Timur Kapadze: "Ikki yil oldingi Saudiya Arabistoni bilan hozirgi jamoaning farqi bor"

  • 24 aprel, 2024, 00:08
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichining 3-turida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Vetnamga qarshi bahs olib bordi. Unda hamyurtlarimiz yirik 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Timur Kapadze va bugungi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Alisher Odilov matbuot anjumanida ishtirok etdi. 
"Avvalambor, barcha xalqimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Bu o‘yinga ham etarlicha tayyorgarlik olib bordik. Muhimi, jarohatlar yo‘q. Endi keyingi bosqich haqida o‘ylashimiz kerak. Tayyorgarlikni bugundan boshlaymiz. 

Guruh bosqichida gol o‘tkazib yuborilmagani haqida
Albatta, bundan xursandmiz. Bu jamoaviy mehnat. Keyingi uchrashuvlarda ham gol o‘tkazmaslikka harakat qilamiz. 

Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o‘yin va 2 yil oldingi jamoa haqida
2 yil oldingi Saudiya Arabistoni bilan hozirgi jamoaning farqi bor, xususan bizda ham. O‘ylashimcha, bu vaqt oralig‘ida o‘sishga erisha oldik. Ular bilan Osiyo o‘yinlarida ham to‘qnash keldik. Yaxshi jamoa, biroq bizning ham o‘z maqsadimiz bor va bu yo‘lda mehnat qilishda davom etamiz. 

Guruh bosqichi va play-off haqida
Uch o‘yin ham o‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Play-off o‘yinlarida kuchsiz raqib bo‘lmaydi. Biroq, aytganimdek, o‘z rejamiz bo‘yicha davom etamiz. Bizda tayyorgarlik uchun 2 kun vaqt bor. Men futbolchilarimga ishonaman. 

Turnirga tayyorgarlik va “Olimpik” klubi haqida
Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida “Olimpik” tashkil etildi. Jamoa yig‘ilayotganda asosan o‘z klublarida zaxirada qolib ketayotgan futbolchilar jalb etildi. Ularga ko‘proq o‘yin amaliyoti berib, yangi darajaga olib chiqishga erishdik. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. Tayyorgarlik uzoq davom etdi. Ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkaza oldik. Tarkibimizda teng kuchga ega futbolchilar yig‘ildi", - dedi termamiz ustozi.

 Alisher Odilov esa:
"Bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha yurtdoshlarimizga rahmat. G‘alaba bilan tabriklayman. Endilikda bor e’tiborimizmi keyingi o‘yinga qaratamiz. 

Guruh bosqichda gol o‘tkazib yubormaslik haqida
Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, bu juda ham muhim va biz musobaqaning qolgan 3 o‘yinida ham gol o‘tkazmasdan chempion bo‘lmoqchimiz."

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
24/04/2024 07:54
23 ёшли футболчиларга омад ёр булсин