U Ronalduni misol keltirdi, Italiya emas, balki Gana termasida to‘p surish istagida yoxud to‘purarlikka ishonayotgan Martin Boakening O‘zbekistondagi ilk intervyusi

  • 6 aprel, 2021, 16:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubining italiyalik hujumchisi Martin Boake haqida endi bilasiz. Ilk bor yurtimizga keldi va italiyalik birinchi futbolchi sifatida faoliyatini olib boryapti.

Tecno

Boakedan andijonliklarning umidi katta. Ammo hozircha ortda qolgan to‘rtta turda Martin to‘liq o‘ynagan bo‘lsa ham, gol ura olgani yo‘q. Biroq uning to‘p bilan muomalasi yaxshi. Ko‘pchilik unga biroz vaqt kerakligi haqida aytmoqda.

Uning o‘yini va harakatidan gollar o‘zini uzoq kuttirmaydiganga o‘xshaydi. Boakeni yaqindan bilish istagida sports.uz muxbiri uni suhbatga tortdi. Natijada u O‘zbekistonga kelgach, ilk intervyusini berdi.

- Martin, O‘zbekiston chempionatida ilk bor to‘p suryapsiz. Siz haqingizda oldin hech kim eshitmagan. Avvalo, o‘zingiz haqingizda, bungacha o‘tkazgan faoliyatingiz xususida aytib o‘tsangiz...

- Qisqacha aytadigan bo‘lsam, Italiyada tug‘ilganman, Venetsiyaga yaqinroq joyda. Faoliyatimni 16 yoshimda o‘sha erdagi mahalliy jamoada boshlaganman. Keyin Avstriyaga ketganman, u erda to‘rt yildan ko‘proq o‘ynadim. So‘ng, meni Lyuksemburgga taklif qilishgan. Bir qancha muddat o‘ynaganimdan keyin Xorvatiyaning asosiy ligasiga chaqirishgan. Faoliyatimni o‘sha erda davom ettirayotgan paytimda menga “Andijon”dan taklif bo‘ldi.

- Bolaligingiz qanday o‘tgan, futbolga kirib kelishingiz to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz.

- Boshqa bolalarga o‘xshab ko‘chada do‘stlarimiz bilan kechayu kunduz faqat futbol o‘ynardik. Futbolga chaqirishgan paytlarida darslardan qochardim. Do‘stimning otasi agent bo‘lib ishlardi. Bir kuni menga  tanishlarim bor, bu erda biroz o‘ynaganingdan so‘ng, Avstriyaga jo‘nataman, dedi. Orzum yoshligimdan futbolchi bo‘lish edi. Shuning uchun Avstriyaga borishga rozi bo‘ldim. Asta-sekin o‘ynashni boshladim. Lekin avvaliga qiyinchiliklar tug‘ilgan. Chunki Italiya futbolidan Avstriya futboli umuman farq qilardi. Lekin vaqt o‘tib, moslashib ketganimdan keyin gol urishni boshlaganman.

boake8

- “Andijon”dan taklif haqida birinchi marta eshitganingizda qanday qabul qildingiz? Klub hamda O‘zbekiston haqida qanday ma’lumotlarni qidirdingiz?

- Agentimdan “Andijon” haqida eshitganimdan keyin menga Osiyo futboli qiziq tuyuldi. Rostini aytsam, Osiyo futboli to‘g‘risida o‘ylab yurgan chog‘imda taklif tushdi. Ammo klub xususida ko‘p ma’lumotlar qidirganim yo‘q. Agentim aytgan gaplarga ishondim. Shu bois taklifni qabul qildim. Qolaversa, Xorvatiyadagi jamoamda o‘yinim o‘zim xohlagandek chiqmayotgandi. Sababi, u erdagi murabbiy meni markaziy hujumda emas, qanotda o‘ynatayotgandi.

- Siz uchun yangi klub va yangi mamlakat. Bu erga moslashish jarayoni qanday ketyapti?

- Xarakterim shunaqaki, mentalitet, odamlarning fikri yoki boshqa narsalar haqida o‘ylamayman, e’tiborimni faqat futbolga qarataman. Jamoamizning yutishini, gollar urishni xohlayman. Agar kimdir meni tushunishi uchun avvalo uni o‘zim tushunishni, eshitishni istayman. Menimcha, jamoaga moslashish jarayoni hali ham davom etyapti. Umid qilaman, yanada yaxshiroq moslashganimdan keyin “Andijon”ga ko‘proq foydam tegadi. Bor kuchimni berib, jamoamning natijasiga yordam berishni istayman. Qolgan narsalarga ahamiyat bermayman.

Boake5

- O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotgan birinchi italiyaliksiz. Bu erga kelganingizda sizga e’tibor yuqori bo‘ldi. Ayniqsa, "qanday hujumchi va nimalarga qodir ekan?", degan savollar ko‘paydi. Dastlabki to‘rtta o‘yinda ko‘rdik, sizga to‘liq imkoniyat berildi, ammo hali gol urganingiz yo‘q. Bu hol o‘zingiz uchun noqulay tuyulmayaptimi?

- To‘g‘ri, O‘zbekiston chempionatidagi birinchi italiyalikman, bu haqida menga aytishdi. Gol ura olmayotganimga kelsak, “Qizilqum”dagi uchrashuvda ikkita imkoniyatga ega bo‘lganman. Lekin hali mavsum oldinda, biz to‘rtta o‘yin o‘tkazdik. Boshqalarning men haqimda yaxshi yoki yomon gaplariga ahamiyat qaratmayman. Faqat mavsum tugaganidan so‘ng, mening qanchalik foydali yoki foydasiz ekanim haqida fikr bildirishsa to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Albatta, hujumchi sifatida gol urishni xohlayman va bu ishni bajaraman.

- “Andijon” maydonidagi muxlislarning olqishi va stadiondagi muhitni ko‘rdingiz. Ilgari o‘ynagan klublaringizda ham shunday anshlagni ko‘rganmisiz?

- Aytishim mumkinki, bunday muhitda o‘ynaganman, ayniqsa, Xorvatiyada. U erda har bir o‘yinga ko‘p muxlis keladi. Top-klublarining fanatlari ham kuchli. Lekin shuni aytishim mumkinki, faqat “Andijon” fanatlarichalik emas. Men ko‘rgan va o‘ynagan jamoalarimdan ko‘ra, bu erning muxlislari juda faol va zo‘r qo‘llab-quvvatlashadi. Meni quvontirayotgani, bu erda ishqibozlar futbolni juda yaxshi ko‘rarkan.

Boake2

- Har bir futbolchining qaysi klubga kelishidan qat’i nazar, shaxsiy vazifasi bo‘ladi. “Andijon”ga qanday maqsad sari intildingiz?

- Ko‘p narsalar haqida o‘ylaganim yo‘q. Maqsadim – Osiyo futbolida yaxshi nom qoldirish. Birinchi navbatda, hujumchi sifatida ko‘proq gol urmoqchiman. Men uchun gollarim gapirsin. Hali kelajakdagi maqsadlarim haqida o‘ylaganim yo‘q.

- Bunga qadar sizga Osiyodan takliflar bo‘lganmi?

- Osiyodan faqat “Andijon” jamoasi taklif bilan chiqdi. Bu o‘zimga ham qiziq tuyuldi. Ushbu taklifni o‘zim uchun yangi chaqiruv deb qabul qildim. Tanlovim to‘g‘ri bo‘ldi, deb o‘ylayman.

- Orzuga ayb yo‘q deyishadi, Italiya terma jamoasida to‘p surish maqsadingiz bormi?

- Italiyada tug‘ilib o‘sdim va u erning fuqarosi bo‘lganim bilan kelib chiqishim asli Ganadan. Shuning uchun Italiya termasida to‘p surish orzusi bo‘lmagan. Istagim Gana terma jamoasida to‘p surish. Aynan shuni orzu qilaman.

Boake3

- Yaqinda Gananing ikkinchi tarkibi O‘zbekistonga kelib, terma jamoamizga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etdi. Bu o‘yinni ko‘rdingizmi? Tarkibda tanishlaringiz bormidi?

- Albatta, o‘yinni ko‘rdim. Uchrashuvdan bir necha kun oldin Zoom orqali Ganadagi do‘stlarim bilan gaplashgandim. Aniqrog‘i, Gana federatsiyasida, terma jamoada ishlaydigan do‘stlarim mendan o‘zbek futboli xususidagi fikrimni so‘rashdi. To‘g‘risi, o‘sha jamoadan hech kimni tanimayman. Chunki mahalliy klublardan yig‘ilgan o‘yinchilar kelishdi. Birinchi jamoadan do‘stlarim bor.

- “Andijon”da-chi? Bu erda yaqin do‘stingiz kim? Umuman, futbolchilar bilan munosabatingiz haqida ham gapirib o‘tsangiz.

- Birinchi kelganimda, boshqa xorijlik futbolchilar bilan do‘stlashdim. Sababi, ular inglizchani biladi va menga tarjima qilib turishdi. Endi esa boshqa mahalliy o‘yinchilar bilan ham bir-birimizni yaxshi tushunyapmiz. Kim inglizchada gaplasha olsa, ko‘proq muloqot qilaman, masalan Jasur Jaloliddinov va boshqalar bilan. Yigitlar bilan hazillashamiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Boake

- Superligamizning mavqei sizga qanday ko‘rinyapti?

- To‘g‘risini aytsam, nimalardir kutgan joyim yo‘q. O‘rtacha darajada deb o‘ylayman. Yoqqan tomoni, aksar klublarning kuchi bir xil. Misol uchun, Xorvatiyada “Dinamo” Zagreb bor. Bu klubni hech kim yuta olmaydi. U erda tafovut katta. O‘zbekistonda jamoalar bir xil darajada.

- Lekin bizda “Paxtakor” bor va boshqalardan bir bosh kuchli. Balki hali bu klubga qarshi o‘ynamaganingiz uchun shunday fikr bildirayotgandirsiz...

- Balki, to‘g‘ridir va “Paxtakor” bilan hali o‘ynamaganimiz uchun shunday deyayotgandirman.

- Bu erdagi hayotingiz qanday? O‘yindan va maydondan tashqarida nimalar qilyapsiz?

- Ba’zida do‘stlarim bilan ko‘chaga chiqib turamiz, masalan ovqatlangani. Qolgan paytlar TVda raqib jamoalarning o‘yinlarini tahlil qilamiz, o‘yinlarni ko‘ramiz. Mashg‘ulotdan keyin charchagach, ko‘proq dam olaman.

boake9

- Zerikib qolmayapsizmi?

- To‘g‘risi, Toshkentda hayot qiziqarliroq. Bu erda biroz zerikarli.

- Sizdan muxlislar gol kutyapti. Buni qachon boshlaysiz?

- Albatta, bu tenglashtirish emas, ammo biz top-futbolchilarning o‘yinlarini ham tomosha qilamiz. Masalan, Ronaldu ham “Yuventus”ga kelgan chog‘ida boshida gol ura olmadi, tanqidlarga uchradi. Keyinchalik o‘z ishini boshladi va hozir to‘purar bo‘lib turibdi. Menga ham biroz vaqt kerak. Lekin aniq bilaman, gol urishni boshlayman. To‘purar bo‘lish niyatim bor.

- Andijonlik muxlislarga qanday gapingiz bor?

- Xudo xohlasa, gollar uraman va hammani xursand qilaman. Bilaman, hamma – rahbariyat, jamoadoshlarim, muxlislar mendan gollar kutishyapti. Yaqin kunlarda bu ishni boshlayman va biz yaxshi natijalarga erishamiz.     

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!