
Viktor Kumikov O‘zbekistonning Rossiyaga qarshi ehtimoliy o‘yini oldidan: "Fikrimcha, stadion muxlislar bilan to‘ladi"
Pro liga g‘olibi – “Andijon” jamoamiz ayni chog‘da o‘z qarorgohida navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Garchi, “Burgutlar” o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani sharaf bilan ado etishni uddalagan bo‘lsa-da, oldinda yana 3 ta uchrashuv turibdi.
5 noyabr kuni pro liganing 25-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Bizning jamoamiz bu turda dam oladi. Keyingi turni 10 noyabr kuni mehmonda “Buxoro”ga qarshi o‘tkazadi. Shu sababli jamoamiz a’zolari bo‘lajak bahsga hozirlik ko‘rishda davom etmoqdalar.
Bosh murabbiy Viktor Kumikov reja asosida futbolchilarni shug‘ullantirmoqda. Qolaversa, shu kunlarda yomg‘irli ob-havo bo‘lishiga qaramay, jamoa a’zolari o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishayotgani ham quvonarli.
- Viktor Balyutovich, uchta o‘yinga diskvalifikatsiya tufayli hozircha uchrashuvlarni murabbiylar shtabidan kuzata olmayapsiz. O‘yinni chetdan kuzatish sizga qanday kechyapti?
- Tribunadan turib o‘yinning natijasi uchun qandaydir epizodlarga ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi. Mening nazarimda bu eng asosiysi.
- Esimda, mavsum boshlanmasidan oldin “Andijon”ni Superligaga qaytarishga va’da bergandingiz va mana, gapingizni ustidan chiqdingiz. Ayni paytda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Yaxshiyamki, biz vazifani bir necha tur oldin bajardik +muddatidan avval birinchi o‘rinni ham hal qildik. Har doim shunday bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.
- O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi mumkin. Ayting-chi, bu o‘yin ko‘proq kimga foydali?
- O‘ylashimcha, bu har bir jamoaga foydali bo‘ladi. Boz ustiga bu ishqibozlarga ham qiziqarli. Fikrimcha, stadion muxlislar bilan to‘ladi. Futbolchilar bor kuchlari bilan to‘p surishadi.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar