Timur Kapadzening karantinni qanday o‘tkazayotgani va nimadan xavotir olayotgani xususida

  • 17 aprel, 2020, 17:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbek futbolida o‘ziga yarasha iz qoldirgan hamda terma jamoamiz safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan o‘yinchi sifatida ham hurmat va e’tibor qozongan Timur Kapadzening muxlislari ko‘p. Futbol orqali katta tajriba qozongan Kapadze endilikda o‘zini murabbiylikka bag‘ishlaganidan yaxshi xabardorsiz. Bu borada ham uning maqsadlari katta.  

Hozirgi paytda esa yurtimizda karantin joriy etilgani sababli hamma qatori Kapadze ham uyda qolmoqda. Xo‘sh, bunday paytda vaqtini qanday o‘tkazmoqda? Karantin paytida nimalarga rioya qilish kerakligi xususida ham Kapadze shunday dedi:

- Uyda, oilam bilan birga karantinni o‘tkazyapmiz. Kunduz kuni ko‘pincha onlayn darslar bilan band bo‘lyapmiz. Bundan tashqari, o‘zimning ishlarim bilan kompyuterda ishlayapman va oldingi o‘yinlarni ko‘rib tahlil qilyapman. Kitob o‘qiyapman, ingliz tilini ham o‘rganib boryapman. Umuman olganda, bekor o‘tirmasdan o‘z bilimlarimni ham oshirib bormoqdaman. Kechki payt esa uydagi sharoitdan kelib chiqib mashg‘ulot o‘tkazyapman. Davlatimiz bizlarning sog‘ligimiz va kelajagimizni o‘ylab virusga qarshi har tomonlama kurashmoqda. Bizdan talab qilinayotgani va davlatimizga ko‘rsatadigan yordamimiz esa uyda, oilamiz bilan birga qolish va duoda bo‘lish. Shu tariqa, o‘ylaymanki va ishonamanki, yurtdoshlarimiz shunga rioya qilishadi hamda har kuni uyda qolib foydali, mazmunli ishlar bilan band bo‘lishmoqda.

U faoliyati davomida ko‘plab katta o‘yinlarni ko‘rgan, bunga shubha yo‘q. Shu sababli Timur Kapadzeda terma jamoa tarkibidagi yodida qolgan uchrashuvlar ham bo‘lsa kerak?

- Albatta, terma jamoa libosida maydonga tushgan har bir o‘yinning ahamiyati yuqori bo‘ladi. Shunday ekan, terma jamoada o‘tkazgan deyarli har bir o‘yin mening yodimda saqlanib qolgan, - dedi Kapadze.

Shuni ham aytish kerakki, Timur hamma vaqt qaynoq futbol ichida vaqt o‘tkazardi. Biroq taqdir taqozosi bilan endilikda u ham futbolsiz qolib ketmoqda. Bunday pallada esa o‘zini noqulay his qilishi ham tabiiy. Ushbu masalada esa uning o‘zi quyidagicha munosabat bildirdi:

- Nafaqat men, balki har birimiz, futbol ichida yurgan insonlar o‘zini futbolsiz tasavvur qila olmaydi. Ayniqsa, hozirgi paytda futbolsiz hayot biz uchun qiyin bo‘lishini yanada yaxshiroq tushunib etyapmiz.

Qiziq, dunyo deyarli futbolsiz qolgan bir paytda u qanday va qaysi o‘yinlarni kuzatyapti? Javobini esa uning o‘zidan eshitamiz.

- Albatta, eski uchrashuvlarni takroran ko‘rib chiqyapman. Internetda “Yutub” tarmog‘ida terma jamoamizning ko‘plab o‘yinlari bor. Men esa eski o‘yinlarimni endilikda murabbiy sifatida ko‘rib chiqmoqdaman. To‘g‘risi, o‘z o‘yinimni murabbiy sifatida ko‘rib chiqish juda qiziq kechmoqda. Bu orqali o‘yinlarimni tahlil qilib, qaerda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilganimni tahlil qilyapman. Qolaversa, “Sport” telekanalida har kuni oldingi o‘yinlarimizni efirga uzatishyapti. Ushbu uchrashuvlarni ham o‘g‘lim bilan birga kuzatib boryapmiz.

Kapadze murabbiylik bilan astoydil shug‘ullanayotgani albatta quvonarlidir. Ayniqsa, yoshlar terma jamoamizni boshqarishga kirishgani uning uchun yangi chaqiriq bo‘ldi desak mubolag‘a qilmaymiz. Boz ustiga kuzda yurtimizda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilishi ham belgilab qo‘yilgan. Biroq koronavirus tufayli rejalar o‘zgarib ketmoqda. Tabiiyki, bunday jarayonda bosh murabbiy sifatida Kapadzening ham rejalari o‘zi kutmagan tarzda o‘zgarmoqda.

- Nafaqat bizning, balki butun futbol olamining rejalari o‘zgarib ketdi. Eng xavotirli jihati shundaki, bundan buyon yangi rejani qanday ko‘rinishda tuzishdir. Chunki qachon mashg‘ulotlar va o‘yinlar boshlanadi, buni hozircha hech kim bilmaydi. Qolaversa, terma jamoalarning ham o‘yinlari qoldirilgan. Qachonki, koronavirus to‘liq bartaraf etilib, mashg‘ulotlar va o‘yinlar sanasi ma’lum bo‘lsa, o‘shanda yangi rejalarni tuzamiz.

Xo‘sh, terma jamoadagi futbolchilarining bugungi holati murabbiyni tashvishga solyaptimi? Ularga masofadan qanday ko‘rsatmalar bermoqda? Bu haqida uning o‘zi shunday dedi:

- Albatta, eng asosiy xavotir ham mana shunda. Negaki, futbolchilar uzoq muddat mashg‘ulotsiz qolishyapti va bu holat hali ham davom etyapti. Ularning jismoniy holati qanday bo‘ladi va yana shunga o‘xshash xavotirlarimiz bor. Lekin qo‘limizdan kelgunicha biz har kuni futbolchilarimiz bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Bizning ijtimoiy tarmoqda alohida guruhimiz bor. Ushbu guruh orqali futbolchilarga uydagi sharoitda qanday mashg‘ulotlarni bajarish borasida hamda o‘zlarining jismoniy holatini biroz bo‘lsa-da, ushlab turish uchun o‘quv qo‘llanmalarini jo‘natamiz. Shuningdek, har bir o‘yinchimiz kunlik qilgan mashg‘ulotlarini telefonida videoga olib guruhimizga yuborishadi. Bundan tashqari, shifokorlarimiz ham yigitlarga o‘zlarining tavsiyalarini berib turishibdi. Shuningdek, dietolog ham futbolchilarga qanday ovqatlanish bo‘yicha o‘zining ko‘rsatmalarini bermoqda. Yigitlarning barchasi o‘z vazifalariga professional tarzda yondashib, imkoni boricha uydagi sharoitida ham mashg‘ulot qilishmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!