
Tarixiy natija: Legionerimiz Premer-liga chempioni bo‘ldi!
Qozog‘iston Premer-ligasining so‘nggi turidan o‘rin olgan uchrashuvlar yakunlandi. Bu galgi musobaqada chempionlik kurash oxirgi turgacha davom etdi.
Yakuniy tur uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
“Aktobe” – “Turon” 2:0
“Astana” – “Jetisu” 5:0
“Atirau” – “Qayrat” 0:1
“Jenis” – “Qizil-Jar” 0:1
“Qaysar” – “Tobol” 2:0
“Ordabasi” – “Elimay” 2:1
Chempionlik masalasi “Qayrat” va “Astana” raqobatida aniq bo‘ldi. “Astana” so‘nggi turda o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Jetisu” darvozasiga beshta to‘p kiritdi.
Peshqadamlikni saqlab qolish uchun “Qayrat” oxirgi o‘yinda “Atirau”ni safarda engishi talab qilinardi. Bu uchrashuv taqdirini birgina penalti hal qildi. Mezbonlar 59-daqiqada o‘z jarima maydonchasi ichida o‘yin qoidasini buzdi.
11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Georgiy Zariya bexato zarba berdi. Bir gol, uch ochko va “Qayrat” o‘z yubileyiga chempionlikni sovg‘a qildi.
Chempionlik uchrashuvida hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘liq o‘ynadi va g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shdi.
Yo‘ldoshev 2019 yili “Paxtakor” tarkibida qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston chempionligi unvoni yoniga endi Qozog‘iston chempionati oltin medalini ham qo‘shib qo‘yadi. Ibrohimxalil aslida Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi.
Yakunlangan mavsum oldidan “Qayrat” tarkibini kuchaytirish va chempionlik uchun kurash maqsadida o‘zbek futbolchisini keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olgandi.
23 yoshli legionerimiz Premer-ligadagi debyut mavsumida asosiy figuralardan biri bo‘ldi. Chempionatda 17 marotaba maydonga tushgan Yo‘ldoshev himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta gol va uchta assist qayd etdi.
Qizig‘i shundaki, Qozog‘iston Premer-ligasining o‘tgan mavsumida ham o‘zbek futbolchilari chempion bo‘lgandi. “Ordabasi” sharafini himoya qilgan Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqov chimkentliklarning o‘z tarixidagi ilk chempionligiga munosib xizmat qilgan edi.
Bu mavsum Chimkent klubi uzoq vaqt peshqadamlikni saqlab turdi. Biroq chempionat oxirida ketma-ket ochko yo‘qotishlar jamoani sovrinlardan uzoqlashtirib yubordi. Ayniqsa, jamoada debyut mavsumini o‘tkazgan Jasurbek Yaxshiboevning o‘yini ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Hamyurtimiz 17 ta uchrashuvda to‘qqizta gol urdi. Biroq diskvalifikatsiya tufayli chempionat yakunida jamoasiga ham yordam bera olmadi, o‘zi to‘purarlar poygasida oxirigacha kurashish imkoniyatidan ayrildi.
“Ordabasi”dagi ikkinchi legionerimiz Shahboz Umarov esa, liganing 21 ta o‘yinida qatnashib, o‘z nomiga ikkita gol yozdirib qo‘ydi.
Qozog‘iston chempionatidagi yana bir vakilimiz Shohnazar Norbekov “Qaysar” jamoasi safida 22 marotaba maydonga tushdi va bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Fikrlar