Vadim Abramov: "G‘alabani ta’minlashga hech kim kafolat bermaydi"

  • 23 iyun, 2024, 01:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Dinamo” – “Andijon” (1:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Tecno

- Muxlislar oldida uzr so‘raymiz. Bugun bayram qilishni rejalashtirgandik. Atmosfera bayramona edi. Ammo biz yutolmadik. Birinchi taymda imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Qarshi hujumlarda yaxshi o‘ynadik. Sen urmasang senga urishadi, degan naql yana o‘z isbotini topdi. Raqib o‘z imkoniyatidan yaxshi foydalandi. Biz durangni qabul qilib oldik. Stadionga ko‘plab muxlislar keldi. Bunday issiq havoda kelib qo‘llab-quvvatlagan ishqibozlarga katta rahmat. Raqibga standart vaziyatlarda imkoniyat bermaslikka harakat qildik. Bir qator kamchiliklarimiz borligini yaxshi bilamiz.

- Ikkinchi bo‘limda tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdingiz. Jismoniy tarafdan muammolar borligi kuzatildi. Bu narsa ikkinchi davrada bartaraf qilinadimi?

- Bitta tur qoldi, hozir o‘zgartirish qiyin. Birinchi davra tugasin. Hozir issiqda o‘ynash oson emasligini yaxshi bilamiz. Ba’zi vaziyatlarda o‘yinni to‘g‘ri tashkil qilmadik. Bunday issiqda ko‘p energiya sarflash yaxshilikka olib kelmaydi. Himoya bilan yarim himoya o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash juda muhim.

- Yangi o‘yinchilarni taklif qilish rejasi bormi?

- Albatta, bunday rejalarimiz yo‘q emas. Jamoani kuchaytiramiz.

- “So‘g‘diyona”da o‘ynayotgan Shoxruh Abdurahmonovni yana “Dinamo”ga qaytarish mumkinmi?

- Bizda bunday reja yo‘q. U “So‘g‘diyona” futbolchisi. Ular bilan shartnomasi bor va yaxshi o‘ynayapti.

- Yutayotgan paytda g‘alabani saqlab qolish uchun boshqa rejangiz bormidi?

- Boshqacha o‘yin ko‘rsatganimizda bu g‘alabani ta’minlashga hech kim kafolat bermaydi. Chunki raqib tarkibida ham tajribali o‘yinchilar borligini bilardik. G‘alabani o‘ylab rejalar ishlab chiqqandik. Ularni standart vaziyatlardan yaxshi foydalana olishini ham bilardik. Mavsumdagi o‘yinlarni kuzatib, o‘rgangandik. Yarim himoyachilarimiz kerakli paytda yaxshi o‘ynay olmadilar. Yarimhimoyada o‘yinni nazorat qila olmadik, yigitlar tavakkal qilishga jur’at qila olishmadi. Shu bois o‘zgarishlar qildik. Tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Men odatda futbol o‘ynashdan qo‘rqadigan o‘yinchilarga e’tiroz bildiraman. Xato hammada bo‘ladi, ammo futbol o‘ynashdan qo‘rqmaslik kerak.

- Kojoning o‘yini xususida fikringiz qanday?

- U g‘alabani xohlagandi. Chunki stadionga ko‘p ishqibozlar kelgandi. Uning xohish va istaklari kuchliligi uchun shunday jihatlarni hisobga olgandik. Hozir kiyinish xonasida ortiqcha gap gapirmadim. O‘yinni ko‘rib tahlil qilamiz. Biz ikki ochko yo‘qotdik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!