Superligada 10 ta turdan keyin 10 ta voqea

  • 4 iyun, 2019, 14:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 10-tur tur ortda qoldi. Endi navbatdagi 11-tur uchrashuvlari keyingi haftada bo‘lib o‘tadi. Ungacha esa klublar kichik tanaffusga chiqishdi deb o‘ylayotganlar ham bor. Albatta, chempionatning navbatdagi turigacha hali vaqt bor. Ammo bu orada ushbu yildan yangi tashkil etilgan Liga Kubogi musobaqasi start oldi. Bundan tashqari, milliy va olimpiya terma jamoalarimizning o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham ko‘ramiz. Biz esa e’tiborimizni Superligada ortda qolgan 10 turga qaratmoqchimiz. Ortda qolgan vaqt davomida bir qator voqealar, hodisalar, o‘zgarishlar va esda qolarli o‘yinlar ham bo‘lib o‘tdi. Biz esa vaziyatdan foydalanish maqsadida Superligada 10 ta turdan keyin e’tiborga molik 10 ta voqea haqida so‘z yuritishga harakat qilamiz.

Tecno

Mag‘lubiyatsiz odimlayotgan «Paxtakor»

Mavsum boshlanmasidan oldin bu safar «Paxtakor»ning yaqqol ajralib qolishini taxmin qilganlar ko‘p edi va hozircha bunday qarashlar o‘zini oqlayapti. Chindan ham bu yil Shota Arveladze jamoasi ancha kuchaydi. Ammo Osiyo Chempionlar ligasida «o‘lim guruhi»ning «qurboni»ga aylangan holda alamli tarzda musobaqadan chiqib ketdi. Vaholanki, «Paxtakor»ning OChLdagi ishtiroki ham chakki emasdi. Endi Arveladze jamoasi bor e’tiborini faqat ichki chempionatga qaratishga majbur. Hozircha esa ularning Superligadagi ishlari yaxshi ketmoqda. Bo‘lib o‘tgan 10 ta o‘yinning 8 tasida g‘alaba va 2 tasida durang qayd etilgan. Termizda «Surxon» bilan va Toshkentda «Navbahor»ga qarshi bahslarda «Sherlar» ochkolarini yo‘qotishga majbur bo‘ldi. Biroq hali «Paxtakor»ni mag‘lub eta oladigan jamoa topilgani yo‘q. Ko‘ramiz, «sherlar» mavsum oxirigacha sherligini ko‘rsata olarmikin? Ammo Liga Kubogining 1-turida o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ga yirik hisobda yutqazgani chinakam syurpriz bo‘ldi. Ammo shunga qaramay, «Paxtakor» hamon Superligada mag‘lubiyatsiz odimlamoqda.

paxtakor

«Surxon»ning kuchli uchlikdan joy olishi

Chempionatimizda qiziq ishlar bo‘lyapti-da. O‘FAning qo‘shimcha imtiyozi bilan Superligaga qo‘shilgan ikki klub – «Dinamo» hamda «Surxon» jamoalari ko‘pchilik kutganidek, chempionatda autsayder rolini bajarishmayapti, aksincha ular raqobatbardosh jamoa sifatida tasavvur uyg‘otishmoqda. Ayniqsa, Termizning «Surxon» jamoasini 10 ta turdan keyin «Paxtakor» va «Lokomotiv»dan so‘ng jadvalda uchinchi o‘rinda borishini kim o‘ylabdi deysiz. Mavsum boshida turli mashmashalarga sabab bo‘lgan va keyinchalik klubda ish boshlagan Ilhom Mo‘minjonov O‘FA tomonidan umumiy hisobda besh yilga diskvalifikatsiya qilinganidan so‘ng endi «Surxon»ning taqdiri qanday kecharkin, deya xavotirlar ham yo‘q emasdi. Biroq termizliklar bo‘lib o‘tgan ishlardan o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymagan ko‘rinishadi. Andrey Miklyaev bosh murabbiylik postiga o‘tganidan keyin jamoa ochkolarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Albatta, bu borada tarkibda tajribali o‘yinchilarning ham borligi muhim faktorlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. «Paxtakor» ham chempionatdagi g‘alabali yurishi aynan Termizda «Surxon» tomonidan to‘xtatilganini aytish lozim. To‘g‘ri, hali mavsum uzoq davom etadi va balki ungacha ko‘p narsa o‘zgarib ketishi ham mumkin. Ammo shuni unutmaylikki, biz hozircha Superligadagi dastlabki 10 turdan keyingi voqealar haqida so‘z yuritmoqdamiz.

surxon

«Bunyodkor» yoshlarining shijoati

Ko‘pchilik muxlislar Vadim Abramovga alohida hurmat va e’tibor bilan qarashadi. Ammo oxirgi paytlarda uning murabbiylikdagi ishlari ko‘ngildagidek kechayotgandi deyishga bizda asoslar etarli emasdi. Bu yil esa Vadim Karlenovich «Bunyodkor»da ish boshladi. Ammo bu klub oldingi «Bunyodkor» emasdi. Avvalgidek katta imkoniyatlarga va tarkib jihatidan ham saviyasi yuqori o‘yinchilari endi yo‘q edi. Abramovning ish boshlagani esa «Bunyodkor»dagi aynan shunday vaziyatga to‘g‘ri kelib qoldi. Endi u hali Superligada deyarli o‘ynamagan yosh futbolchilarga ustozlik qila boshladi. Buning ustiga klub atrofida turli qiyinchilik va muammolar ham bo‘y ko‘rsatib turgan bir vaziyatda Abramov va «Bunyodkor»ga sira ham havas qilib bo‘lmasdi. Klub rahbarlari bir muammoni bartaraf etishsa, ortidan navbatdagisi chiqib kelaverdi. Lekin Vadim Abramov «Bunyodkor» yoshlari bilan qanday ishlashni biladi. Buni ayni paytda qayd etayotgan natijalari va o‘yinlaridan ham bilsa bo‘ladi. Tarkibida faqatgina Anvar G‘ofurov, Murod Zuhurov va Lutfulla To‘raev kabi yoshi katta o‘yinchilar bor xolos. Hatto maktabda o‘qiyotgan futbolchilar ham bor. Abramov esa bunday tarkib bilan o‘zining murabbiylik salohiyatini yana bir bor barchaga ko‘rsatib qo‘yishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Harqalay uning yosh jamoasi Superligada yana avvalgi mavqeini tiklash yo‘lida dadil qadam tashlayotgani quvonarli bo‘lyapti. Chunki «Bunyodkor»ni endi oldingidek etakchilar qatoriga qo‘shishmayotgandi. Biroq aftidan Abramov bu jamoani «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi klublarga hali hamon raqobatchiligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi shekilli.

bunyodkor

Murabbiylar iste’folari

O‘tgan vaqt davomida to‘rtta jamoada murabbiy almashganiga guvoh bo‘ldik. Hammasi esa Sergey Lushandan boshlandi. «So‘g‘diyona» mavsumni o‘z maydonida «Bunyodkor»ni mag‘lub etish orqali g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa-da, ketma-ket uchta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng Sergey Ivanovich klubga yangi qon kerak, deya ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Shu tariqa, 5-turdan keyin «So‘g‘diyona»da Ulug‘bek Baqoev ish boshladi. Shuningdek, «Andijon»da ham murabbiylarini o‘zgartirish borasida harakatlarini davom ettirdi. Jamoani Superligaga Eldor Sakaev boshchiligida yo‘l olgandi. Ammo «Andijon»ning ishlari yurishmadi. Sakaev boshchiligida «Burgutlar» parvozi amalga oshmay qoldi. Ular 8 ta o‘yinda faqat bitta g‘alabaga erishishdi xolos. To‘g‘ri, mavsum boshlarida ular o‘z maydonidagi uchrashuvlarni ham safarda o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. Keyinchalik o‘z maydonida «Nasaf» hamda «Dinamo» bilan o‘ynashdi. Qarshiliklar mag‘lub etilgan bo‘lsa-da, «Dinamo» bilan bahsda qimmatli ikki ochko yo‘qotildi. Aynan ushbu durang Sakaevga bo‘lgan ishonchsizlikni oshirib yubordi. 8-turdan keyin buxorolik Jamshid Saidov vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasiga kirishdi. 9-turda «Andijon» mezbonligi ostida Farg‘onada «Paxtakor» bilan bellashishdi. Ammo tajriba o‘z so‘zini aytdi va «sherlar» yirik hisobda yutqazishdi. So‘ngra Namanganda vodiy derbisida «Andijon» syurpriz ko‘rsatib g‘alaba bilan qaytishga bir bahya qolgandi. Ammo oxirgi daqiqalarda «Navbahor» hisobni tenglashtirishi natijasida durang qayd etildi. Baribir klubga boshqa mutaxassis olib kelinishi borasida gap-so‘zlar ko‘p edi. Oqibatda 10 yil davomida «Mash’al»ni boshqarib kelgan rossiyalik Aleksandr Xomyakov «Andijon»dan tushgan taklifni qabul qildi. Shu tariqa, Xomyakov uchun «Andijon» O‘zbekistondagi ikkinchi ish joyiga aylandi. Superliganing 11-turida «Metallurg»ga qarshi kechadigan bahsda Xomyakov yangi jamoasidagi debyutini o‘tkazadi.

Qo‘qonlik Baxtiyor Ashurmatov esa «Buxoro»ni tark etganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. O‘tgan yili OKMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib tarixga kirgan mutaxassis ushbu mavsumni «Buxoro» bosh murabbiyi sifatida boshlagandi. Afsuski, uning bu jamoadagi hayoti uzoqqa cho‘zilmadi. Hozircha «Buxoro» rahbariyati bir qator mutaxassislar bilan muzokara olib borishmoqda.

Bundan tashqari, «Qo‘qon-1912»dagi bir necha yillik faoliyatdan so‘ng No‘’mon Hasanov ham iste’foga chiqdi. Chunki qo‘qonliklar mavsumni yaxshi boshlay olishmadi va bu holat hamon davom etmoqda. Chunki klub turnir jadvalida oxirgi o‘ringa tushib qoldi. Shu bois jamoada nimanidir o‘zgartirish kerak edi va bu vaziyatda murabbiyni almashtirish orqali muammoni bartaraf etishni lozim topishdi. Ammo hali klubga yangi bosh murabbiy tayinlanganicha yo‘q. Aziz To‘xtaboev esa vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlangan. Shuni ham unutmaslik kerakki, qo‘qonliklar bu mavsumda stadion maydoni yangilanayotgani bois hali o‘z maydonida o‘ynashgani yo‘q.

xasanov

Yo g‘alaba, yo mag‘lubiyat…

Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi ayni paytda 5-o‘rinda va bu ko‘pchilikni hayron ham qoldirmoqda. Lekin u erda murabbiy almashgani jizzaxliklarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan ko‘rinadi. Lushanning o‘rnini egallagan Ulug‘bek Baqoev «So‘g‘diyona»ni qiyin vaziyatdan olib chiqib keta oldi. Baqoev kelganidan so‘ng «So‘g‘diyona» to‘rtta g‘alabaga erishdi va ikki bor yutqazdi. Natijada beshta g‘alaba va beshta mag‘lubiyat bilan jamoa faxrli 5-o‘ringa chiqib oldi. Chempionatda durangsiz odimlayotgan jizzaxliklarning bunday natijasi chindan ham qiziqarli. Asosiysi, Ulug‘bek Baqoev «So‘g‘diyona»ni o‘zgartira olmoqda. Qiziq, ular qachongacha durangsiz o‘ynashda davom etisharkin? Vaholanki, «Andijon» bilan «Navbahor»da eng ko‘p duranglar bor – 5 ta.

so‘g‘diyona

Andijon va Namangandagi ochilish o‘yinlari

PFLning talabi bilan har bir stadion va uning maydoni foydalanish uchun etarli darajada bo‘lishi haqida majburiyatlar yuklangandi. Shunga asosan vodiy jamoalari faollik ko‘rsatishdi. Avvaliga Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionida 5-turga kelib ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni «Andijon» «Nasaf»ni qabul qildi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. E’tiborlisi, andijonliklarning ushbu g‘alabasi hozirgacha chempionatda yagonaligicha qolmoqda. Ammo stadion yangicha qiyofa kasb etdi va maydon ham yam-yashil ko‘rinishga keltirildi. 7-turda esa Namangandagi «Navbahor» stadioni ham foydalanishga topshirildi. U erda ham ajoyib bayram uyushtirildi va «So‘g‘diyona»ga qarshi bahsda mezbonlar 3:1 hisobidagi g‘alabani tantana qilishdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, «Andijon» ham, «Navbahor» ham o‘z maydonidagi ochilish uchrashuvlarida bir xil hisobdagi g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi.

Antiqahramonga aylanayotgan Mirjalol Qosimov

Chempionatimizda kutilmagan natijalar uchrab turibdi. Ayniqsa, OKMKning oxirgi o‘rinlarda ekanligi juda ajablanarli. Agar uning bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bo‘lsa, bu hol yanada ajablanarli, shunday emasmi? U murabbiylik faoliyatida ilk bor bunday holatga tushib turibdi. OKMK uning boshchiligida hozirgacha 2 ta g‘alaba, 1 durang va 7 bor mag‘lubiyatga uchradi. Eng ko‘p yutqazgan jamoa ham OKMK bo‘lib turibdi. Eng ko‘p gol o‘tkazish bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinda. Kiritilgan 12 ta goldan 7 tasini qo‘qonliklar darvozsiga urishgan. Lekin shunda ham Qosimov jamoasining o‘yini «ochilib» ketmayapti. Ayniqsa, oxirgi paytlarda bu jamoa xoh uyda bo‘lsin, xoh safarda faqat yutqazib kelmoqda. 10-turda Toshkentda «Paxtakor»ga yirik hisobda imkoniyat boy berilganidan keyin oxiri Qosimovning o‘zi agar rahbariyat xohlasa iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Ammo hozircha klub mutasaddilari Mirjalol Qo‘shoqovich bilan xayrlashish niyatlari yo‘q shekilli. Har holda Qosimovning iste’fosi haqida hech qanday ma’lumot chiqqani yo‘q. Balki unga yana imkoniyat berishayotgandir. Biroq bu ketishda jamoa yanada qiyin ahvolga tushib qolishi aniq. Bir amallab birinchi davrani yakunlab olishsa, yozda jamoani qaytadan shakllantirishiga to‘g‘ri keladi.

kosimov

Polvonovdan bir o‘yinda 5 ta gol, ammo u termada emas!

OKMK hujumchisi Zafar Polvonov 3-turda «Qo‘qon-1912» bilan bahsda naqd beshta gol urdi. Bunday ko‘rsatkichni ancha-muncha hujumchi ko‘rsata olmaydi. Bunday natijaga erishish uchun ancha-muncha yillar kerak bo‘ladi. Tabiiyki, o‘sha gollar tufayli Polvonov hozirda to‘purarlar orasida bormoqda. Qolaversa, shundan keyin ko‘pchilik OKMK hujumchisi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperning e’tiboriga tushishi va yig‘inlarga jalb etilishi borasida ham gapirishayotgandi. Lekin Kuperni bir o‘yinda beshta gol urish bilan o‘ziga qaratib bo‘lmaydi chog‘i, u o‘zi tanlagan hujumchilarni jalb etdi. Shunga qaramay, Polvonov o‘ziga xos natija tufayli tarixdan joy oldi.

Hakamlik masalasi yana e’tiborda

Doimgidek, yana hakamlik masalasi asosiy mavzulardan biriga chiqib qolmoqda. Ularning malakasini oshirish, o‘yinlarni odilona boshqarishlari yuzasidan O‘FA hamda PFL rahbarlari qator uchrashuv va seminarlarni tashkil etishmoqda. Shunga qaramay, ayrim o‘yinlardagi hakamlik masalalari jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda va hozirgacha ikki nafar hakam Superliga o‘yinlaridan chetlatildi. Ammo ulardan biri yana qaytdi. Dastlab 6-turda «Metallurg» - «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqargan Ahrol Risqullaev O‘FA tomonidan chetlatilgandi. O‘yin 3:1 hisobida bekobodliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘sha bahsning 56-daqiqasida «Qo‘qon-1912» darvozasi tomon penalti belgilagandi va bundan mezbonlar unumli foydalanishgandi. Keyinchalik esa O‘FAning hakamlar va nazoratchilar departamenti mutaxassislari ushbu vaziyatni o‘rganib chiqishgach, natijaga ta’sir ko‘rsatuvchi qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, Superliga bahslaridan chetlatilishi haqida qaror qabul qilingandi. Ammo Risqullaevning aynan nechta uchrashuvga chetlatilgani xususida aniq raqamlar yo‘q edi. Lekin 9-turda u yana hakamlikni boshladi va «Lokomotiv» - «Bunyodkor» o‘rtasidagi o‘yinni boshqardi. O‘sha bahs oxirlarida «Bunyodkor» tomonidan kiritilgan gol hisobga olinmagach, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. 10-turda esa vodiy derbisida «Navbahor» - «Andijon» uchrashuvida ham hakamlik qildi. Mazkur to‘qnashuvda ham hakamga bir qancha e’tirozlar bo‘ldi. Ayniqsa, o‘yin oxirlarida «Andijon» darvozasi tomon penalti belgilanmagani borasida ko‘plab bahs-munozaralar avj oldi. 8-turda esa «Paxtakor» va «Navbahor» ishtirokidagi o‘yinni boshqargan Zokir Qodirov va qanot hakami Ruslan Samandarov xatolarga yo‘l qo‘yilgani uchun jazolandilar va unga ko‘ra bosh hakam uchta o‘yinga, qanot hakami esa nomuayyan muddatga chetlatildi. Bu orada esa Qodirov boshchiligidagi hakamlar brigadasi ayollar chempionatida ishlashdi.

riskullaev

«Navbahor» o‘zi o‘rnatgan rekordni o‘zi yangiladi

Futbol muxlislar uchun bo‘lganidek, stadionlarimizda doim ishqibozlarning tashrifi qanchalik ekaniga ham qiziqamiz. Lekin ortda qolgan 10 ta tur davomida bir qator jamoalarimiz ishtirokidagi o‘yinlarda muxlislarning kamayganligi ko‘rinib qoldi. Lekin vodiyda ishqibozlarning tashrifi borasida doim samaradorlik kuzatilgan. Ayniqsa, «Navbahor»ning o‘z maydonidagi o‘yinlarda muxlislarning tashrifi keskin oshadi. 7-turda namanganliklar o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ni 3:1 hisobida taslim etishgandi. «Navbahor» stadionining maydoni qayta rekonstruktsiya qilindi va mazkur bellashuv ochiliy uchrashuviga aylanib ketdi. Natijada stadionga 25727 nafar muxlis keldi. Qizig‘i shundaki, o‘tgan yilgi mavsumda ham bir o‘yinga eng ko‘p ishqiboz aynan «Navbahor» stadionida kuzatilgandi. O‘shanda 3-turda mezbonlar «Lokomotiv»ni qabul qilib 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘sha o‘yinni 25300 ishqiboz stadionda kuzatib borgandi. Mavsum-2018 yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatgich chempionat rekordiga aylangandi. Buni qarangki, ushbu yildagi mavsumning dastlabki 10 ta turidayoq «Navbahor»ning o‘zi o‘tgan yili o‘rnatgan rekordini o‘zi yangiladi. Hozirgacha esa eng kam muxlis «Lokomotiv» - «Qizilqum» uchrashuviga kelgan. 6-turda Toshkentda o‘tgan bahsda mezbonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan va o‘sha bahsni stadionda 867 nafar muxlis kuzatgan xolos.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
АС МИЛАН
04/06/2019 23:20
Лекин Аҳрол Рисқуллаевга ҳалиям чора кўрилмади ва шунингдек Пахта ва Насаф ўйинида ишлаган Пахтанинг 15 ўйинчиларига ҳам чора кўрилмади инсон фактори дейилди қўйилди, аммо,лекин, бироқ Пахтакор ютолмагани учун Зокира Қодирова ва унинг дугоналарига ўша куниёқ чора кўрилди. Ва бу ҳам чемпионатимиз савиясидан даракдур жаноб журналист
&
NAVBAHOR 2020
04/06/2019 15:41
JURAEV nima 15 yilda bir bor 5 ta hol ursa termaga olaveradimi KALLANI HAM ISHLATINA AGAR U BULSA ))))))