U-20 terma jamoamizning mundialdagi ishtirokidan so‘ng: "O‘zbekiston futboli to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti, jahon chempionatiga chiqishning o‘zi katta baxt"

  • 1 iyun, 2023, 08:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Argentina maydonlarida o‘tayotgan U-20 jahon chempionatida terma jamoamiz afsuski 1\8 finalda ishtirokini yakunladi. Isroilga qarshi o‘yinning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqaning oxirida terma jamoamiz standart vaziyatdan to‘p o‘tkazib yubordi va musobaqa bilan xayrlashdi. Bu juda alamli mag‘lubiyat bo‘ldi.

Tecno

Isroilga qarshi uchrashuvdan keyin albatta fikr va mulohazalar bildirilishi tabiiy. Muxlislarimiz yaxshi taniydigan mutaxassislardan biri Abduqahhor Ma’rufaliev terma jamoamizning Isroilga qarshi o‘yini va mundialdagi ishtirokimiz haqida shunday dedi:

“Yigitlarga rahmat, shunchalik darajada, jahon chempionatiga chiqib o‘ynashning o‘zi bo‘lmaydi. O‘z vaqtida biz chiqa olmaganmiz, ular uddalashdi. Mundialda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, barakalla. Barcha futbolchilarga tashakkur aytamiz. Dunyo bo‘yicha eng kuchli terma jamoalar orasida bo‘lishning o‘zi katta gap. Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynashdi, g‘alabaga ham yaqin kelgandik. Oxirgi o‘yinda charchoq bilinib qoldimi, bilmayman, biroz qiynalishdi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. So‘nggi daqiqada jarima to‘pidan keyin darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborib, yutqazib qo‘ydik. Qo‘shimcha vaqtlarga oz qolgandi. Shunda ham baribir yigitlarimizga rahmat. Nimchorak finaldan ham o‘ta olardik, ozgina omad etishmay qoldi. Jahon chempionatida ko‘plab bo‘lajak yulduzlar o‘ynashyapti. Terma jamoamizda ham bir qator o‘yinchilar Xudo xohlasa, Evropa klublarida o‘ynab keta oladilar. Agar omad kulib boqsa, bir qator futbolchilarimiz evropalik skautlar nigohida bo‘lib turgan bo‘lishsa ajab emas.

uzb 20 2

To‘g‘risini aytsam, terma jamoamiz guruhda yaxshi o‘ynadi va o‘z kuchini ko‘rsatdi. Masalan, ilk turda yorqin taassurot qoldirdi. Isroil to‘sig‘idan o‘tganimizda Braziliya bilan bemalol kurashardik. Isroil ham yaxshi jamoa ekan. Eshitishimcha, ular Evropaning vitse-chempioni ekan. Rosti, ular ham zo‘r o‘ynashdi. Balki oldingilarga qaraganda, bizda biroz hadiksirash bo‘ldimi, bilmadim. U erdagi muhitga, ob-havosiga moslashuv qanday ta’sir qildi ekan? Lekin shunda ham o‘yinchilarimizga rahmat. Qiyin guruhda bo‘lsa-da, 1\8 finalga chiqa olishdi, bu ham katta yutuq. Xudo xohlasa, keyingi jamoalarimiz mundiallarda yanada yaxshiroq natijalar ko‘rsata oladi. Mana, o‘ynasa bo‘larkan-ku! Demak, O‘zbekiston futboli to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti.

uzb 20

Har doimgidek Abbos Fayzullaev ko‘proq yoqdi. O‘ng qanot yarim himoyasidagi Muhammadjonov ham chakki emas. Menimcha, terma jamoamizga baribir o‘tkirroq hujumchi topishimiz kerak. Isroilga qarshi o‘ynagan darvozabonimiz ham yomon emas ekan. Terma jamoamizdagi yigitlarning kelajagi porloq, bunga ishonaman. Jahon chempionatiga chiqishning o‘zi katta baxt. U erda esa nimchorak final ishtirokchisiga aylanish ham har kimga nasib qilmaydi. Yigitlarimizga qoyil!”, - deya fikr bildirdi, Ma’rufaliev.

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!