Intizomsiz Dembele «Barsa»da ortiqchami?

  • 24 noyabr, 2018, 15:43
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Barselona» 21 yoshli iqtidor egasini Neymarga o‘rinbosar sifatida olib kelgandi va buning uchun 147 million evroning bahridan o‘tishga rozi bo‘ldi. Ammo frantsiyalik hujumchi so‘nggi vaqtlarda klub rahbariyati tomonidan intizomsizlikda va o‘z ishiga noprofessional tarzda munosabatda bo‘layotganini tanqid qildi. Usmon Dembele o‘yin amaliyoti berilganida o‘zini ko‘rsata olmoqda, ammo u klub mutasaddilari aytganidek ichki muhitni buzmoqdami?

Tecno

Minglab yosh futbolchilar tug‘ma iqtidorlari bo‘lishiga qaramay o‘z o‘yinlarini yuqoriga olib chiqa olmasligiga ko‘plab sabablar bor.

Shulardan biri omadsizlik bo‘lsa, ikkinchisi xulq-atvor hisoblanadi. Usmon Dembele esa yuqorida tilga olingan ikkala sababdan aziyat chekmoqda.

Mario Balotelli, Antonio Kassano va Xatem Ben Arfalar jahon chempioni bo‘lish uchun etarlicha iste’dodga ega edi. Ammo ular bunga erisha olishmadi.

Frantsiyalik hujumchi esa «Kamp Nou»dagi ilk mavsumini jarohatlar sabab deyarli o‘tkazib yubordi. Bu esa unga o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishga va asosiy tarkibda o‘z o‘rnini egallashiga to‘sqinlik qildi.

Ammo ikkinchi mavsumida yaxshi start olgani, ko‘plab muhim gollar urganiga qaramay, Dembelening o‘zini tutishi va munosabati yana zaxiraga mixlanib qolishiga sababchi bo‘lmoqda.

Hech kim o‘smirlik chog‘ida vatanni tashlab xorijga ketishni va moslashishni oson bo‘ladi demaydi. O‘tish davri Dembeleda qiyin kechmoqda.

«Borussiya Dortmund»dan noprofessional tarzda «Barselona»ga ko‘chib o‘tishi orqasidan kataloniyaliklar yosh yulduzchasining o‘zinini tutishidan ajablanmasligi kerak.

2017-yil yozida Kataloniyaga ko‘chib o‘tganidan beri u mashg‘ulotlarga ko‘pincha kechikib kelmoqda yoki turli bahonalar o‘ylab topib o‘tkazib yubormoqda va bu bilan klubga, klubdoshlariga hurmatsizlik ko‘rsatmoqda.

Maydonda u «Barsa»ning o‘yin tezligiga moslasha olmayapti. Bundan tashqari uning noto‘g‘ri vaqtlarda ham video-o‘yinlarga bo‘lgan ishtiyoqi parhez tutishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, uning uyida tezpishar ovqatlarning idishlari topilgan. Bu bilan undagi sog‘lom ovqatlanish tarzi rioya qilinmasligini ko‘rsatib beradi.

Dembele boz ustiga ispanchani ham yaxshi gapira olmaydi. Bu esa unga jamoadoshlari bilan til topishishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Katalon va Madrid OAVlariga ko‘ra, klub u bilan xayrlashish yo‘llarini qidirmoqda. Klub prezidenti Jozep Bartomeu va sport ishlari bo‘yicha direktori Pep Segura hujumchining agenti bilan vaziyatni muhokama qilish uchun uchrashishgan. Agenti esa klub mijozi haqida turli gap-so‘zlarni ovoza qilishni to‘xtatishni so‘ragan.

Vingerning yangi «xurmacha qiliqlari» chiqishi ortidan kataloniyaliklar borgan sari uni sotib yuborish payiga tushgan.

Hujumchi uchun 147 million evro sarflagan klub Dembeledan shunga yarasha ish qilishini kutadi. Ammo vaziyat chigallashib borarkan, «ko‘k-anorranglilar» uni yaxshigina pulga sotib yuborishni istashi aniq.

Dembelening muammolari OAV emas, uning o‘zidir. Buni «Barselona» vakillari ham, kiyinish xonasidagilar ham aytmoqda. «Betis»ga qarshi o‘yinda o‘yin qaydnomasidan ham tushib qolgan Dembele haqida Pike qiziq gaplarni aytdi: «Agarda murabbiy uni chaqirmayotgan bo‘lsa, u o‘z o‘yinini yanada yaxshilashi kerak. Biz hammamiz unga yordam berishga tayyormiz. Biz ham u kabi yosh bo‘lganmiz, unga o‘xshab xatolar qilganmiz. Tajribamdan bilaman, Dembelega o‘xshaganlarni futbol 24 soat davom etishini, boshidan to oxirgi daqiqalargacha birga yashash kerakligini uqtirish shart.»

Suares ham hamkasbiga o‘ziga xos tarzda nasihatlarini bildirdi. «Usmon futbol har bir o‘yinchi uchun sharaf ekanligini biladi, o‘ylashimcha u ko‘proq e’tiborini jamlashi va ba’zi jabhalarda jiddiyroq bo‘lishi kerak.»

Dembelegacha Neymar ham klubda professional hayot tarzini o‘tkazmagan, biroq 11-raqam egasidan farqli tarzda u hafta sayin o‘z mahoratini toblab borardi.

Turli xil bazmi-jamshidlar, o‘yinqaroqlik, do‘stlar davrasida ko‘p vaqtini o‘tkazganiga qaramay «Barsa» uning bu qiliqlariga ko‘z yumgan, sababi u Lionel Messi va Luis Suares yonida raqib himoyasini yanchib tashlardi. O‘yinlarni yutib berardi, jamoaga katta foydasi tegardi.

Dembele ham ana shunday hayot tarzini o‘tkazmoqda, biroq u Neymar kabi sifatli o‘yin namoyish qilmayapti. Yaqinda klub shifokori Dembelening uyiga oshqozoni buzilganini tekshirishga borganida boshqa holatning guvohiga aylandi.

Ispan nashri Sport ning xabar qilishicha, shifokor kelganida Dembelening uyida uning do‘stlari uxlab yotgan, hujumchi ham shirin uyquda bo‘lgan ekan.

Neymar ham bunday ko‘ngilxushliklarga ishqiboz edi, lekin bu uning o‘yiniga mutlaqo ta’sir qilmasdi.

Dembele esa aksincha asosiy tarkibdagi o‘rnini Artur Meloga yutqazib qo‘ydi. Hatto Messi jarohat olib safdan chiqqanida ko‘p qirrali yarim himoyachi Rafinya asosiy tarkibda argentinalik futbolchining o‘rnini egalladi.

Vaqt esa o‘tib bormoqda. Qishki transfer bozori ham yaqinlashib kelmoqda. Gap-so‘zlarga ko‘ra kataloniyaliklar rahbariyati Dembele bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.

Usmonning uyg‘onish vaqti keldi, aks holda u dunyoning eng kuchli klubi safini tark etishi muqarrar.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!