
Tojikiston futbolchilari Osiyo kubogidagi shov-shuvli g‘alabalariga qancha pul oldi?
Osiyo kubogining final bosqichida ilk marotaba ishtirok etayotgan Tojikiston terma jamoasi shov-shuvli natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Qo‘shnilarimiz murakkab guruhdan muvaffaqiyatli o‘tgandi. Kvartetda faqatgina musobaqa mezboni Qatar futbolchilariga kichik hisobda imkoniyatni boy bergan tojiklar keyingi Xitoy bilan durang o‘ynadi va Livanni 2:1 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi o‘rin bilan pley-off bosqichiga chiqdi.
Birinchi urinishdayoq nimchorak final chiqqan terma jamoani Tojikiston futbol federatsiyasi prezidenti Rustam Emomali 300 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirladi. Bu haqda sport24.ru sayti xabar tarqatdi.
Tojikistonlik charm to‘p ustalari pley-offdagi birinchi uchrashuvining asosiy va qo‘shimcha vaqtida Birlashgan Arab Amirliklari bilan durang o‘ynadi – 1:1. Penaltilar seriyasida raqibni 5:3 hisobida engib, chorak finalga o‘tdi. Bu g‘alaba qo‘shimcha 150 ming dollar bilan mukofotlandi.
Endi tojiklar yarim final yo‘llanmasi uchun kurashda Iordaniya bilan kuch sinashadi. 2 fevralda bo‘ladigan o‘yindagi g‘alaba 200 ming dollar miqdorida mukofot puli ajratilishi aytilmoqda.
Shuningdek, federatsiya rahbariyati keyingi bahslarda muvaffaqiyat qozoniladigan bo‘lsa, terma jamoa vakillarini qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlashni mo‘ljallayapti.
Fikrlar