
Vadim Abramov: "Grigalashvili bilan bitimni bekor qildik, chunki..."
Superligaga qaytish uchun kurashayotgan Samarqandning “Dinamo” jamoasi bu vazifani bosh murabbiy Vadim Abramov bilan birga amalga oshirishga bel bog‘lagan. Hozircha klub turnir jadvalida “Lokomotiv”dan so‘ng 2-o‘rinda boryapti.
Albatta, “Dinamo”ni yana kuchlilar orasiga qaytishi uchun tajribali futbolchilar bor. Lekin kuni kecha ulardan biri klubni tark etdi. Gap gruziyalik legioner Elguja Grigalashvili haqida ketmoqda. O‘tgan yildan beri “Dinamo” uchun to‘p surib kelayotgan futbolchi kutilmaganda samarqandliklar safidan ketdi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Dinamo” ustozi Vadim Abramov bilan bog‘landik.
“Biz Grigalashvili bilan har tomonlama kelishgan holda o‘rtadagi bitimni bekor qildik. Uni ushlab qolishdan hech qanday mantiqiy qaror ham ko‘rmadik. Chunki futbolchi Superligada to‘p surishni istayapti. Buning bor sababi shu.
Uning jamoadan ketishi biz uchun katta yo‘qotish bo‘ladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi. Qolaversa, tez orada yozgi tanaffus boshlanyapti va biz uning pozitsiyasida to‘p suradigan boshqa futbolchini ro‘yxatga jalb etishimiz mumkin bo‘ladi”.
“Dinamo”ning yana bir legioneri Joel Kojo esa ilk bor Qirg‘iziston terma jamoasiga chaqirildi. Abramov to‘purar hujumchisi haqida shunday dedi:
“Ha, bu legionerimiz milliy terma jamoasiga chaqirildi va u Eronga qarshi o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etadi. Kojoning o‘rniga boshqa legioner kelishi mumkinmi? Nega mumkin bo‘lmasin? Unga aynan qaysi klublardan xaridorlar bo‘layotganini aytishim qiyin. Bizda bir legioner bor, vaqt ko‘rsatadi. O‘shanda hammasini bilib olish mumkin bo‘ladi”.
“Dinamo” oxirgi turda “G‘ijduvon”ga qarshi uchrashuvda qimmatli ikki ochkodan mahrum bo‘ldi. Holbuki, uchrashuvdan avval ko‘pchilik “Dinamo”ning g‘alabasini kutgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Abramov esa o‘sha durang haqida ham to‘xtaldi.
“G‘ijduvon” bilan o‘yinda qimmatli ochkolarni boy berganimiz meni xafa qilgani rost. Bilasizmi, negadir oxirgi uch uchrashuvda hakamlik masalasi borasida biz ko‘p pand eb qolyapmiz. Chunki bizning o‘yinlarda VAR tizimi yo‘q. Boz ustiga televizor orqali o‘yinlarimizni namoyish qilishmaydi. Faqat o‘yindagi qandaydir lavhalarni Yutub orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bunday vaziyatdan qanday qutulib ketish borasida endi obdon o‘ylaymiz”.
Birinchi davra ham yakuniga etyapti va tez orada yozgi transfer bozori boshlanadi. Bu paytda “Dinamo”ning rejalari qanday bo‘ladi? Vadim Karlenovichning javobi quyidagicha:
“Futbol shunday o‘yinki, unda jamoa qaysi o‘rinda bormasin o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda tarkibni kuchaytirish payida bo‘ladi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Yozgi transfer bozori chog‘ida albatta tarkibga kimlarnidir olib kelishimiz ehtimoldan holi emas. Chunki bugungi tarkibda futbolchilarning qaysi biridir o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, yana qaysi birlaridir kutilgan darjada o‘yin ko‘rsata olmadi. Futbolda selektsiyadan hech qachon voz kechib bo‘lmaydi”.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
Вадим ака вы тоже позицию сдаёте в последных матчах. Что такое? Постоянно смотрим матчи по Ютубу, хотя они не частые имею ввиду последные матчи. Динамо так бледно выглядело. Надо что-то надо делать с тактикой а то команда пропадёт. Вы скажите открыто если есть какие проблемы? Может финансово или по организацией по подготовке или по условиям? Просто так не может сдать команда. В начале сезона команда выглядела более уверенно чем сейчас. И играют дворовый футбол. Надо что-то делать спасать команду. И показать зубы даже командам супер лиги.