
Xyuistra Arveladzening muvaffaqiyatlarini takrorlashiga ishonasizmi? Yoxud "Paxtakor"ning o‘yinida yangi "imzo" ko‘ramizmi?
Shota Arveladzega ancha o‘rganib qolganimiz uchun “Paxtakor”ning muvaffaqiyatlariga ham ko‘nikib ketgandik. Endi bo‘lsa, klubni Arveladzesiz tasavvur qilishimizga to‘g‘ri keladi. 3,5 yil mobaynida yurtimizda faoliyat olib bordi, avvaliga tanqidlarga uchragan mutaxassis keyinchalik o‘zining o‘yin uslubini yo‘lga qo‘ya oldi. Natija esa hammaga ayon. 2020 yilgi mavsum tugagach, Shota Yustinovichning ham shartnomasi yakuniga etdi. Oqibatda uning o‘zi “Paxtakor”ni tark etib, yangi chaqiruvlar uchun eshigi ochiqligini ko‘rsatdi. Albatta, uning klubdan ketishi o‘ziga yarasha shov-shuv uyg‘otdi. Hattoki, bu shunchaki bir “o‘yin”, u yana qaytadi, degan taxminlar ham yo‘q emasdi. Lekin qarori qat’iy bo‘ldi va boshqa ortiga qaytmadi!
Yana Arveladzening ketishi haqida yozib, eski xotiralarni takrorlamoqchi emasmiz. Faqat u ketgach, “Paxtakor”ga yangi bosh murabbiy kim bo‘lishi hammani yanada qiziqtirib qo‘ygandi. Klub esa hadeganda bu borada rasmiy bayonot beravermadi. Shundan bildikki, yangi bosh murabbiy masalasida uzoq o‘ylab, tahlil qilingan. Yoki kim bilandir kelisha olmagandir, bunisi bizga qorong‘u. Yakunda esa niderlandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Darvoqe, o‘z vaqtida “Paxtakor”ni yana bir niderlandiyalik mutaxassis – Xans Ferel ham boshqargan. Xyuistra esa klub tarixidagi ikkinchi niderlandiyalikka aylandi.
Arveladzedan tashqari “Paxtakor”ni ayrim etakchilar ham tark etdi. O‘sha futbolchilarni hamma biladi. Aytmoqchimizki, klub jiddiy yo‘qotishlarga uchragani rost. Natijada ko‘pchilikda savol tug‘ila boshladi: “Paxtakor” biroz kuchsizlanib qoldimi? Lekin rahbariyat ham jim qarab turgani yo‘q. Tarkibga Aziz Turg‘unboev, Sardor Rashidov singari mohir o‘yinchilar taklif qilindi. Xyuistraning bosh murabbiylikka tayinlanishida ham qandaydir ma’no bordek. Ya’ni, u Arveladzening yordamchisi edi va endi uning davomchisi sifatida u boshlagan ishni davom ettirishi nazarda tutilganligi katta ehtimol.
Xyuistra Arveladzening yordamchisi bo‘lib ishlab yurgan kezlarida to‘g‘risi, unga ko‘p ham e’tibor qaratilmasdi. Chunki bosh murabbiy baribir natijaga javobgar edi. Mana, endi niderlandiyalik mutaxassis asosiy rolga chiqdi. Demak, o‘z-o‘zidan unga bo‘lgan e’tibor ortishi tabiiy holat. U 1967 yilda tavallud topgan. 18 yanvar kuni 54 yoshini qarshiladi. Xyuistra futbolchilik faoliyati davomida “Groningen” (Niderlandiya), “Vendam” (Niderlandiya), “Tvente” (Niderlandiya), “Glazgo Reynjers” (Shotlandiya), “Sanfrechcha Xirosima” (Yaponiya), “Lers” (Belgiya), “Rozendal” (Niderlandiya) singari jamoalarda to‘p surgan. Xyuistra “Glazgo Reynjers”dagi faoliyati davomida besh karra Shotlandiya chempioni bo‘lgani bilan ham tanilgan.
Bevosita uning murabbiylik faoliyatiga kelsak, 2001 yilda o‘zi to‘p surgan “Groningen”ning yoshlar jamoasida bosh murabbiylikdan boshlagan. So‘ng, 2005-2009 yillar davomida “Vitess” klubida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga u “Ayaks”da ham xuddi shu lavozimda faoliyat olib borgan. Shundan keyin u “Ayaks” yoshlar jamoasi, “Groningen” va “De Grafsxap” klublarini boshqargan. 2015 yilda Indoneziya terma jamoasida ham faoliyat olib borganini qo‘shimcha qilish lozim. Qolaversa, Indoneziyaning “Madura Yunayted” klubini ham boshqargan. “Paxtakor”ga kelguniga qadar Slovakiyaning “Trenchin” jamoasida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlab kelgan. Shundan keyin Piter Xyuistraning “Paxtakor”dagi faoliyati boshlandi. Ko‘rib turganingizdek, u bu yildan e’tiboran bosh murabbiy lavozimida ishga kirishdi.
Xyuistra Arveladzening “Paxtakor”dagi muvaffaqiyatli mavsumini davom ettira oladimi? Buning javobi oson, hammasini chempionat oxirida bilib olamiz. Lekin niderlandiyalik mutaxassisning “ishtahasi” chakki emas. Kuni kecha bergan intervyusida balki Arveladze ko‘rsatgan natijadan yaxshirog‘ini namoyish eta olarmiz, qabilida gapirib o‘tdi. Hozircha uning o‘yin falsafasi qanday ekanligi biz uchun to‘liq namoyon bo‘lib ulgurgani yo‘q. Lekin tez orada uni dastlabki sinov kutib turibdi. 6 mart kuni O‘zbekiston Superkubogida “Nasaf” bilan o‘yin va chempionat doirasidagi ilk turda ham Ro‘ziqul Berdiev jamoasiga qarshi jiddiy bahslar bor. Albatta, har bir murabbiyning futbolga o‘z qarashlari bor bo‘lgani kabi, “Paxtakor”ning yangi ustozida ham futbolga bo‘lgan o‘ziga xos munosabat mavjud. Uning boshchiligida “Paxtakor” qanday o‘yin namoyish etishini ko‘rish to‘g‘risi, qiziq tuyulyapti. Xyuistra Arveladzening o‘rnini qanchalik bosa oladi? Yoki u jamoa o‘yinida o‘zining "imzo"sini yarata olarmikin? Shuni esdan chiqarmaslik lozimki, niderlandiyalik murabbiy chempion jamoani qabul qilib oldi. Futbolda esa chempion bo‘lishdan ko‘ra, chempionlik kamarini himoya qilish bir muncha murakkabroq, degan gap bor.
Fikrlar