
"Yangi kelganlar natija qilib bermaydi", "Zafarmurod betob bo‘lib qoldi", "tanlov imkoniyati raqibda ko‘proq" - Ro‘ziqul Berdiev ishtirokida matbuot anjumani
Qarshining "Nasaf" klubini Osiyo chempionlar ligasi pley-offidan o‘rin olgan "Al-Ayn"ga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Mazkur bahs oldidan "ajdarlar" ustozi matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.
- Assalomu alaykum, barchaga. Ertangi o‘yinga keladigan bo‘lsak, ikki mamlakatda ham chempionat davom etmayapti. Shu sababli, bellashuv juda yuqori tempda bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Biz yaxshi kayfiyatdamiz. Yigitlarimiz bellashuvga to‘liq shay holatda. Keyingi bosqichga chiqishni o‘ylab, ertangi bahsda to‘p tepamiz.
- "Al-Ayn" bilan o‘yinni yaxshi eslayman. Biroq bunga ancha bo‘ldi. Har ikki jamoada katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Raqibda o‘sha eski tarkibdan deyarli hech kim qolmagan. O‘ylaymanki, ertangi uchrashuv avvalgilaridan farq qiladi. Buning uchun bor kuch-mahoratimizni ishga solamiz.
- Raqibning 9 fevral kungi o‘yinini ko‘rib chiqdik. Shuningdek, raqibning OChL va ichki chempionatdagi o‘yinlari o‘rganib, chuqur tahlil qildik. Yigitlarimiz raqib o‘yini haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. "Al-Ayn"ni kuzatishlarimiz natijasida ularning hujumkor jamoa ekanligiga guvoh bo‘ldik. Raqib tarkibida legionerlar juda ko‘p. Shu sababli, tanlov imkoniyati ularda yuqori.
- Ertangi o‘yinda jamoamizga yangi kelgan futbolchilarning ayrimlari harakat qiladi. Taklif qilingan futbolchilar, nafaqat ertangi bellashuvda, balki, butun mavsum davomida jamoaga yordam beradi. Ular barchamizning ishonchimizni oqlaydi, degan umiddaman. Tarkibdagi va qaysidir pozitsiyalardagi muammolarga barham beradigan transferlarni amalga oshirdik. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, yangi kelganlarning o‘zigina bizga natijani qilib bera olmaydi. Ko‘proq mehnat qilishimiz kerak. Shundagina kutilgan natijaga erishishimiz mumkin.
- Zafarmurod kuchli harakterga ega futbolchi. Biz uni yoshligidan maydonga tushirganimizda, buni isbotlay olgan. U bilan ayni dam hammasi yaxshi. O‘ylaymanki, bu kabi holat har bir futbolchida bo‘ladi. Zafar ertaga maydonga tushishi mumkin. Biroq u betobligi sababli 4-5 kun biz bilan mashg‘ulotlarga qatnashmadi.
Fikrlar