
Xayrulla Hamidov: U paytlari muxlislar “realchi va barsachi”ga bo‘lina olmasdilar. Chunki sen bor eding
Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi o‘zining sahifasida "Milan" klubiga atab kichik maqola chop etdi.
Bir necha kun avval o‘zining 120 yilligini nishonlagan "Milan" klubi hali ham "uyqu"daligi, uyg‘onish payti kelgani haqida yozdi.
- “Milan”! O‘tgan kuni 120 yoshni qarshi olding!
Keksalikda “Yuventus”dan ikki yosh kichik, “Barselona” bilan tengdosh, “Bavariya”dan bir yoshga, “Real”dan uch yoshga katta klubsan...
Yoshligimiz sen bilan o‘tdi. U paytlari muxlislar “realchi va barsachi”ga bo‘lina olmasdilar. Chunki sen bor eding. Evrokuboklarni qalashtirib tashlaydigan, istalgan klubning tinkasini quritadigan darajang bor edi.
Endi savol: oxirgi marta enggan kuboging 2016 yilga to‘g‘ri keladi va u ham Italiya superkubogi. Bo‘ldi. “San Siro” sening nurli o‘tmishingni sog‘inib adoi tamom bo‘layotgandek...
Darajang shu qadar tushib ketdiki, yubiley sanangdagi “Sassuolo” bilan o‘yiningni o‘sha paytda o‘tadigan Turindagi va Manchesterdagi uchrashuvlar (Futbol tv va Uzreport kanallarida) band etib qo‘yishgan.
Etar, uyqu, uyg‘onaqol, Qirol!!!
Lekin men baribir qutlayman, hammaning yodidan chiqib ketsang ham, seni eslaguvchi davrdoshlaring bor, - deya yozib qoldirdi Xayrulla Hamidov.
Fikrlar