
"Spartak"da to‘p surgan futbolchi "Metallurg"da!
Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshlagan “Metallurg” klubi selektsiya ishlarini davom ettirmoqda. Ayni paytda bosh murabbiy Andrey Shipilov o‘zining uslubiga mos tushadigan futbolchilarni ko‘zdan kechirmoqda.
Sports.uz ma’lumotiga ko‘ra, jamoaga rossiyalik legioner qo‘shilgan. Aniqrog‘i, u muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Evgeniy Makeev. Ayniqsa, uni Moskvaning “Spartak” jamoasidagi o‘yinlari orqali eslab qolgandik.
E’tiborlisi, Makeev 10 yil davomida qizil-oqlar safida to‘p surgan va Rossiya chempioni bo‘lgan. “Spartak” bilan Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etgan. Qolaversa, Rossiya terma jamoasini Dik Advokat hamda Fabio Kapello boshqargan paytlarda Makeev uch marta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan.
Bundan tashqari, 32 yoshli himoyachi “Rostov”, “Sochi”, “Rotor” hamda Armanistonning “Ararat” klublarida ham faoliyat yuritgan. Uning oxirgi jamoasi esa “Rosich” edi. Ajablanarlisi, bu klub Rossiya uchinchi divizionida ishtirok etadi.
Hozircha Makeevning yangi mavsumni “Metallurg”da o‘tkazishi hal bo‘lganmi-yo‘qmi, bunisi qorong‘u. Lekin anig‘i shuki, u bekobodliklarning mashg‘ulotlarida ishtirok etyapti.
Shuningdek, tarkibga himoyachi Akbar Ismatullaev qo‘shildi. Yodingizda bo‘lsa, u o‘tgan mavsumda Tailandning "Buriram Yunayted" jamoasida to‘p surgan. Endilikda esa Ismatullaev yana sobiq klubiga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, "Metallurg" klubi ertaga "Paxtakor"ning yoshlar jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi.
Fikrlar