
Viktor Kumikov "Buxoro"ga qarshi o‘yin oldidan: "Albatta, rejamiz bor va bu qandayligini o‘yinda ko‘rasiz"
“Andijon” jamoamiz 10 oktyabr kuni “Buxoro”ni qabul qiladi. Ayni paytda Viktor Kumikov boshchiligidagi jamoa bo‘lajak o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Shu munosabat bosh murabbiyning ayrim masalalardagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Viktor Balyutovich, ayni paytda jamoaning tayyogarligi qanday? Qoniqyapsizmi?
- Tayyorgarligimiz reja bo‘yicha ketyapti. Ikki tomonlama o‘yin o‘tkazib, futbolchilarning holatini tekshirib oldik. Yigitlar yanada o‘z ustida ishlab yaxshi formaga tushib oladilar, deb umid qilaman.
- 20-turda “Buxoro” “Mash’al”ni yirik hisobda engdi. “Xorazm” esa “Turon”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Bunday natijalarni kutganmidingiz yoki...
- “Buxoro” jamoasi hozir yaxshi holatda. Ularning maqsadi bor. Shuning uchun bu jamoaning g‘alaba qozonishini kutgan edim. “Mash’al” ancha qolib ketdi, ularda qandaydir motivatsiya yo‘q. Urganchda o‘ynash esa hammaga qiyin. Birinchi navbatda sifatsiz sun’iy maydon muammosiga yo‘liqasiz. Bunday natijani kutmaganmiz, lekin buni istisno qilib ham bo‘lmaydi.
- “Buxoro” o‘yiniga ancha qo‘shdi, ular endi jiddiy raqibmi?
- Albatta, jiddiy o‘zgarishlar qila olishdi. Jiddiy raqib. Hozirda o‘yin bo‘yicha pro ligada eng zo‘r jamoalardan biri.
- “Andijon” 21-tuda “Buxoro”ni qabul qiladi. Bo‘lajak o‘yinga qandaydir rejangiz bormi?
- Albatta, rejalarimiz bor va doim bo‘ladi. Reja bo‘yicha hammasini bajaramiz. Qanday rejaligini o‘yinda ko‘rasiz, albatta.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar