Superliga chiptasi uchun kurashda "Lokomotiv" favorit, qolganlarchi?

  • 14 iyun, 2023, 01:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘rtaga Superliga chiptasi tikilgan pro liga musobaqasi ham o‘ylaymizki, muxlislarni bee’tibor qoldirayotgani yo‘q. Oxirgi yillarda nufuzini ancha oshirib borayotgan ushbu ligada kurash juda keskin va jiddiy tus olib boryapti.

Tecno

Chempionat boshlanmasidan oldin pro ligada bu yilgi favoritlar nomlarini hamma to‘g‘ri taxmin qila boshlagandi va amalda o‘z tasdig‘ini topyapti. Jumladan, “Lokomotiv”, “Dinamo”, “Qo‘qon-1912”, “Mash’al” kabi jamoalarning imkoniyati yuqori baholangandi. Pro ligada deyarli birinchi davra tugadi. Toshkentning “Lokomotiv” klubi 10 ta uchrashuvda 26 ochko jamg‘arib yakka peshqadam bo‘lib turibdi. 2-pog‘onada esa 9 ta o‘yin o‘tkazgan “Dinamo” boryapti. Ularning hisobida 19 ochko bor. Darvoqe, ma’lumot uchun, pro ligada ikkita o‘yin qoldirilgan. “Andijon-SGS” – “Dinamo” hamda “Aral” – “Qo‘qon-1912” ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Agar samarqandliklar g‘alaba qozonsa, “Loko” bilan o‘rtadagi ochkolar farqini 4 ta qisqartirgan bo‘ladi. Qo‘qonliklarda esa 16 ochko bor. Nukusdan 3 ochko bilan qaytishsa, bu ularni 3-o‘ringa olib chiqadi. Hozirda “Mash’al”dan keyin 4-pog‘onada borishmoqda.

qo‘qon_3

Xullas, “Lokomotiv” 8 g‘alaba va 2 durang qayd etib, mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirib kelyapti. Ochig‘i, hech kim bu klubni bir yildayoq Superligaga qaytishiga shubha qilmayapti. Pro ligada tarkibi eng kuchlisi ham “Temiryo‘lchilar”ga tegishli. Bundan tashqari, Vadim Abramov boshqaruvidagi “Dinamo” ham hali yutqazgani yo‘q. 5 g‘alaba va 4 durang qayd etdi. Agar “Dinamo”da alamli duranglar bo‘lmaganida “Lokomotiv”ga yaqinlashib olgan bo‘lardi. Shuningdek, g‘alabaga teng duranglari ham yo‘q emas. Dastlabki ikki o‘rin uchun asosiy da’vogarlar birinchi davradayoq ko‘rinib qoldi. Katta ehtimol “Mash’al” bilan “Qo‘qon-1912” 3-o‘rin uchun kurashadigandek. Chempionatni omadsiz boshlagan muborakliklar keyinchalik o‘ziga kela boshladi. Qo‘qonliklarga esa barqarorlik etishmayapti. Natijada bosh murabbiy o‘zgarganidan xabardorsiz. Davron Fayziev o‘rniga Muhsin Nizomiddinov tayinlangan. Bu jamoa ham faqat Superligani ko‘zlayapti. Ammo “Dinamo” singari duranglari ko‘payib borayotganini ta’kidlash joiz. Ikkinchi davra ayniqsa, “Qo‘qon-1912” uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

dinamo4_5

Birinchi davrani kutilganidek yakka peshqadam sifatida yakunlagan “Lokomotiv”ni ikkinchi davrada “ulov”ni qo‘ldan chiqarib yuborishiga menimcha, ko‘pchilik ishonmasa kerak. Superliga uchun birinchi raqamli da’vogar oxirigacha 1-o‘rinni o‘zida saqlab qolishi katta ehtimol. Ammo Korostichenko/Yelichich tandemidagi “Loko”ga ham oson bo‘lmayapti. Buni ularning ishtirokidagi uchrashuvlardan ko‘rish mumkin.

Ikkinchi davrada kurash yanada jiddiy tus olishi shubhasiz. “Dinamo”, “Qo‘qon-1912” va “Mash’al” Superliga chiptasini o‘ziniki qilish uchun kurashni davom ettiradilar. To‘g‘ri, “Lokomotiv” peshqadam bo‘lsa-da, hali oldiga qo‘yilgan vazifani bajargani yo‘q. Lekin, baribir ularning kuchi va sifatli o‘yinidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Superliga sari yaqin kelyapti. Shu bois ikkinchi davrada ham barqarorligini saqlab qolishi tabiiy.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!