
Yovan Jokich: "So‘g‘diyona" - Superligadagi eng yaxshi himoyalanadigan klub, har bir o‘yin biz uchun birdek muhim, men uchun ligani yutish qiziqroq bo‘lardi
"Navbahor" jamoasi O‘zbekiston kubogi yarim finalida "So‘g‘diyona"ni penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etdi. Ushbu bahsdan so‘ng SPORTS.uz sayti namanganliklar legioneri Yovan Jokich bilan aloqaga chiqdi va uning fikrlari bilan qiziqdi.
G‘alaba bilan tabriklaymiz! Birinchi savol: kechagi o‘yin haqidagi fikrlaringiz qanday?
- O‘yindan oldin ham bizni juda ko‘p standartlar va kurashlarga ega bo‘lgan juda qiyin uchrashuv kutib turganini bilardik. Bahs boshidanoq gol urishga harakat qildik. Raqib Superligadagi eng yaxshi himoyalanadigan klub. Ularning mudofaasini yorib o‘tish oson emas. Shunga qaramay, muhimi, maqsadimizga erishdik.
- "So‘g‘diyona"da eng muammo tug‘diradigan futbolchi kim edi?
- “So‘g‘diyona” - juda ko‘p xavfli o‘yinchilarga ega bo‘lgan jamoa. Ular aniq uzatmalar va qarshi hujumlarda xavfli. Shuning uchun kim xavfliroq ekanini ayta olmayman.
- Penaltilar seriyasi vaqtida o‘zingizni qanday his qildingiz?
- Ko‘rganinigizdek, og‘ir-bosiqlik bilan bajardim. Faqat jamoamga yordam berib, finalga chiqish haqida o‘yladim.
- Finalda jamoangiz “Nasaf” bilan o‘ynaydi. Bu mavsumning eng muhim o‘yini bo‘lishi mumkinmi yoki muhimroq o‘yinlar oldinroq bo‘lib o‘tdimi?
- Har bir o‘yin biz uchun birdek muhim. Shunday ekan, final ham bu mavsumdagi eng muhim o‘yinlardan biri.
- “Nasaf”ning eng xavfli futbolchisi...
- Eng xavfli "Nasaf" futbolchisi.. Agar bunga javob berishim shart bo‘lsa, butun jamoani sanab o‘tishim kerak bo‘ladi (kuladi).
- Jamoaning asosiy maqsadi Superligami yoki kubok?
- Ikkisida ham g‘alaba qozonishni xohlaymiz. Agar omadimiz kelsa, ikkisini ham yutamiz. Ammo men uchun ligani yutish qiziqroq bo‘lardi.
Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.
Fikrlar