
Yapon klublari legionerlardan voz kechyaptimi? Chempionatimizga qaytish niyati bormi? Nega terma haqida gapirishni istamaydi? - Fozil Musaevning rejalari haqida
Bir necha mavsum Yaponiya chempionatida to‘p surgan Fozil Musaev bu yilgi chempionatni boshqa klubda davom ettiradi. Chunki “Jubilo Ivata” bilan xayrlashdi.
Faqat hamyurtimizning qaysi chempionatda to‘p surishi hozircha ma’lum emas. Sports.uz muxbiri futbolchi bilan bog‘lanib ayrim masalalarga oydinlik kiritishga harakat qildi.
- Yaqinda “Jubilo Ivata” bilan tuzgan shartnomangiz tugagani bois klubni tark etganingizni eshitdik...
- Ha, bu to‘g‘ri. Shartnomam tugagani sababli jamoani tark etdim.
- Yaponiyada bir necha yil davomida to‘p surdingiz. U erdagi faoliyatingiz mobaynida qanday o‘zgarishlarni sezdingiz va o‘zingiz yapon chempionatidagi ishtirokingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Yomon ham, juda zo‘r ham deya olmayman. Birinchi yili hammasi yaxshi bo‘ldi. Keyin esa jarohat oldim. Undan keyingisida klubda rahbarlar, murabbiylar o‘zgarib ketdi. Muhit ham bundan mustano emas. Klubga boshqa odamlar kelgandi. Men borgan dastlabki paytdagiga nisbatan hammasi o‘zgardi.
- Lekin shunday o‘zgarishlar bo‘lishiga qaramay, siz klubda qolib faoliyatingizni davom ettirib kelayotgandingiz...
- Ha, shunday. Chunki “Jubilo Ivata” bilan shartnomam bor edi. O‘sha muddatni oxirigacha etkazib qo‘ydim.
- Shartnomangiz tugagach, Yaponiyaning o‘zidan yangi takliflar bo‘ldimi?
- Boshida bo‘ldi, noyabr oylarida. Bitta klub qiziqqandi, meni olishmoqchi edi. Hattoki, ular bilan deyarli kelishib ham bo‘lgandik. Ammo oxiriga borganda koronavirus tufayli ko‘plab jamoalar legioner o‘yinchi olmasliklari aytildi. Moliyaviy sharoitidan kelib chiqib, legionerlarga to‘lanadigan pul tanqisligi sabab qilib ko‘rsatildi. U erda to‘p surayotgan xorijlik futbolchilar ham uylariga qaytadigan bo‘lishgandi. Shuning hisobiga menimcha ko‘p jamoalar legionersiz o‘ynashmoqchi.
- Demak, sizni Yaponiyadan butunlay ketdi deb hisoblasak bo‘lar ekan-da?
- Yo‘q, hozircha kutyapman. Bir narsa deya olmayman. Agentlar menga jamoa qidirishyapti. O‘tgan yilning noyabr oyida klublarning rejasi boya aytganimdek edi. Baribir murabbiy legioner olishimiz kerak desa, klub moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib sharoit qilib berishi mumkin. To‘g‘risi, koronavirus sababli legionerlarga yaxshi pul to‘laydigan jamoalar ko‘p emas. Shuning hisobiga ozgina qiyin bo‘lib turibdi.
- U holda sizda yana “Jubilo Ivata” varianti ham bormi?
- Yo‘q, u erdan butunlay ketdim. Faqat boshqa takliflarni nazarda tutyapman.
- Darvoqe, Yaponiyadan ketganingizdan so‘ng, sizni “Nasaf”ga qaytishingiz to‘g‘risidagi ma’lumot ham qulog‘imizga chalindi. Shu rostmi?
- Men hali O‘zbekistonning hech qaysi klublari bilan gaplashmadim.
- Demak, o‘zimizdan hech bir klubdan taklif bo‘lmadimi?
- Hozircha yo‘q. Chunki men ta’tildaman.
- Umuman aytganda, chempionatimizga yana qaytish rejangizda bormi yoki yana faoliyatingizni legioner sifatida davom ettirmoqchimisiz?
- Reja qilganim bilan chetdan variant bo‘lmasa, qaytib shu erda o‘ynashimga to‘g‘ri keladi. Hozirdan bir narsa deya olmayman. Balki ketarman, balki topilmasa shu erda qolishimga to‘g‘ri keladi.
- Yaponiyada bir necha yil davomida to‘p surdingiz, barqarorlikni saqlab qolgan paytlaringiz ham ko‘p bo‘ldi, faqat jarohatlar xalaqit qildi. Sizdan keyin ham ayrim hamyurtlarimiz kunchiqar yurtga borib o‘ynashdi, lekin sizchalik uzoq vaqt qolishmadi. Aytmoqchimanki, bundan keyingi faoliyatingizda ham yana shunday uzoq vaqtga qolish niyatingiz bormi?
- Bundan keyin borsam ham uzoq vaqtga bormayman, menimcha. Shundan so‘ng, o‘zimizga qaytish rejam ham yo‘q emas. Buni vaqt ko‘rsatadi.
- Italiya A seriyasida to‘p surayotgan hamyurtimiz Eldor Shomurodovning u erdagi imkoniyatlarini qanday baholayapsiz?
- To‘g‘risi, uning o‘yinlarini to‘liq ko‘rishga hali vaqtim ham, sharoitim ham bo‘lmadi. Lekin xavfli vaziyatlardagi epizodlarini ko‘ryapman. Shundan xulosa qilsak bo‘ladiki, u erga ancha moslashganligi, o‘ziga ishonchi ortganligi ko‘rinib turibdi. Juda yaxshi o‘zgarish bor.
- Bizdan ham sizning terma jamoadagi taqdiringiz haqida ko‘p so‘rashadi. Balki sizni chaqirilmayotganingizga jarohatlar ham sabab bo‘lgandir. Umuman, termadagi rolingizni qanday ko‘ryapsiz?
- Terma jamoa haqida gapirishni xohlamayman. Oldin ham aytganman, O‘zbekiston fuqarosi sifatida albatta termamizga muxlislik qilaman. Termada o‘rnimni qanchalik ko‘ryapman yoki jamoa qanday o‘ynayapti, bunday masalalarni muhokama qilmoqchi emasman.
- Lekin sizni chaqirishsa yordam berishga tayyorsiz-a?
- Har qanday futbolchi tayyor bo‘lsa kerak. Meni olmayapti yoki boshqa, degan narsa yo‘q. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar agar chaqiradigan bo‘lsa, istalgan o‘yinchi jon deb boradi va qo‘lidan kelganicha o‘yinini ko‘rsatadi. Menda ham bormayman, o‘ynamayman, degan narsa yo‘q.
- Baribir terma jamoadan chetda qolayotganingiz sizni xafa qilib qo‘yyaptimi?
- Yo‘q. Avvalo klubimda barqaror, yaxshi darajada o‘ynasam, keyin termaga chaqirishadimi deb o‘ylashim mumkin. Hozirda esa nega bormayapman, nimaga chaqirmayapti, degan o‘y-xayol yo‘q.
- Yaponiya hayoti va futbolida sizni eng hayron qoldirgan holat nima bo‘ldi?
- Hamma narsasi – hayoti ham, futboli ham. Shuning uchun yana Yaponiyaga qaytish niyatim bor-da.
- Osiyoning yana boshqa mamlakatlaridan ham takliflar bormi?
- Hozircha agentlarim Yaponiya tomonlarda ishlashyapti. Ko‘ramiz, vaqt ko‘rsatadi. Balki boshqa agentlar yangi mamlakatlardan ham varaint aytishsa, ketishimga ular qarshilik qilishmaydi. Balki qolarman. Agar takliflar bo‘lmasa demoqchiman. Balki yapon klublari boshqa pozitsiyaga futbolchi qidirishlari mumkin. Hamma narsa bo‘lishi mumkin.
Fikrlar