
Abdumalik Xalakov: Ukrainalik bokschi bilan o‘zaro hisob-kitobimiz bor edi
Ushbu muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. U musobaqa davomida Argentina, Albaniya, Ukraina vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Bokschimiz finaldagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«O‘yinlarga litsenziya qo‘lga kiritishning o‘zi qiyin bo‘lgandi. Budapeshtda o‘tkazilgan jahon chempionatida beshta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongandim. O‘shanda o‘z oldimga o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lish vazifasini qo‘ygandim. Bundan boshqa o‘rinni o‘ylab ham ko‘rmagandim va tayyorgarliklarga zo‘r berdim.
Garchi, muxlislar tinimsiz ravishda qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsalarda, argentinalik bokschiga qarshi jangda ko‘p ham qiynalganim yo‘q. Finalda esa ukrainalik raqibga qarshi bahs qiyin bo‘ldi. U jang davomida ring bo‘ylab qochib yurdi. Ozarbayjonda o‘tkazilgan musobaqada unga mag‘lub bo‘lgandim. Bu safar men revansh olmoqchi edim. O‘zaro hisob-kitoblarimiz bor edi. Men ko‘rsatmalarni to‘liq bajardim. Endi kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida ishtirok etmoqchiman. Hali yanada rivojlanishim kerak. Kelajakda o‘z imkoniyatlarimni kattalar o‘rtasidagi Olimpiadada namoyish etmoqchiman», – deb Xalakovning so‘zlarini keltirib o‘tdi MOQ rasmiy sayti.
Fikrlar