
The-afc.com: Konde, Bunedja, Masharipov - nimchorak finalda porlashi kutilayotgan futbolchilar
Biz esa ushbu maqolani to‘liq tarjimasini e’tiboringizga havola etamiz.
Dohada Osiyo Chempionlar Ligasi G‘arb mintaqasi bahslari eng qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Nimchorak final boshlanishi arafasida ushbu bosqichda e’tiboringizni o‘ziga tortishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Salman Al-Muvashshar (“Al-Ahli”)
Saudiyaliklar “A” guruhini peshqadam sifatida yakunladi. Bunda 31 yoshli vinger Salman Al-Muvashshar etakchi rolni o‘ynadi.
2014 yilda ushbu jamoa safiga kelib qo‘shilgan futbolchiga bosh murabbiy maydon bo‘ylab erkin harakatlanish imkonini bergan. Uni har ikkala qanot va markazda faollik ko‘rsatayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘lib ulgurdik. Driblinglaridagi samaradorlik 50 foizni tashkil etayotganining o‘ziyoq, undan xavfsirash uchun etarli sabab.
U guruh bosqichi doirasidagi 4 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 marotaba raqib darvozasiga to‘p kiritgan. Har ikki gol ham “Istiqlol”ga qarshi uchrashuvda kiritilgan.
Amir Asalan Motahari (“Istiqlol”)
Eronliklar pley-offdagi o‘rinlariga so‘nggi turda “Al-Ahli”ni yirik hisobda engib ega chiqdi. Guruh bosqichi doirasida ular jami 6 ta gol urdi. Shulardan 2 tasi Motahari nomi bilan bog‘liq.
Atigi 27 yoshda ekanligiga qaramay, Amir Asalan Osiyo Chempionlar Ligasining veteran futbolchilari qatoriga kiradi. Boisi, u 4 ta klub safida ushbu turnirda ishtirok etib ulgurdi: “Naft” Tehron, “Traktorsozi”, “Zobahan” va “Istiqlol”.
Motahari guruh bosqichi davomida jami 21 ta duelda g‘alaba qozongan.
Ayniqsa, “Al-Ahli” va “Al-Shorta”ga qarshi uchrashuvlarda biz uning yanada yorqinroq harakatlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.
Jaloliddin Masharipov (“Paxtakor”)
“Paxtakor” 10 yil o‘tib yana pley-offga yo‘l oldi va bu tarixiy natijada hech kim Jaloliddin Masharipovchalik ko‘p mehnat qilmadi. U birinchi golini “Shabab Al-Ahli”ga qarshi bellashuvning 18-daqiqasida kiritgandi. So‘nggi goli esa “Shahr Xodro”ga qarshi bellashuvda jamoasiga g‘alaba keltirdi. 2 ta goldan tashqari u yana 2 ta assistni amalga oshirdi.
Ushbu mavsum OChLda o‘ynayotgan hech bir futbolchi “Paxtakor” vingeridan ko‘p muvaffaqiyatli dribling ishlatmagan (27).
Pedro Konde (“Shabab Al-Ahli”)
“Shabab Al-Ahli” OChLda eng omadli jamoalardan biri bo‘lib turibdi. “Al-Hilol”ning musobaqadan chetlatilishi oqibatida amirlik klubi “Paxtakor”dan keyingi o‘rinni egallab, pley-offga yo‘l oldi. E’tiborlisi, ular kiritgan 3 ta golning 2 tasi aynan Kondega tegishli. 2019 yil yanvarida jamoaga kelib qo‘shilgan ispaniyalik forvard hujum chizig‘iga rang-baranglik bag‘ishlay oldi.
Shuningdek, 32 yoshli hujumchi OChLda eng ko‘p aniq zarba yo‘llagan futbolchi bo‘lib turibdi.
Shojai Xalilzoda (“Persepolis”)
“Persepolis” guruh bosqichidagi gollarini ancha qiyinchilik bilan kiritdi. “Sharja”ga qarshi uchrashuv bundan mustasno. Ular so‘nggi turga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rgani yaqqol sezildi. BAA klubi eronlik raqiblariga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi.
Markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, Shojai Xalilzoda 2 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu gollar jamoasiga pley-off chiptalarini taqdim qildi.
2017 yilda “Sepaxon”dan “Persepolis” tarkibiga ko‘chib o‘tgan Xalilzoda himoya markazida Sayid Jalol Husayniy bilan yaxshi tandem hosil qila oldi.
U guruh bosqichi davomida 18 marotaba raqib hujumlarini bartaraf etishga erishdi.
Abdulmajid Al-Svat (“Al-Taavon”)
Bu kabi katta mag‘lubiyatlar bilan “Al-Taavon”ni nimchorak finalda ko‘rayotganimiz - sensatsiya. “S “ guruhidagi o‘yinlarida ushbu klub ancha “notekis” futbol namoyish etdi, ammo muhimi kichik missiya bajarildi.
Klub akademiyasi vakili hisoblangan Abdulmajid 2017 yilda katta jamoaga jalb qilingandi. “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvda kiritgan debyut golining o‘ziyoq ancha katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
"Al-Svat" guruh bosqichida ishtirok etgan qolgan barcha futbolchilardan ko‘proq (6 ta) vaziyatlar yaratgan.
Abdurazzoq Hamdallah (“Al-Nassr”)
Ushbu mavsumning eng xavfli jamoalaridan biri hisoblangan klub dastlabki 5 ta o‘yinda g‘alaba qozondi. So‘nggi turda “Al-Ayn”dan uchralgan mag‘lubiyat amalda hech narsani o‘zgartirmadi.
Rui Vitoria shogirdlari orasida marokashlik hujumchi ajralib turadi. “Guanjou”, “Al-Jaish”, “Al-Rayyan” tarkibida ham OChLda o‘ynagan futbolchi ancha tajribali futbolchilar sirasiga kiradi.
U 4 ta uchrashuvda 5 ta gol kiritib, to‘purarlar ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda.
Bag‘dod Bunedja (“Al-Sadd”)
“Al-Sadd” “D “ guruhida ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Sababi, “Al-Nasr”ni to‘xtatib bo‘lmadi. Qatarliklar etakchisi Bunedja ham aynan Hamdallahdan keyin to‘purarlar jadvalida ikkinchi bo‘lib turibdi.
2018 yilda u eng yaxshi to‘purar bo‘la olgandi. Ushbu mavsumda esa Bunedja guruh bosqichining 1-davrasida 4 ta gol kiritishga erishdi. Ikkinchi davrada esa uning to‘purarlik mahorati birdan yo‘qolib qoldi.
Santi Kasorla va Akram Afifning ko‘magi bilan hujumchi 11 ta aniq zarba yo‘llab, guruh bosqichining eng yaxshi vakili bo‘lib turibdi.
Abdulvosid Valixonov tarjimasi
Fikrlar