"Yutqazaversa ham tarkib o‘zgarmasdi, men "Andijon"ni tanladim qolgan gaplar endi ortiqcha" - Bobur Davlatov ko‘p masalaga oydinlik kiritdi

  • 22 mart, 2022, 22:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Iste’dodli yarim himoyachi Bobur Davlatov bu yil “Andijon” sharafini himoya qilishga qaror qildi. Uni muxlislarga ortiqcha tanishtirishga hojat bo‘lmasa kerak.

Tecno

Bir necha mavsum davomida Qozog‘iston va Rossiya chempionatida legioner sifatida to‘p surgan.

- “Andijon” klubiga o‘tishingizning sababi nimada bo‘ldi? Bu borada kim turtki berdi?

- Amakim – Bahrom Bayjanovich bilan jamoamiz bosh murabbiyi Viktor Balyutovich yaxshi munosabatda. Shuning uchun amakim menga seni Viktor Kumikov chaqiryapti, xohlaysanmi, dedi. Natijada ushbu jamoaga o‘tishga rozi bo‘ldim.

- “Andijon” yangi jamoa sifatida sizda qanday taassurot qoldiryapti?

- Viktor Balyutovich yaxshi murabbiy. Uning o‘ziga yarasha uslubi bor. Shu narsa ham turtki bo‘ldi. “Metallurg”da unchalik o‘ynamadim. Bu erda esa o‘zimni ko‘rsatishim uchun imkoniyat bo‘ladi.

davlatov2

- O‘tgan mavsumda “Metallurg”ga ko‘chib o‘tganingizda o‘zingizni ko‘rsatishingizni kutgandik. Ammo nimadir bo‘ldi-yu, sizga etarlicha imkoniyat berishmadi. Buning sababi bizga qorong‘u. Aslida nima bo‘lgandi?

- Nima sababligini aytib o‘tirmayman. Faqat bir narsani aytamanki, u erda doim tarkib bir xil bo‘laverardi. Masalan, jamoa ettita o‘yindan beri g‘alaba qozona olmasdi, ammo tarkib o‘zgartirilmasdi. Nimaga bunday, bilmayman. Holbuki, mashg‘ulotlarda hamma bilan tengma-teng kurashardim, mehnat qilardim. Ammo nimadir deyaversam, ko‘pchilik bahona sifatida qabul qilishi mumkin. Lekin oddiy misol, jamoa boshida qanday edi, keyin qanday bo‘ldi? Hammasi bekordan-bekor bo‘lmaydi, nimadir noto‘g‘ri edi. “Metallurg”ga o‘tishim xatomidi? Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Albatta, o‘yin jihatidan olib qarasak, albatta xato bo‘ldi. Faqat uyimga yaqin bo‘lgani uchun u erga o‘tgandim. Karantin paytida hadeb uzoqqa borib kelavermasdik, keyin uyimga, oilamga yaqinroq bo‘lishi uchun bu taklifga rozi bo‘lgandim. Lekin umumiy ma’noda afsuslanmayman, bo‘lar ish bo‘ldi.

- “Andijon”ga kelishingizdan avval oldingizda boshqa jiddiy takliflar ham turganmidi?

- Hozir unday yoki bunday desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Aniq variant “Andijon”dan bo‘ldi va men shu erdaman. Qolgan gaplar endi ortiqcha.

davlatov4

- Hozircha jarohatingiz tufayli yangi jamoangizga yordam bera olmayapsiz. Bu jarohatni qaerda orttirib oldingiz?

- Turkiyadagi yig‘inda bo‘ldi. “Vorskla”ning yoshlari bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida jarohat oldim. To‘g‘ri, hozir jamoadoshlarim maydonda o‘ynashyapti va meni bunday paytda chetda qolayotganim biroz qiyin. 100 foiz to‘liq formamni tiklab olishimga yana ozgina vaqt kerak.

- Muxlislar sizni maydonda qachondan ko‘rishlari mumkin?

- O‘zimcha taxmin qilayotganim shunday: “Yangier”ga qarshi O‘zbekiston Kubogidagi o‘yingacha tayyor bo‘lib qolsam kerak. To‘g‘risi, men operatsiya bo‘larmikin, deb qo‘rqqandim. Xudoga shukurki, operatsiyaga xojat qolmadi, davolanish orqali tiklanyapman.

davlatov1

- Jamoangizning uchta o‘yinini ko‘rdingiz, uch xil natija. Bu xususida qanday taassurotdasiz?

- Ko‘ryapsiz, pro ligada aksar jamoalarning saviyasi teng. Uchrashuvlarni ko‘ryapmiz, har qanday jamoa istalgan raqibiga qarshi o‘ynay oladi. Bizni o‘z maqsadimiz bor, Superligaga chiqishga harakat qilamiz. Keyingi bellashuvlarda futbolchilar bilan kelishib, hamjihatlikda o‘ynaymiz. Chempionat endi boshlandi, hammasi oldinda

- “Xorazm”dan uchralgan kutilmagan mag‘lubiyatni qanday qabul qildingiz?

- Bu o‘yin translyatsiya qilinmadi. Faqat internet orqali bilib turdim. U paytda “Yangier” bilan “Mash’al” o‘yinini ko‘rayotgandim. Chunki “Mash’al” bilan ham o‘yinimiz bor. Bir payt internetdan qarasam hisob 2:0 ekan. Asosiy tarkibda esa legionerlar yo‘q edi. Balki shu ham ta’sir ko‘rsatgandir. Bo‘ldi, bu o‘tib ketdi. Faqat oldinga qarash kerak. Biz g‘alaba qozonamiz, jamoaga ishonaman. Bu erda hammasi o‘ynaydigan futbolchilar. Dastlabki turlardagi ochko yo‘qotishlar vaqtincha. Biz g‘alabali o‘yinlarimizni boshlab olamiz. Mavsum boshida esa o‘yin jihatidan ayrim qiyinchiliklar bo‘lib turadi.

davlatov5

- 2019 yili “Nasaf”dan Rossiyaga, “Nefteximik” jamoasiga ketdingiz. U erdan qaytgach endi nimani ko‘zlayapsiz?

- Jarohatdan keyin boshidan boshlash uchun ham “Andijon”ga keldim. “Metallurg”da ham o‘ynasam bo‘lardi, mayli endi, gapirishni foydasi yo‘q. To‘liq tuzalib olsam, “Andijon”ga yordam berishga harakat qilaman, hozirgi maqsadim shu. Axir vazifamiz Superligaga qaytish. Bu yo‘lda men ham o‘z hissamni qo‘shishim kerak.

- Legioner sifatidagi faoliyatingiz qanday kechdi?

- Boshida jarohat olganim bois bir yarim yil vaqt ketib qoldi. To‘g‘ri, undan ertaroq maydonga qaytsam bo‘lardi. Ammo karantin bo‘ldi. Klubimga qo‘shilgunimga qadar ham vaqt kerak bo‘ldi. Yomon bo‘lmadi, gollarga pas berdim. To‘g‘ri, gol ura olmasam ham jamoamga yordam berayotgandim. Faqat yangi bosh murabbiy – Novikov kelgach, u bilan chiqisha olmadik. Keyin qaytishimga to‘g‘ri keldi. “Andijon”da esa muhit yaxshi. Klubda yoshi katta tajribali o‘yinchilar bilan birga iqtidorli yoshlar ham bor. Ya’ni, bu erda balans bor.

davlatov6

- Jamoaning yirik mag‘lubiyati muxlislarga og‘ir botdi. Ular jamoa uchun qayg‘urishyapti...

- Andijonlik ishqibozlar juda zo‘r va juda talabchan. Nima deyman, o‘yin o‘tib ketdi, faqat oldinga harakat qilish shart. Endi uchinchi tur tugadi, hali uchrashuvlar rosa ko‘p. Boshqa klublar ham yutqazishyapti. Hozir 1-o‘rinda “Xorazm” turibdi, buni hech kim kutmagandi. Faqat muxlislar biroz sabrli bo‘lishsin va oldimizda turib qo‘llab-quvvatlashsin, hammasi yaxshi bo‘ladi. Barchasi hali oldinda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!