Superliganing 5 ta klubida stadion bilan bog‘liq muammolar mavjud
O‘zPFL rasmiy ravishda Superliganing 5 ta klubida stadionlar bilan bog‘liq muammolar borligini ogohlantiradi. Ushbu arenalarda o‘yinlar o‘tkazilishi xavf ostida bo‘lishi mumkin.
"Yana 5 ta klubda esa muammolar mavjud: "Navbahor", OKMK, "So‘g‘diyona", "Mash’al", "Buxoro". Voqealar rivoji shunday davom etsa, Liga mazkur arenalarni Superliga stadionlari ro‘yxatiga kiritmasligi mumkin.
Vodiyda 3 ta yaxshi maydon bor ekanligidan kelib chiqilsa, Navbahor vaziyatni o‘nglashi yoki Andijon, Farg‘ona, Qo‘qondagi stadionlardan foydalanish masalasini ko‘rib chiqishi lozim. "Mash’al" esa G‘uzordagi stadion tajribasini o‘rganmoqda. Biroq bunda drenaj va sug‘orish tizimi masalasi klub bilan muhokama qilinadi. "So‘g‘diyona" Jizzax yoki Zomindagi stadionlarda o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyor. Biroq Liga klubga maysa parvarishi masalasini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etadi.
2 yil ichida "So‘g‘diyona" maydoni holati qanday o‘zgargani o‘rganilishi lozim. Termiz va Samarqand shaharlaridagi maydonlar holati bilan solishtirganda, Jizzaxdagi o‘yingoh muammolari yaqqol ko‘rinadi.
OKMK o‘yingohi masalasi esa Liga uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Maydon ta’miriga to‘liq 2 yil o‘tmay turib, uning holati salbiy tomonga keskin o‘zgardi. Mazkur masala qayta o‘rganib chiqilishi shart. Maydon ustida futboldan boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi davom ettirilsa, u tabiiyki, Superliga uchrashuvini o‘tkazish uchun yaroqsiz maydonga aylanib qoladi.
Buxorodagi akademiya stadioni Superliga o‘yinlari uchun qayta ochildi. Bu yo‘lda stadionga talab bo‘yicha projektorlar o‘rnatildi. Afsuski, projektorlar o‘rnatilguniga qadar maysa o‘z sifatini yo‘qotib ulgurdi. Bunga asosiy sabab — viloyatda maydon parvarishi uchun maxsus texnikaning mavjud emasligi (Liga ikki yil avval buni qayd etgan). Ayni vaqtda maydon chimi qanday moslamalarda o‘rilayotgani va buning oqibatlari yuzasidan klub hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi xabardor qilingan. Holat o‘nglanmasa, klub 2026 yilgi mavsumni qo‘shni Navoiyda o‘tkazishi haqiqatga yaqin.
Ma’lumot uchun, Superliga stadionlari 25 dekabrga qadar Liga ro‘yxatidan o‘tishi lozim. Biz barcha klub o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida to‘p tepishidan manfaatdormiz. Biroq ayrim klublar futbolning birlamchi vositasi bo‘lmish maydonlarga nisbatan o‘z munosabatini o‘zgartirmasa, Liga afsus bilan ularga nisbatan sanktsiyalar qo‘llashda davom etadi. Maydon klubning yuzi ekanligi va muammoli klublar o‘zlari to‘p surayotgan yaxshi maydonlarga javob tariqasida o‘zlari ham yaxshi maydon uchun kurashishlari muhim masaladir",- deyiladi liga tarqatgan xabarda.



Fikrlar