
Venger ham Daniya darvozasiga belgilangan penaltini tanqid qildi
Taniqli frantsuz murabbiyi Arsen Venger Angliya va Daniya o‘rtasidagi “Evro-2020” yarim final uchrashuvida hakam Danni Makkelining Daniya darvozasi tomon penalti belgilash qarorini tanqid qildi.
Eslatib o‘tamiz, niderlandiyalik hakam Rahim Sterlingning Yoakim Mele bilan to‘qnashuvidan so‘ng "nuqta" ni ko‘rsatdi. Ko‘pchilik mutaxassislar Streling ushbu vaziyatda yiqilishni qoyilmaqom ijro etgani haqida gapirmoqda.
Xarri Keyn tomonidan amalga oshirilgan penaltini Kasper Shmeyxel qaytargan edi. Ammo qaytgan to‘p yana Keynning o‘ziga kelib tushdi va ikkinchi zarbada u darvozani ishg‘ol etdi. Ushbu gol uchrashuvda hal qiluvchi bo‘ldi.
“Bu penalti emas. Nega bunday vaziyatlarda hakam VARdan foydalanmaganini va monitorda takroriy lavhani tomosha qilishga bormaganini tushunmayapman. Bunday daqiqalarda u o‘z qaroriga mutlaqo amin bo‘lishi kerak”, - dedi Venger.
Fikrlar