
Vitaliy Denisov Habib Nurmagomedov uchun jang qilishga tayyorligi, Londonning “Arsenal”iga borgani va ko‘pchilik bilmagan haqiqatlar haqida intervyu berdi
O‘zbekistonning eng mashhur futbolchilaridan biri Vitaliy Denisov faoliyatini Rossiya Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan “Tom” jamoasida davom ettiradigan bo‘ldi. Hamyurtimiz tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va tez kunlarda Tomsk shahriga borib, “Tom” rahbariyati bilan shartnoma imzolaydi.
Evropa futbolini yoritishga ixtisoslashgan eurosport.ru sayti tajribali himoyachi Vitaliy Denisovning qiziqarli intervyusini e’lon qildi. Suhbat davomida hamyurtimiz o‘z faoliyatidagi eng yorqin lahzalarni, o‘zi bilan birga o‘ynagan eng yaxshi futbolchilar haqida ko‘pchilik bilmagan ma’lumotlarni aytdi.
Habib uchun oktagon panjarasidan sakrab o‘tardim
Vitaliy Denisov aralash jang san’atlari ustasi Habib Nurmagomedovning muxlisi ekan. Hamyurtimiz jurnalist savoliga javob berar ekan, agar Habibning jamoasida bo‘lsa, uning uchun oktagon panjarasidan oshib o‘tishga tayyorligini bildirdi.
Bir paytlar “Arsenal”ga borgandim...
Vitaliy Denisov Londonning “Arsenal”iga muxlislik qiladi. Bu bejiz, emas albatta. U professional faoliyatini boshlagan vaqtlarda “Arsenal”da bir yarim hafta davomida shug‘ullangan. Hujjatlaridagi muammo tufayli ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Vitaliy “Arsenal” bazasi o‘ziga xos va oddiy ekani, hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lganini esga oldi.
- “Arsenal”da bizni sinovdan o‘tkazishdi, yo‘lakda yugurardik. Mashhur futbolchi Freddi Yungberg kelib qoldi. Hamon uning gapi yodimda: “Axir bular ham futbolchi-ku, sinovdan o‘tkaziladigan testchilar emas!”, - dedi. Biz mehmonxonada yashardik. Kun tartibi bilan tanishtirishdi. Mashg‘ulotlarga klub mutasaddilari olib borardi. Keyin bizga klub direktori 50 funtdan va yana bir homiy 100 evrodan pul berdi. Biz shahar aylandik.
“Arsenal”da porlagan va keyinchalik "Spartak"da o‘ynagan Kvinsi Ovusu-Abeyeni o‘sha erda ko‘rganman. U bilan mashg‘ulotda qatnashganmiz. Juda katta iste’dod sohibi. Hamon yodimda: biz komyuterlar bor xonaga kirdik. Bu kompyuterlar ommaviy foydalanish uchun qo‘yilgan ekan. Kvinsi va Terri Anri doim yonma-yon o‘yin o‘ynab o‘tirardi. O‘shanda Kvinsini bo‘lajak yulduz, deb tanishtirishgan. Uning sinovdagi natijalarini maqtashardi. Tezlik bobida Anridan qolishmasligini aytishardi, - deydi Vitaliy Denisov.
Vagner Lav katta “qovun” tushirgandi
O‘zbekistonlik himoyachi o‘zi singari legioner maqomida o‘ynagan eng kuchli xorijlik futbolchilar haqida ham gapirdi. Vitaliy Vagner Lav, Daniel Karvalo, Osmar Ferreyra, Juliano, Alsides kabi o‘yinchilarni tilga oldi.
- Braziliyalik o‘ng qanot himoyachisi Alsides “Chelsi”ga tegishli edi va PSV uchun o‘ynagan. Men faoliyatim davomida undan kuchli o‘ng qanot himoyachisini ko‘rmaganman. Keyinchalik u bilan “Dnepr”da birga o‘ynadim. “Lokomotiv”da esa, men bilan birga o‘ynagan eng yaxshi legioner Lassana Diarra edi. Men uchun Lassanadan kuchlisi yo‘q.
Bir paytlar yo “Spartak” bilan derbiga, yo UEFA kubogi doriasidagi uchrashuvga ketayotgan edik. TsSKAni bosh murabbiy Valeriy Gazzaev boshqarardi. Hamma jim o‘tiribdi. Gapirish uyoqda tursin, qo‘rqqanimizdan zo‘rg‘a nafas olardik. Shu payt Vagner Lav kirib keldi, to‘palon bilan baqir-chaqir qildi va hammaga qarab: “Nega bunaqa xo‘mrayib o‘tiribsizlar? Qani bir kulinglarchi, axir oldinda o‘yinimiz bor!” dedi. Bunaqa munosabatni hazm qila olmaydigan Gazzaev o‘rnidan turib, Vagner Lavga qat’iy ohangda “O‘tir!” dedi. Hammamiz cho‘chib turgandik. Lekin o‘sha uchrashuvda g‘alaba qozondik, - deydi Denisov.
Vitaliy Denisov Rossiya futbolida chuqur iz qoldirgan o‘zbekistonlik legionerlardan hisoblanadi. Iste’dodli himoyachimiz Moskvaning TsSKA jamoasi tarkibida ikki marotaba Rossiya kubogi va 2004-2005 yilgi mavsumda UEFA kubogida zafar quchgan.
Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi “Lokomotiv”da ham muvaffaqiyatli to‘p surgan. U moskvalik “temiryo‘lchilar” safida Rossiya chempionatining oltin va bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Ikki marta Rossiya kubogini qo‘lga kiritgan. Vitaliy ikki marta Rossiya chempionatining eng yaxshi himoyachisi, deb e’tirof etilgan.
Hamyurtimiz faoliyati davomida Rossiyaning “Spartak” (Nijegorod), “Krilya Sovetov”, “Rubin” va Ukrainaning “Dnepr” jamoalari sharafini himoya qilgan.
Fikrlar