
Unga "Navbahor", "Andijon", "Metallurg" kabi klublar qiziqishgan, o‘zi esa chetdan yangilik kutyapti...
“Mash’al” tarkibida boshqa klublarning jiddiy qiziqishini uyg‘otayotgan futbolchilar bir talay. Ayniqsa, jamoa sardori va etakchisi Sardor Abduraimov anchadan beri faol kuzatuv ostida. “Mash’al”da u jamoa o‘yinini nazorat qilyapti. Bevosita hujum bilan himoya o‘rtasida bog‘lovchilik vazifasini a’lo darajada uddalayapti.
Bilasiz, kecha “Mash’al” safarda “Turon” bilan durang qayd etdi. Sardor Abduraimov sports.uz muxbiri bilan muloqotda avvalo ushbu uchrashuv haqida gapirdi.
- “Turon” jamoasi bilan uchrashuv biz uchun olti ochkolik ahamiyatga ega edi. Shu sababdan bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. “Navbahor”ga yutqazib qo‘yganimizdan keyin murabbiyimiz tomonidan bizga qattiq tanqid bo‘ldi. To‘g‘ri, kecha safarda o‘ynaganimizga qaramay, yutqazmadik. Biroq qayd etilgan durangdan qoniqmadik, degan bo‘lardim. Boisi biz faqat g‘alaba qoniqtiradigan darajada tayyorlangandik. “Turon”ga qarshi o‘yin shunday kechdiki, kim gol ursa o‘sha jamoa yutardi. Albatta, qaysidir ma’noda durang ham yomon natija emas. Lekin rahbariyat va murabbiylar bizga g‘alabani bosh maqsad qilib qo‘ygandi.
“Mash’al” 9 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. Aleksandr Xomyakov bosh murabbiylikka qaytarilgach, jamoa o‘yinida ham o‘zgarish ko‘zga tashlanyapti. “Mash’al” chag‘ilmas yong‘oqdek taassurot qoldiryapti. Xomyakov qaytganidan keyin jamoa o‘yinida qanday o‘zgarish bo‘layotgani va asosiy vazifa haqida futbolchi shunday dedi:
- Aleksandr Xomyakov “Mash’al”ga qaytgach, ko‘p narsani o‘zgartirmadi. Chunki u bu klubda ko‘p yillar mobaynida ishlagan va klubdagi hammani yaxshi bilardi. Futbolchilarning kuchli va kuchsiz jihatlaridan xabardor edi. Murabbiy jamoaga qaytgan paytda katta o‘zgarish qilmadi. Qishki yig‘inda boshqa murabbiylar bilan qanday shug‘ullangan bo‘lsak, shu yo‘sinda ishni davom ettirishimizni ta’kidladi. Lekin Xomyakov taktik tomonlama qattiqqo‘l murabbiy. Himoyaviy taktikani yaxshi ko‘radi. Asta-sekin taktika tomondan o‘zgarishlarga qo‘l uryapti. Aleksandr Andreevich jamoaga qaytgan paytda ham yig‘ilish bo‘lgan va unda “Mash’al”ning oldiga kuchli beshlikka kirish vazifasi qo‘yilgani haqida aytilgan. Biroq birinchi davra bahslari mobaynida ko‘ryapmizki, biz hali kuchli beshlikka kirishga tayyor emas ekanmiz. O‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani qanchalik bajara olishimizni mavsum oxirida ko‘ramiz.
Ma’lumki, Sardor Abduraimov o‘z vaqtida “Nasaf”da ijara asosida faoliyat olib borgan va yaxshi taassurot qoldirgan. Keyin u “Bunyodkor”ga ketdi. Ammo u erda futbolchi asosan zaxirada o‘tirdi. Shunday qilib, “Bunyodkor”da yarim mavsumni bir amallab yakunlagach, yana “Mash’al”ga qaytdi. Abduraimov o‘sha holatni eslar ekan, quyidagilarni aytdi.
- “Bunyodkor” klubiga o‘tishim o‘z ixtiyorim bilan amalga oshmagan. “Bunyodkor”ga ketishimga asosiy sababchi – bu “Mash’al” rahbarlari bo‘ladi. “Nasaf”da o‘ynab yurgan paytimda ham mening “Mash’al” bilan amalda shartnomam bor edi. Rahbariyat “Bunyodkor”dan taklif bo‘lyapti, borib ko‘r, baribir hech narsa yo‘qotmaysan deyishdi. Ularning maslahatlariga quloq solib u erga borgandim. Baribir “Bunyodkor”ga borganimdan afsuslanmayman. O‘ynamagan bo‘lsam ham o‘zim uchun tajriba o‘rganib qaytdim. Zaxirada o‘tirib ham ko‘p jihatlarni o‘zlashtirdim. Bu o‘zim uchun foydali bo‘ldi va futbolning qadriga ko‘proq etdim. “Mash’al”ga qaytganimdan so‘ng, o‘z ustimda ikki hissa ko‘proq ishlashga kirishdim.
Bu yil qishda Sardor Abduraimov Qatar Yulduzlar ligasiga ketishi mumkin edi. Chunki bir klub unga qiziqish bildirgan. Ammo ikkala jamoa bir to‘xtamga kela olmagan. Sardor o‘sha vaziyatni ham esladi.
- “Mash’al” rahbari Ilhom aka Qurbonov bilan gaplashganimda chindan ham xorijdan takliflar borligini, agar har jihatdan bizni qoniqtiradigan variant bo‘lsa sotishlarini aytgan. O‘shanda bu xabarni eshitib xursand bo‘lganman. Chunki bu men uchun kutilmagan holat edi. O‘zbekistondan takliflar borligini bilardim, biroq Qatardan variant borligini bilmagandim. Ikkala klub o‘zaro gaplashishdi, ammo u yog‘i nima bo‘lganini bilmayman. Menga kutib turgin, agar kelisha olsak ketasan deyishdi. Rahbarlarga meni qo‘yib yuboringlar deb ayta olmayman. Chunki “Mash’al” bilan amalda yana 2022 yilning oxirigacha shartnomam bor. Bu klub meni tarbiyalagan. Shuning uchun nima qilishni jamoa rahbarlari biladi. Shaxsan o‘zimga “Navbahor”, “Andijon”, “Metallurg” kabi jamoalar chiqishdi. Ammo Qatardan aynan qaysi klubdan taklif bo‘lganini so‘ramaganman, qachonki, hammasi hal bo‘lsa o‘zimiz aytamiz deyishgan. Men ham chalg‘imaslik uchun bu haqida so‘ramaganman.
Legioner sifatida chetda to‘p surish niyatim bor. Transfer oynasi ochilgan paytda ko‘p narsaga oydinlik kiritilishi mumkin, ya’ni, yangilik bo‘lishi ehtimol. Qaerdan taklif borligini aytmadilar. O‘zim ham so‘ramadim. Hozircha butun e’tiborimni “Mash’al”ga qaratganman. Klub o‘zini qoniqtiradigan taklif bo‘lsa, meni qo‘yib yuboradi, - deb fikrini yakuladi, Abduraimov.
Fikrlar