
Superliga 10-turi haqida!
Bugundan O‘zbekiston Superligasida 10-tur boshlanadi. Bu safargi bahslardan nimalar kutsak bo‘ladi? Birma-bir tahlil qilib ko‘ramiz:
"Surxon" - "So‘g‘diyona"
Quyi oltilikdagi jamoalar jangga deyarli bir xil kayfiyatda etib kelishayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. "Surxon" 9-turda hozir "otning ustidagi" "Dinamo"ga engildi. O‘z navbatida "So‘g‘diyona" jadvalda pastki tomondan birinchi o‘rinda borayotgan "Sho‘rtan"ni o‘z uyida mag‘lub eta olmadi. Bu jizzaxliklar uchun mag‘lubiyatga teng durang bo‘ldi. Ikkala jamoa "Alpomish" arenada bir-biriga nima taklif qiladi?
Ivan Boshkovich shogirdlari asosan kuchli bolqonlik legionerlarga tayanmoqda. Ayniqsa, Lyupcho Dorievning so‘nggi mavsumlari uchun alohida maqola yozsak arziydi. Aynan mana shu hislatlarni murabbiy ustunlikka aylantira olsa va Dorievning zarbalari ko‘ngildagidek chiqib tursa, "bo‘rilar"dan nimadir kutsak bo‘ladi.
"Surxon"da yoshlik va tezkorlik uyg‘unligi bor. 9 bahsda 3 ta gol urishga erishgan Muhammadali Abdurahmonov va yana bir qator yosh hujumchilar o‘zlarining ishtiyoqi hamda tezkorligi bilan raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga urinadi. Nazdimda, bu bahsda favorit yo‘q. Ikkala jamoa ham bir-biriga teng jang taklif eta olsa kerak.
"Buxoro" - "Dinamo"
O‘tgan turda "uyqudagi "Paxtakor"ni yangi murabbiy birdan uyg‘otib yubordi. Buning kasriga Baqoev shogirdlari qolishdi. 0-6 hisobidagi mag‘lubiyat qanchalik jamoaga ta’sir qiladi, buni biz bilmaymiz. Biroq, murabbiy buni bilishi hamda jamoani yaxshi tayyorlay olishi shart. Aks holda, "Buxoro" "Sho‘rtan" bilan birgalikda quyi ligaga tushib ketishga asosiy da’vogarlardan biriga aylanadi.
"Dinamo"da esa ishlar besh. Klub jadvalda kuchli uchlikda. Bu turdagi raqibi ham g‘alaba qozonsa bo‘ladigan jamoa. Abramov nihoyat o‘rtaliqni topa oldi. Samarqandliklar o‘ta hujumkor emas, balki, moslashuvchan o‘yin namoyish etishyapti. O‘tgan turda ham raqib "Surxon"da bir necha vaziyatlar bor edi, ammo darvoza daxlsizligini saqlab qolish vazifasi uddalandi.
Endi bu bellashuvda favorit bor. Yuqori sport formadagi "Dinamo"ning tobora cho‘kib borayotgan "Buxoro" oldidagi g‘alaba imkoniyat yuqoriroq. Kamiga bellashuv Buxoroda emas, Toshkentda o‘tkazilishi ham samarqandliklarning foydasiga xizmat qiladi.
"Qo‘qon-1912" - "Nasaf".
"Chaqilmas yong‘oq"ni qanday qilib chaqish kerakligini o‘tgan turda OKMK barchaga ko‘rsatib berdi. "Nasaf" ham bu ishni eplay olish salohiyatiga ega. Biroq, Qo‘qonda muhlislar qarshisida mezbonlarni engish uncha-muncha jamoaning qo‘lidan kelmaydi. Joriy mavsum Bahrom Haydarov qarshi hujumga asoslangan aqlli futboli bilan hammaning e’tiboriga tushishga ulgurdi. Biroq, oldingi bahsda Qosimov shogirdlari bu uslubga chora topa oldi. Ro‘ziqul Berdiev ham o‘zining hujumkor taktikasi bilan ikkinchi raqamda o‘ynaydigan klubni engish yo‘lini topishi kerak.
Hafta o‘rtasida qarshiliklarning kubokdagi bahsi ham qo‘qonliklarga jismoniy tomondan sal bo‘lsa-da, ustunlik taqdim etadi. "Midweek"dagi "Paxtakor" - "Nasaf" uchrashuvi "ajdarlar"ning O‘zbekiston kubogidagi taqdirini hal qildi, qarshiliklar kubokdagi yurishini guruh bosqichidayoq to‘xtatdi. Bu dam oladigan "Qo‘qon-1912" uchun foydasiga ishlaydi. Shunday bo‘lsa-da, har qanday holatda ham 2-o‘rindagi "Nasaf" 8-pog‘onadagi "shunqorlar"dan ustunroq.
"Sho‘rtan" - "Andijon"
17 may sanasida G‘uzorda yangi murabbiylar to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. 8-turdan boshlab murabbiylikka kirishgan Eldor Moyliev ayni shu bahsdan "Andijon" ustozi sifatida Superligada ilk uchrashuvini o‘tkazadigan Maksim Shatskixga qarshi. Ikki jamoa ham ushbu uchrashuvga quyi oltilikda etib kelmoqda. Bekorga oldingi murabbiylar iste’foga chiqarilmagan ekan-da! Ko‘ramiz, qaysi vaqtinchalik murabbiy klubga g‘alaba olib kelarkin. Balki, shundan so‘ng rahbariyat ularni doimiyga o‘zgartirishni o‘ylab ko‘rar. Nazdimda, o‘yinda kichik ustunlik "Andijon" tomonida.
"Bunyodkor" - "Navbahor"
Turning markaziy uchrashuvlaridan biri "Bunyodkor" stadionida tashkil qilinadi. Kutilmaganda etakchilar orasida yurgan "Bunyodkor", bu mavsumdan sal maqsadlari pastlagan "Navbahor"ga qarshi. Uchrashuv kuchli jang ostida va gollarga bo‘y o‘tishi tahmin qilinmoqda. Bu mavsum "Navbahor" asosan Gedesh, Teydi va Augusto kabi legionerlarga tayanmoqda. Balkim, mana shu narsa ham jamoaning salbiy natijalariga ta’sir ko‘rsatayotgandir. Hujumni o‘tgan yilni yondirgan Zabihillo O‘rinboevning ham bu tsiklda olovi pastlagandek. O‘rinboev hozirgacha 2 gol va 2 assist qayd etdi. Bu o‘tgan yilgi o‘zi bilan solishtirganda ancha kam.
"Bunyodkor"da hozircha ishlar yaxshi. Ilyos Zeytullaev yosh va tajribali futbolchilar uyg‘unligini ta’minlashni uddasidan chiqyapti. "Qaldirg‘och"larda har bir pozitsiyada bittadan ko‘pni ko‘rgan, jamoani torta oladigan futbolchilar bor. Masalan, himoyada Bobur Yo‘ldoshev hamda 3 bolqonlik legionerlar. Yarim himoyada jamoa yuragi Odil Hamrobekov, Rasul Yo‘ldoshev, Alisher Odilovdan (so‘nggi kubok bellashuvdagi trivellasi alohida e’tirofga molik) tashqari gruziyalik Ashortia ham katta ko‘lamda ish bajarmoqda. Hujumda esa ajoyib to‘qqizlik hujumchilar yig‘ilib qolgan. Murabbiy Temurxo‘ja Abduxoliqov, Azizbek Omonov va Luis Kachorridan rotatsiyalar orqali bemalol foydalana oladi, foydalana olmoqda ham.
Taxminimcha, bellashuv teng kurashlar ostida kechadi, biroq "Bunyodkor" hujumchilarining tajribaliligi asqatadi. Ko‘p ehtimol ular maksimum golli vaziyatlaridan naf chiqara oladilar. Shuning uchun, bahsda mezbonlarning g‘alaba foizi yuqoriroqdek. Biroq gollar kamida 2 tadan ziyodroq bo‘lsa kerak.
"Xorazm" - "Mash’al"
Superligaga qaytgan ikki jamoa ham hali to‘liq yuqori liga havosiga moslashib olgancha yo‘q. Buni natijalar ham isbotlab turibdi. "Mash’al" 9-turdan so‘ng 11 ochko bilan 10-pog‘onada joylashgan ersa, xorazmliklar 8 bahsdan so‘ng 8-ball bilan 14-o‘rinda ketmoqda. Ikki jamoada ham aniq o‘yin stsenariysi ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Hauslar orqali klublar ochkolar olishmoqda, go‘yo. Shu sababli, bu uchrashuvda biror jamoaga ustunlik bera olmaymiz. Katta ehtimollar bilan "Xorazm" - "Mash’al" o‘yini durang bilan yakunlansa kerak.
"Qizilqum" - "Paxtakor".
"Paxtakor" Tojiev boshchiligida oltitalab gol urishga o‘rganib oldi. Navoiyda juda oltita gol urib yubormasa kerak-ku, biroq havo almashgan jamoadan yana bir nechta g‘alabalar kutilyapti, umiq qilinyapti. Kubokda "Nasaf"ni "er tishlatgani" ham klubga ustunlik beradi. Yuqori kayfiyat bilan Navoiyga boradi. "Qizilqum"ga hozircha barqarorlik etishmayapti. Bir bahsda yutsa, keyingi ikki o‘yinda yana g‘alaba qiladi, deb o‘z muxlislari ham ishona olishmayapti. Turlicha natijalar tufayli klub 9-o‘rinda borayapti. Bir tomondan tarkib ham yomonmas, terma jamoaga nomzod futbolchilar bor. Hujumda Lobjanidze, yarim himoyada Jambuli Jigauri kabi yaxshi xorijliklar to‘planga bo‘lsa-da, Nikola Lazarevich to‘liq ularni muruvvatlarini sozlay olmayapti, chog‘i. Bir so‘z bilan aytganda, bir oyog‘i bilan otning ustiga chiqayotgan "sherlar" bahsda favorit. Ishonchli g‘alabaga to‘siq bo‘ladigan harakat "Qizilqum"da kuzatilarmikin, 18 may 21-00 dan boshlab bilib olamiz.
OKMK - "Neftchi"
"Tur bahsi" deya atalayotgan o‘yin. 19 may kuni soat 20:00 da boshlanadi. Olmaliq shahrida 1 hamda 5-o‘rindagi jamoalar kurashini ko‘ramiz. To‘g‘ri, Qosimov shogirdlari "kambeklar qiroli"ga aylanib olishdi. Biroq, kambek bo‘lishi uchun klub birinchi gol o‘tkazib yuborishi kerak. Shunday ekan, OKMKda birinchi bo‘limdagi tushunmovchiliklar va himoyalanishda anchagina kamchiliklar bor. "Neftchi"ning "qotil" hujumchilari bu nozik nuqtalardan qanchalik foydalana olishi, bahs taqdirini hal qilsa kerak. Vitaliy Levchenko o‘zining Farg‘onaning bosh jamoasiga murabbiylik qilishga loyiqligini ko‘rsatish uchun yana bir imkoniyat. Bu bellashuv natijasini "Neftchi"ning qancha gol urishi hamda himoyada qanchalik bexato o‘ynashi hal qiladi. Jamoalar bitta to‘p farqi bilan 70-80 daqiqalargacha boradigan bo‘lishsa, olmaliqliklar yana remontada qilish potentsialiga ega.
Ikki klub ham hafta o‘rtasida O‘zbekiston kubogidagi g‘alabalar evaziga pley-offga chiqqanini ham qayd etish lozim. Bu ularga qo‘shimcha impuls va motivatsiya bo‘lib beradi. Tarkibdagi nomlarga qarangda endi, Suyunov, Yo‘ldoshev, Sayfiev, Iskandarov, Ro‘ziev, Aliboev, hujumda Tabatadze, Marushich. Narigi tarafda Rahmonov, Komilov, O‘lmasaliev ,To‘xtaxo‘jaev, G‘iyosov, Sobirjonov, Sanches kabi futbolchilar yig‘ilgan bahsdan nega biz olovli uchrashuv kutmasligimiz kerak. Shunda o‘yinlarda maydon yonmasa, boshqa qaysi o‘yinda yonsin!
Xulosa qilib aytganda, negadir yana OKMKda kambek bo‘ladi, deb o‘ylayapman. Tahminimcha, "Neftchi" birinchi gol uradi, lekin ikkita javob qabul qiladi.
Tur oldi o‘yinlariga biroz ko‘z yugurtirdik. Qarabsizki, turda ikkita markaziy, 6 ta o‘rta darajadagi match bor. Bilamizki, nom futbolda hamma narsani hal qilmaydi. Shuning uchun ham barcha uchrashuvni birdek ishtiyoq va qiziqish bilan kuzatishni taklif qilamiz.
Yahyoxon G‘aniev
Fikrlar
6 ta tur qoldi. Mashal jamoasi bu turlarda 8 ochko ishlaydi koʻrasizlar.
Mashʼal jamoasi borgan sari oʻsishga erishyabdi. Mavsum boshida ketma ket yirik klublar mashʼal bilan oʻynagani uchun past baho bermang.