
"To‘g‘risi, syurpriz bo‘ldi, omadlimanmi, bu haqida o‘ylamaganman" yoxud Hakim Fuzaylov va "Xorazm" yana Superligada
“Xorazm” klubi 15 yillik tanaffusdan so‘ng Superligaga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Pro ligada o‘tgan yili 6-o‘rinni band etgan klub “Metallurg”ning Superligada ishtirok etmasligi evaziga Reglamentga asosan uning o‘rnini egallash imkoniyatidan unumli foydalanib qoldi.
Klub bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov jamoani ayni paytda Toshkentda yangi mavsum uchun tayyorlamoqda.
“Xorazm”ning rasman Superligada ishtirok etishi tasdiqlangach, tojikistonlik Hakim Qayumovich Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Hakim Qayumovich, rasman “Xorazm” 2025 yilni Superligada o‘tkazadigan bo‘ldi. Siz vaziyat shunday tus olishini kutganmidingiz yoki syurpriz bo‘ldimi?
- Ha, to‘g‘risini aytsam, albatta syurpriz bo‘ldi. Umuman, kutmagan edim. Xursand bo‘lganim, “Xorazm” rahbariyati bunday imkoniyat paydo bo‘lganida jamoani yuqori ligada ko‘rishga muvaffaq bo‘lmoqda. Aslida jamoaga 2025 yilda Superligaga olib chiqishni asosiy vazifa qilib belgilagan edi. Omadimiz kelib qoldi, endilikda viloyat futboli rivoji uchun rejada bir qator ishlar qilinyapti. Birinchi navbatda stadiondagi rekonstruktsiya tartibga keltirilmoqda. Bazani qurish ishlari ham olib borilmoqda. Xorazm xalqi katta futbolni sog‘inib qolgandi. Tabiiyki, bu albatta syurpriz. Bundan xursandman, tezkorlik bilan jamoani tayyorlab, tarkibni kuchaytirib, uni og‘ir o‘tishi kutilayotgan mavsumga tayyorlash qoldi.
- O‘tgan yili pro ligada “Xorazm”ga bosh murabbiy etib tayinlandingiz. Lekin oson kechmadi va omadsiz bahslar ko‘p bo‘ldi. Natijada klub 6-o‘rinni egalladi. Nima bo‘ldi?
- O‘tgan mavsum tarkibimizda yaxshi futbolchilar jamlangandi. Mavsum boshlanganidan so‘ng jamoani qabul qilib olgandim. Juda qiyinchilik tug‘dirdi. Kimdir o‘yinlarini yaxshilab bordi. Kimdadir o‘xshamadi. Natija yomon bo‘ldi. Ammo jamoada oldingiga nisbatan o‘zgarish bo‘lganligi uchun rahbariyat bizga klubda qolib, yangi mavsumda jamoani kuchaytirib, Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygandi. Mavsum o‘rtasida jamoani kuchaytirish uchun urindik. Biroq bizga limit qo‘yilgan edi, 5 tadan ortiq katta yoshdagi futbolchilarni qo‘shib olishga. Bu narsalar ham natijaga ta’sirini o‘tkazdi. Bir qancha o‘yinlarda futbolchilar harakatini ko‘rib, kuzatib oldik. Muxlislarni stadionga qaytara oldik. Endi bizga Superliga taqdim etildi. Jamoani kuchaytirib, jiddiy tarkib tuzish ustida ishlamoqdamiz. Hali etarlicha vaqtimiz bor va ulguramiz.
- Bunga qadar pro ligada “Dinamo”, so‘ng “Buxoro”ni Superligaga olib chiqdingiz. Endi bo‘lsa, “Xorazm” bosh murabbiyi sifatida elitaga chiqdingiz. O‘zingizni omadli murabbiyman, deb hisoblaysizmi?
- Necha yillardan beri murabbiy bo‘lib ishlayotgan bo‘lsam, omadlimanmi yoki omadli emasmanmi, bunday deb o‘ylamaganman. Murabbiylik yuki og‘ir, albatta. Hozir hammaga ham oson emas. Menga o‘z ishim juda yoqadi. Harakatga yarasha o‘z jamoalarimda natija ko‘rsatganman. “Buxoro”, “Dinamo” va Toshkentning “Lokomotiv” jamoalarida yaxshi onlar bo‘ldi. Shuning uchun noshukrlik qilsam gunox bo‘ladi.
- “Xorazm” uy o‘yinlarini “Do‘stlik” stadionida o‘tkazadimi?
- Hozir juda ko‘plab savol-javoblar bo‘lyapti. Biz Superligada ishtirok etishimizni endi bildik. Bu masalada rahbariyat ish olib bormoqda. Bu borada to‘liq hal bo‘lmaguncha hozircha biron bir aniq javob ayta olmayman.
- Jamoani vazifasi ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish bo‘lsa kerak. Selektsiya ishlari qanday olib borilyapti? Tarkibda bir qancha yangi o‘yinchilar bor ekan. Masalan, Dilshod Jo‘raev, Ilhom Alijonov, Davron Ergashev...
- Davron Ergashevni biz taklif qilmaganmiz. U yo‘q. Qolgan futbolchilar oldingi jamoamda to‘p surgan. O‘zim bilgan nomlar bor. “Buxoro”, “Dinamo” jamoalarida o‘ynagan boshqa o‘yinchilarni ham taklif etganmiz. Ma’qul kelganlari bilan shartnoma tuzmoqdamiz. Jamoani kuchaytirish kerakligini tushunib turibmiz. O‘zbekiston Superligasini doim kuzatib boraman. Mavqei jihatdan Markaziy Osiyodagi eng kuchligi sanaladi. Umuman, Osiyoda ham o‘z o‘rni bor. Oson bo‘lmaydi. 15 yillik tanaffusdan so‘ng elitada ishtirok etamiz. Yuqori ligada vazifamiz eng kamida Superligada o‘z o‘rnimizni saqlab qolish bo‘ladi.
Fikrlar