zimizdagilarni solishtiraman. Tan olish lozim, bizdagi iqtidorli yigitlar kuchliroq. Shunchaki, ularni yanada ko‘proq ishlatish kerak. Xo‘sh, buning uchun murabbiylar kerak, to‘g‘rimi? Bizda murabbiylar ko‘p deymiz. Ammo shu kungacha mening qo‘l ostimdan qanchadan-qancha murabbiylar chiqdi, ammo qani ular? Murabbiyga ish berildimi, unga umuman aralashish kerak emas. Xorijlik murabbiy ishlasa unga yaqinlasha ham olishmaydi. Ammo mahalliy murabbiy ishlasa, unga hamma o‘rgata boshlaydi. Futbolda hamma o‘z ishini bajarishi shart. Lekin bizda birovlarning ishiga aralashish odatlari ko‘p. Bu futbolimizdagi muammolardan biri. O‘zini hurmat qilgan murabbiy esa bunday joyda ishlamaydi.
Yurtimizdagi xorijlik mutaxassislar haqida
- Yuqorida aytganimdek, xorijdan kelgan mutaxassisga hamma sharoitlarni yaratib berishadi. Aksincha, mahalliy murabbiylarga esa etarli darajada emas. Har bir murabbiyning ishi – bu jamoasi maydonda qanday o‘yin ko‘rsatayotganida bilinadi. To‘g‘risi, Arveladze va Kanchelskisning qanday ishlashayotganini bilmayman. Jamoalarini esa qanday o‘yin ko‘rsatayotganini ko‘ryapman. Murabbiylarning ishiga o‘z jamoasining qanday o‘yin namoyish etayotgani orqali xulosa chiqarish kerak. Lekin yurtimizda ishlayotgan xorijlik murabbiylar to‘g‘risida bir nima deyish men uchun noqulay. Ularga siz jurnalistlar chetdan kutazib baho bersanglar bo‘ladi. Agar men nimadir desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Mendan mahalliy murabbiylar to‘g‘risida so‘rasangiz etarli darajada javob beraman. Bizda ham kuchli mutaxassislar bor, shunchaki etarlicha imkoniyat berish va murabbiylarga quloq solish kerak.
Murabbiylarimiz uchun xorijdan ishlash qiyinmi?
- Futbolda ishlayotgan agentlardan so‘rasangiz ham bo‘ladi. Klublar o‘zlariga birinchi navbatda Evropadan murabbiy istashadi. Qachonki, bizning murabbiylardan kimdir chetda ishlamoqchi bo‘lsa, uning ortida kuchliroq odam bo‘lishi kerak. Lekin bizning mutaxassislarimiz arab klublarida, umuman Osiyoda ishlashlari mumkin. Biroq Osiyo jamoalarida pul bo‘lsa ular ham birinchi navbatda Evropadan murabbiy chaqirishadi. Shuning uchun mutaxassislarimizga chetga ketish qiyin. Saviyasi past chempionatlarga kim boradi? Hindiston va Bangladesh kabi chempionatdagi klublar murabbiy so‘rashyapti, ammo u erga kim boradi? Kimga kerak, bu? Saviyasi past, futbol ham unchalik rivojlanmagan. Aksincha, qit’amizdagi futboli rivojlangan chempionatlarda esa asosan xorijdan kelib ishlashyapti. Aslida ulardagi murabbiylar ham u qadar kuchli emas. Shunchaki, ularda Evropa pasporti bor, xolos. Chetga chiqish uchun til muammo bo‘lishi haqida aytishyapti. Ammo til bilish unchalik muammo sanalmaydi. Chunki buni o‘rganib olish mumkin.
Keyingi rejalar
- Bundan keyin bizda “Pro” litsenziyasi uchun kurs boshlanadi. Evropadan instruktor keladi, men esa unga yordamlashaman. So‘ng FIFA yo‘nalishi bo‘yicha bir haftaga Qirg‘izistonga borib kelaman. Dekabrda Osiyo Kubogi musobaqasi uchun ham yig‘ilish bo‘ladi va unga ham borib kelaman. So‘ngra 2 yoki 3 yanvarda BAAga bir oyga jo‘nab ketaman. U erda Osiyo Kubogi musobaqasida tahliliy guruh markazida ishlaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar